Tinchlikning narxi qancha?

17:18 14 Sentyabr 2021 Jamiyat
1487 0

Toʻrt tomonimizni tahdid va xavf-xatarlar chulgʻab olgan hozirgi tahlikali zamonda Yer shari xuddi gʻovak daraxtning moʻrt shoxiga osilib turgan mevaga oʻxshaydi. Bu meva sal kuchliroq shamol tufayli ham oʻz bandidan chirs etib uzilib tushishi hech gap emas.

Bugun bizni nafaqat sarhadlarimiz yaqinida yuz berayotgan jangu jadallar, balki sayyoramizdan 5,5 million kilometr naridan uchib oʻtayotgan meteorit ham tahlikaga solmoqda. Yaqinginada afgʻon zaminida avj olgan harbiy harakatlar, Tojikiston va Qirgʻiziston chegarasida sodir boʻlgan qurolli toʻqnashuvlar paytida koʻpchiligimiz yurak hovuchlab oʻtirdik. Shundoqqina yon qoʻshnimiz yoki yaqin qarindoshimiz koronavirusga chalinib jon taslim qilganida, bir zum boʻlsa-da, oʻzimiz, jonu jigarlarimiz salomatligidan tashvish chekib qolganimiz ham rost. Yoki kuchli shamol turishi haqida eshitib, mashinasi ustiga daraxt qulashi yoxud uyining tomini uchirib ketishidan hayiqib, dam-badam koʻchaga quloq tutadiganlar ahvoli ham bizga maʼlum. Nega? Chunki xavotir hissi fitratimizda bor. U bizni mudom ogohlikka chorlab turadi.

Bu misollarni keltirishdan muddao nima? Gap — shu kunlarda qadri yanayam oshib borayotgan bebaho neʼmat — TINCHLIK haqida!

Senga nima kerak, ey jafokash xalq?

Oʻsha kunlarda ijtimoiy tarmoqlar “portladi”. Har bir shumxabar, har bir fojiali lavha yuraklarni larzaga soldi. 

...Kobul aeroporti arining inidek gʻuvillaydi. Bir yoqda uchogʻini qoʻriqlayotgan qurolli harbiylar avtomati bilan oʻdagʻaylagan. Boshqa tomonda xudkushlarning inson aqliga sigʻmas xunrezliklari... Yana bir tarafda “qadam bossang, otaman”, degan tahdidlar...

Lekin shundayam olomon bu manzilga oshiqaverdi. Jamodonu toʻrvaxaltalarini yelkalariga ilib olgan qariyalar, ayollaru bolalar minalashtirilgan maydondek xavfli bu zonaga “oqib” kelaveradi.

Urho-ur bilan laynerga kirib olganlarni omadi chopganlar atadik. Qolganlar ichida, hatto samolyot qanotiga, gʻildiraklariga osilib manzilga yetmoqchi boʻlganlarni kuzatdik. Uchoq zamindan koʻtarilishi bilan yerga qulab chilparchin boʻlgan u shoʻrliklar, bila turib nega jonini xatarga qoʻydi? Ular oʻsha olis Amerika diyoriga orzu-havas, molu davlat ilinjida ketayotganmidi? Aslo! Bu jafokash xalq farzandlarining izlagani ham, istagani ham bitta — tinchlik! 

Urushning boshi — oʻyin, oxiri — oʻlim! 

Qarang, Afgʻoniston tuprogʻi qirq uch yildan buyon qonli urush ichida. Bu oʻlkada jangu jadallar boshlangan yillarda yoʻrgakda yotgan bola, hozir soqoli koʻksiga tushgan 43 yashar kishi. Ammo uning bu hayotda koʻz ochib koʻrgani urush, notinchlik, xavfu xatar boʻldi. Bu baxtiqaro odam qoʻliga qalam tutib, ilm egallashni oʻrganolmagandir ehtimol, ammo avtomatdan oʻq otish, dushmanni oʻldirish ilmini suv qilib ichib yubordi. Hozir ham u tunlari qurolini mahkam quchoqlab uxlashga mahkum. Chunki bolalarining ilmu maʼrifati, taʼlim-tarbiyasi, kasbu kamolidan koʻra, jigarbandlarining tirik qolishi haqida koʻproq qaygʻurishga majbur... 

