Toʻyga toʻyona bilan
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga asosan joylarda “Obod xonadon – obod koʻcha – obod mahalla” mezonlarini joriy etish boʻyicha keng koʻlamli amaliy ishlarga kirishilgan edi.
Jumladan, ikki yarim oy avval Prezident Administratsiyasi, Xalq qabulxonalari, vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar vakillaridan tuzilgan Respublika ishchi guruhi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlarda Toshkent shahrining 5 ta tumanida ijtimoiy holati “ogʻir” mahallalar tanlab olinib, bunyodkorlik hamda obodonlashtirish ishlari boshlab yuborilgandi.
Natija oʻlaroq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 31 yilligi bayrami arafasida ana shunday mahallardan biri Toshkent viloyatining Qibray tumanidan poytaxtning Mirzo Ulugʻbek tumaniga qoʻshilgan “Ijodkor” mahallasida qurilish-taʼmirlash ishlari oʻz yakuniga yetkazildi.
Mahalladagi bayram tadbiri erta tongdan boshlandi. Unda Milliy Gvardiya Qoʻmondonligi tomonidan tashkil etilgan koʻrgazmali va harbiy chiqishlar, harbiy orkestr, Milliy gvardiya otliq harbiylari, “Vatanparvar” tashkiloti, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maxsus texnikalari namoyish etildi.
Tadbirning madaniy qismida nuroniy va mahalla faollari oʻz bayram tabriklari, xonanda, estrada yulduzlari va madaniyat markazlari sanʼatkorlari konsert-dasturlari bilan chiqish qilishdi. Tadbir tashkilotchilari, aholi va mehmonlar uchun tayyorlangan bayram dasturxoni atrofida samimiy suhbatlar qurildi.
Shu kuni “Ijodkor” mahallasida qator yangi inshootlar ishga tushirildi. Qariyalar uchun dam olish maskani, bolalar va kattalar uchun vork-autlar, sport va futbol maydonchalari shular jumlasidan.
Umuman olganda, oʻtgan ikki yarim oy mobaynida mahalla infratuzilmasini yaxshilash va aholiga munosib turmush tarzini yaratish maqsadida hududda ichki yoʻllarning 3 km asfalt qilindi, 5 km shagʻalllashtirildi. Shuningdek, 4,3 km yoʻlga beton yotqizilib, piyodalar yoʻlagi barpo etildi.
Qish mavsumida aholiga elektroenergiya va gaz taʼminotini barqaror yetkazish uchun 11 km uzunlikdagi yangi elektr tarmogʻi tortildi, 2 ta yangi transformator oʻrnatilib, 1 tasi taʼmirlandi, 43 ta simyogʻochlar temir beton ustunlarga almashtirildi va 30 ta koʻcha yoritish moslamalari oʻrnatildi. Bundan tashqari, 2 ta gaz taqsimlash punkti taʼmirlanib, 1 tasi yangi oʻrnatildi, 1 km uzunlikda yangi tabiiy gaz tarmogʻi tortildi, 4 km gaz tarmogʻi taʼmirlandi.
Bir necha oy avval mahalla aholisi yomgʻirli va qorli kunlarni eslashsa, koʻngliga gʻulgʻula tushar edi. Nimaga deganda, uylarining tom qismi taʼmir talab ahvolga kelib qolgan edi. Endi esa bu muammolar ham ortda qoldi. 11 ta koʻp qavatli uylarning tom qismi kapital taʼmirlandi, 14 tasining fasad qismi, 13 tasining kirish yoʻlaklari va 31 ta podyezd oynalari yangilariga almashtirildi.
Mahallada 24 ta uy-joyi taʼmirga muhtoj, oʻta ogʻir turmush sharoitida yashayotgan fuqarolarning turar joylari rekonstruksiya qilindi, kapital taʼmirlab berildi. 12 ta xonadonga esa kadastr hujjatlari rasmiylashtirildi.
Shu bilan birga, bayram tadbirlari davomida “Yashil makon” loyihasi doirasida mehmonlar va mahalla aholisi tomonidan uylarning yon-atrofiga mevali va manzarali koʻchatlar ham ekildi.
Tadbir yakunida soʻzga chiqqan nuroniylar amalga oshirilayotgan islohotlarning barchasi aholi bugungi kunidan rozi boʻlib yashashi uchun qilinayotganligini, ularning zamirida odamlarni rozi qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish maqsadi mujassam ekanligi taʼkidlandi.
Ana shunday tadbirlar respublikamizning barcha hududlarida davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring