Toyloqda Varganza anorlari yetishtirilmoqda

22:58 14 Iyun 2021 Iqtisodiyot
1493 0

Toyloq Samarqand viloyatining meva-sabzavotchilikka ixtisoslashgan ilgʻor tumanlaridan hisoblanadi. Bugungi kunda hududda 595 ta qishloq xoʻjaligi korxonalari mavjud boʻlib, shundan 472 tasi gʻallachilik, 18 ta chorvachilik hamda 3 tasi parrandachilik yoʻnalishiga ixtisoslashgan. 12 ming 61 gektar yer maydonida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Shundan ochiq yer maydoni 7768 gektar, 2626 gektari tokzor, 1167 gektari bogʻ, tutzorlar 465 gektarni tashkil etadi.

2021-yil hosili uchun 16859 gektar asosiy yer maydoniga sabzavot ekinlari ekilgan, 625 gektar yerda kartoshka, 62 gektarda dukkakli ekinlar parvarishlanmoqda.

Joriy yilda tumanda 140 ming tonna meva-sabzavot, kartoshka va uzum mahsulotlari yetishtirish rejalashtirilgan boʻlib, shuning 25 ming tonnasi eksportga yoʻnaltiriladi, - deydi tumani hokimining qishloq xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Norpoʻlat Mirzayev. - Yetishtirilgan hosilning 10,2 ming tonnasi zaxira uchun, 7,6 ming tonnasi urugʻlik, 46,8 ming tonnasi ichki isteʼmol uchun moʻljallangan. Shuningdek, 2021-yil tumanda 21376 ming tonna goʻsht, 25696 ming tonna sut, 7,3 tonna asal, 15 ming tonna baliq mahsulotlari va 31232 dona tuxum yetishtirish koʻzda tutilgan.

Toyloq tumani agrosanoat tizimida hayotga tatbiq etilayotgan shu kabi islohotlar bilan yaqindan tanishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Samarqand viloyat boshqarmasi tomonidan press-tur tashkil etildi.

Ishtirokchilar dastlab tumandagi «Xudoyberdiyev Ozod Shodiqulovich» fermer xoʻjaligida “Varganza anorlari”yetishtirishning sir-asrorlari bilan tanishdilar.

Bu yerda 4 gektar yer maydonida dunyoga mashhur “Varganza anorlari” yetishtirish yoʻlga qoʻyilgan. Loyihaga koʻra, anor koʻchatlari Surxondaryoning Varganza hududidan keltirilib, mahalliy iqlim sharoitiga moslashtirildi. Oʻtgan yili anordan ilk hosil yigʻishtirib olingan. Ayni kunlarda har bir tup anorda hosil choʻgʻi ancha yuqori.

— Fermer xoʻjaligimiz tomonidan anorlarni eksportga yoʻnaltirish va uni sanoat usulida qayti ishlash yuzasidan ham amaliy tadbirlar olib borilmoqda, — deydi fermer xoʻjaligi rahbari Orif Xudoyberdiyev. — Bundan tashqari shu yerning oʻzida shifobaxsh malina ham yetishtirilmoqda. Olingan hosilimiz ichki isteʼmol bozoridan tashqari, eksportga ham yoʻnaltiriladi.

Press-tur ishtirokchilarining navbatdagi manzili “Siyob Shavkat Orzu” fermer xoʻjaligi boʻldi. Ayni kunlarda fermer xoʻjaligi tomonidan tumanda 100 gektar yer maydonida intensiv bogʻ tashkil etilgan. Bu yerda 12 xil turdagi olma yetishtirilmoqda. Eʼtiborli jihati shundaki, zamonaviy bogʻ suv tejamkor texnologiya asosida sugʻoriladi. Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligi qoshida muzlatgich ham mavjud boʻlib, yetishtirilgan hosil toʻliq shu yerning oʻzida saqlanadi.

Jurnalist va blogerlar shuningdek, “Akmal Toshpoʻlatov” koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligining chorvachilik tarmogʻi, sutni qayta ishlash va meva-sabzavotlar yetishtirish borasidagi faoliyati bilan ham yaqindan tanishdilar.

Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda fermer xoʻjaligi tomonidan 300 boshdan ortiq naslli qoramollar sut va goʻsht yetishtirish uchun parvarishlanmoqda. Oʻtgan yili Ukrainadan 50 bosh zotdor sigirlar olib kelingan edi. Bugungi kunda ular yana 45 taga koʻpaydi. Shuningdek, Gollandiyadan keltirilgan 45 bosh “Golshteyn” zotli sigirlarning har biridan kuniga 40 litrdan ortiq sut sogʻib olinmoqda.

— Fermer xoʻjaligimiz qoshida sutni qayta ishlash sexi tashkil etilgan boʻlib, bu yerda bir necha xil turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqarmoqdamiz, — deydi fermer xoʻjaligi ish yurituvchisi Rajabboy Hayitov. — Yana bir ahamiyatli jihati, xoʻjaligimizda elektr toki orqali himoyalash tizimini joriy etganmiz. U mollar uchun chegara vazifasini oʻtaydi.

Koʻp tarmoqli fermer xoʻjaligida shuningdek, 10 gektar yerga yuqori hosildor kartoshka ekilgan boʻlib, uning har gektaridan 420-450 sentner hosil yigʻishtirib olish yuzasidan mehnat qilinmoqda.

Abdulaziz Yoʻldoshev
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?