“Urushning boshi oʻyin, oxiri oʻlim”, degan naql bor xalq orasida. Afgʻoniston esa Sharq va oʻarb manfaatlari kesishgan nuqtada joylashgan. Shunday ekan, baʼzi “oʻyinchi” davlatlar bu yurtda tinchlik boʻlishidan manfaatdor emas. Sababi hozir afgʻon zaminida 200 million tonna neft va 137 milliard kubometr gaz resurslari mavjud. Birgina Haji Gek konida 240 million tonna mis hamda 428 million tonna temir zaxirasi borligi aytiladi. Oʻz davrida sovet ittifoqi geologlari bu diyor tuprogʻida tabiatda kam uchraydigan koʻplab noyob metall turlarini aniqlagan. Keyinchalik ushbu maʼlumotlarni AQSH Geologiya qoʻmitasi ham tasdiqlagan. Ayni paytda mamlakatdagi mavjud resurslar qiymati 3 trillion AQSH dollariga baholanmoqda. Qolaversa, bu yurtni narkobiznes, qurol savdosi oʻchogʻiga aylantirib, jaraq-jaraq pul ishlashni xohlovchi kuchlar qancha?..

Biz Afgʻonistondagi bugungi vaziyat xususida qozilik qilish fikridan yiroqmiz. Qolaversa, davlatimiz bu boradagi siyosiy pozitsiyasini allaqachon eʼlon qilgan. Oʻzbekiston birodar va jafokash afgʻon xalqiga, birinchi navbatda, tinchlik, xotirjamlik tilaydi. Bu zaminda farovonlik va taraqqiyot boʻlishini istaydi.

Lekin bugun biz aytmoqchi boʻlgan gap boshqa: yuz minglab, ehtimol millionlab afgʻon bolalari, yoshlari tinchlik uchun qoʻliga qurol olgan bir paytda Oʻzbekistonda 650 ming nafarga yaqin oʻgʻil-qizlar ilk bor maktab ostonasini hatlab, qoʻliga qalam tutib, “Prezident sovgʻalari”ni qabul qilib oldi. Ikki yuz mingga yaqin yigit-qizlar oliy oʻquv yurtlari talabalari safiga qoʻshildi.
Minglab afgʻon oʻgʻil-qizlari ota-onasidan, yaqinlaridan bevaqt ayrilib, baxtli hayot kechirishdan mosuvo boʻlib, koʻksida alam oʻtini yoqqanida, bizning umidli farzandlarimiz Tokioda boʻlib oʻtgan Olimpiada va Paralimpiya oʻyinlaridan boʻyniga shoda-shoda medallar taqib qaytdi. Yana yuzlab yigit-qizlarimiz Rossiyaning Qozon shahrida boʻlib oʻtayotgan MDH oʻyinlarida ishtirok etib, 100 ga yaqin gʻoliblik medallarini qoʻlga kiritdi...

Mol talash, maydon talash...

Qayerlardadir mol talash, jon talash... Yana qayerlardadir bir burda nonni boʻlisholmay yoqavayron boʻlayotganlar bor. Janubiy Kavkazda esa oʻtgan yili maydon talash boʻldi. Bir necha kun ichida Togʻli Qorabogʻ qonli Qorabogʻga aylandi. Bir yonda Armaniston, bir tomonda Ozarbayjon! Ikki davlat harbiy kuchlari oʻrtasidagi qarama-qarshilik borgan sari keskin tus oldi. Ogʻir artilleriya, tanklar, raketa va dronlar ishga tushdi. Eng yomoni, qurbonlar koʻp boʻldi. Har ikki tomondan jami 10 mingga yaqin askarlar halok boʻldi. Tinchlik sulhiga-ku oxir-oqibat erishildi. Ammo oʻrtada qurbon boʻlganlar, katta talafot va adovatlar qoldi.
Afsuski, joriy yilda bunday qonli toʻqnashuvlarga yon qoʻshnilarimiz — Qirgʻiziston va Tojikiston oʻrtasida ham guvoh boʻldik. Ikki tomonning ham vajlari qanchalik oʻrinli, sabablari naqadar asosli boʻlmasin, oʻrtaga sovuqchilik oraladi. Qanchadan-qancha qurbonlar berildi, 100 dan ziyod binolarga oʻt qoʻyildi, maktablar, bogʻchalar, doʻkonlar, mahkamalar alanga ichida qoldi. Oʻzbekiston ana shu soʻnggi mojarolar yuzasidan birinchilardan boʻlib jiddiy xavotir bildirib chiqqan davlat boʻldi. Vaziyatni tezroq oʻnglash uchun qoʻldan kelgan barcha chorani koʻrdi. Lekin, ming taassufki, oʻlganlarni ortga qaytarib boʻlmaydi.

— Alloh taolo Qurʼoni karimning “Isro” surasi, 83-oyatida tinchlik-osoyishtalik xususida shunday marhamat qilgan, — deydi Qibray tumanidagi Toʻqaytepa masjidi imom-xatibi Saydullo Mamadaliyev. — “Qachon (Biz) insonga (tinchlik, salomatlik, farovonlikni) inʼom etsak, u (shukr qilishdan) yuz oʻgirib, oʻz holicha ketur. Qachon unga (xastalik, kambagʻallik kabi) biror yomonlik yetsa, noumid boʻlur”. Paygʻambarimiz alayhissalom hadislaridan birida esa “Qaysi biringiz tongda uyqudan uygʻonganda oilasi tinch, tani sogʻ va uyida bir kunlik yeguligi boʻlsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha neʼmatlar mujassam ekan”, deganlari rivoyat qilinadi. Ushbu muqaddas bitiklardan kelib chiqadigan yakdil xulosa shunday: tinchlik va osoyishtalik — bashariyatga inʼom etilgan ulugʻ neʼmat. Boshimizga musibat yo kulfat yogʻilmasidan avval uning qadriga yetishni oʻrganishimiz lozim. Shukronalikning asl magʻzi shu aslida. Dunyoda, yon-atrofimizda yuz berayotgan voqealarni qarang. Qayerdadir masjidu qadamjolar ustiga raketalar kelib tushmoqda. Bizda esa yangi-yangi masjidlar, madrasayu ilm maskanlari qurilyapti. Qaysidir oʻlkada turarjoylar, imoratlar vayron qilinyapti. Bizda esa keyingi besh yilning ichida 140 mingdan ziyod arzon va sifatli uy-joylar qurilibdi. Shundan aksariyati turmush sharoiti ogʻir oilalarga boshlangʻich badali davlat tomonidan toʻlanib, imtiyozli shartlar asosida taqdim etilibdi. Joriy yilning oʻzida yana 50 mingga yaqin oilalar shunday imkoniyatga ega boʻlarkan. Endi oʻzingiz xolis ayting, tinchlik-osoyishtalik hukm surmagan, inson qadr-qimmati ustuvor boʻlmagan yurtda shunday oʻzgarish va yangilanishlarni amalga oshirish mumkinmi?!

Urushning murgʻak jabrdiydalari

“Bir kun janjal boʻlgan joydan qirq kun baraka qochadi”, deydi xalqimiz. Haq gap. Bu hikmatning isbotini kunda-kunora oynai jahon, internet saytlari va ijtimoiy tarmoqlar orqali koʻrib, bilib turibmiz. Ayrim davlatlardagi beqarorlik, qurolli toʻqnashuvlar oqibatida ming-minglab begunoh odamlar qoni toʻkilayotgani, yostigʻi quriyotganidan xabardormiz. Ular orasida ayollar, bolalar, keksalar eng koʻp jabr chekayotganiga nima deysiz?! Mana, shu yilning may oyida birgina oʻazo sektoridagi urushda kamida 65 nafar bola nobud boʻldi.

...Yakshanba tongi. oʻazo shahri markazidagi al-Vihda koʻchasiga Isroil zarba berdi. Raketa hujumidan Al-Kavalik oilasining 13 nafar aʼzosi vafot etdi. Qurbonlarning aksariyati bolalar, hatto biri olti oylik chaqaloq...

...Muborak juma. Hayit bayrami arafasi. Muhammad al-Hadidiyning toʻrt farzandi — 13 yoshli Suhayb, 11 yashar Yahyo, 8 yoshli Abdurahmon va endigina 6 bahorni qarshi olgan Yashar oʻazo shahri tashqarisida yashovchi amakivachchalari uyiga mehmonga borishdi. Biroq ertasi kuni ular turgan bino hujumga uchradi. Xonadon ichida boʻlganlardan faqat besh oylik chaqaloq — Umargina omon qoldi. Uni bino ostidan, onasining jasadi yonidan chiqarib olishdi. 

Xuddi shunday ayanchli kunlarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu ziddiyatlar haqida oʻz xulosasini bayon qildi: “Falastin va Isroildagi voqealar, Al-Aqso masjidi atrofidagi harakatlar haqida gapirar ekanmiz, biz faqat tinchlik boʻlishi tarafdorimiz. Albatta, har qanday masala bir stol atrofida oʻtirib, murosa qilinsagina hal boʻladi”.

— Urush va notinchlik hukm surayotgan mamlakatlarda odamlarning kelajakka boʻlgan ishonchi soʻnadi, — deydi poytaxtimizdagi “Yangiobod” MFY raisi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Manzura Valiyeva. — Chunki qonli toʻqnashuvlar yuz berayotgan davlatlar iqtisodiy-ijtimoiy jihatdan ellik yil, balki undan ham koʻproq orqaga ketishi bor gap. Shularni yanada teranroq anglatish maqsadida tunov kuni nabiralarimni “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga olib bordim. Mustaqillik monumentini koʻrsatdim. Majmuada buyuk sarkarda va jahongirlar, alloma hamda mutafakkirlar, jadid bobolarimizning oʻlmas siymolari aks ettirilibdi. Mustabid tuzum davridagi ogʻir va mashaqqatli hayot, qatagʻon siyosati, Ikkinchi jahon urushida xalqimiz koʻrsatgan jasorat va matonat taʼsirchan lavhalarda jamlanibdi. Bularning barchasi xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimizni tinch va farovon hayotimizni yanada qadrlab yashashga daʼvat etishi kerak.

Osoyishta yurtga bayramlar yarashadi, deymiz. Bu — balandparvoz gapga oʻxshar ehtimol. Ammo bugun yurtimizda 2017-yildagiga nisbatan jinoyatlar soni 12 mingtaga kamaygani, joriy yilning olti oyi yakuniga koʻra, mavjud 9 ming 251 ta mahallaning 50 foizida bironta ham jinoyatga yoʻl qoʻyilmagani juda quvonchli natija emasmi?! Buning qadrini daydi oʻq kelib manglayini teshishidan, xonadoni bombalar ostida qolib ketishidan xavotirlanib va murgʻakkina goʻdagining yigʻisini yana bir bor eshitish umidi bilan yashayotganlar yanada teranroq anglasa, ne ajab?!

Oʻt balosidan, suv balosidan asrasin!

Bu yilgi yoz har qachongidan issiq keldi. Shunday pallalarda Eronda ham kuchli qurgʻoqchilik kuzatildi. Kunduzlari koʻchaga chiqish imkonsiz. Suv taqchil, chiroq ham tez-tez oʻchmoqda. Mamlakat ahli esa ketma-ket oltinchi tunki, koʻchalarga chiqib, hukumatdan suv talab qilayotir.

Shu tariqa norozilik namoyishlari avj oldi. Politsiya yigʻinga chiqqanlarni koʻzdan yosh sizdiruvchi gaz bilan haydadi. Huziston, Izeh va Shodigonda toʻrt yigit oʻqotar quroldan yaralanib, vafot etdi. Huziston soʻnggi ommaviy namoyishlar markaziga aylandi. Xabarlarga koʻra, oʻsha kunlari bu yerda 700 dan ortiq turarjoy mavzelari suv taʼminotidan uzilib qolgan.

Bu kabi koʻngilsizliklarni yil davomida boshqa mamlakatlarda ham kuzatdik. Gaitida yuz bergan 7,2 ballga teng zilzila 2 ming odamning umriga zomin boʻldi, 10 ming odam jarohatlandi, 100 mingdan ziyod binolar vayron boʻldi.

Germaniya gʻarbida yuz bergan suv toshqinlari esa oʻsha kunlarda 200 nafarga yaqin kishilarni hayotdan olib ketdi. Mingdan ziyod odamlar bedarak yoʻqoldi. 40 mingga yaqin avtomobillar shikastlandi, 10 mingta turarjoyga zarar yetdi. Mamlakat birgina sanoat sohasida 6,5 milliard AQSH dollari miqdorida ziyon koʻrdi.

Xuddi shunday tabiiy ofat turi Rossiya, Ispaniya va boshqa mamlakatlarda ham kuzatildi. Hatto Oʻzbekiston ham bu yil kuchli yogʻingarchiliklar tufayli kelib chiqqan sel toshqinlaridan jiddiy talafot koʻrdi.

Turkiyada avvalroq yuz bergan suv toshqinlari yuzga yaqin odamlarning hayotiga nuqta qoʻygan boʻlsa, qariyb 100 ming gektar maydondagi oʻrmon yongʻinlari oʻnga yaqin insonlar umriga zomin boʻldi.

— Keksalarimiz suv va oʻt balosidan asrasin, deb duo qilishi bejiz emas, — deydi Kattaqoʻrgʻon tumanining Moʻminxoʻja mahallasida yashovchi 83 yoshli otaxon Mamatkarim Aslonov. — Hozir dunyoda boʻlayotgan tabiiy ofatlar haqida eshitib, yuragim ezilib ketadi. Biz qiyin davrlarda yashaganmiz. Ogʻzimiz oshga yetganidan xursand edik. Maktabga akamiz yo opamizning yirtiq kalishini sudrab borsak ham, hayotimizdan nolimaganmiz. Hozir esa yoshlar uchun hamma narsa muhayyo. Mana, nabiralarimdan biri Amerikada oʻqiyapti. Yana biri kecha qaysidir xalqaro universitetga kirdim, deb suyunchilab keldi. Oʻgʻillarimning hammasi uyli-joyli, mashinali. Kasb-koriga baraka bersin! Lekin kuzatsam, hozirgi avlod juda sabrsiz boʻlib borayotganday. Shukr qilishni ham bilish kerak, deymanda, bolam. Xudoning qahri kelmasa, boʻldi...

“Fitna nazariyasi” qurbonlari...

Ikkinchi jahon urushida sayyoramizdagi mavjud 73 davlatdan 61 tasi ishtirok etgan. 110 milliondan ziyod askarlar jalb qilingan jangu jadallarda 25 millionga yaqin harbiylar halok boʻlgan. Bu — insoniyat tarixidagi eng mudhish urush oqibatlariga doir muxtasargina maʼlumot.

Ammo ikki yil avval bashariyat roʻbaroʻ kelgan СOVID-19 atalmish ofat koʻlami bundan ziyod boʻlsa borki, aslo kam emas. Qarang, Ikkinchi jahon urushida jami 73 davlatdan 61 tasi ishtirok etgan boʻlsa, koronavirus Yer yuzining barcha hududini toʻliq qamrab oldi. 225 million kishi shu xastalikka chalindi. Kasallikdan vafot etganlar soni esa qariyb 4 million 700 ming nafarga yetdi. Eng yomoni, bu ofat millat ham, mamlakat ham, naslu nasab ham tanlab oʻtirgani yoʻq, uchraganning boʻgʻziga yopishyapti. Pandemiya qayerdadir bir muddat susayganday boʻldi-yu, qayerdadir avj olaverdi.
Mana, bir necha oy oldin internetda tarqalgan xabardan iqtibos keltiramiz: “...Indoneziyada ahvol ogʻir. “Kovid”dan oʻlganlarni tuproqqa qoʻyish uchun odam ham, qabriston ham yetishmayapti. Bir kun oldin ikki mingdan ortiq oʻlim holatlari kuzatildi va kunlik rekord qayd qilindi. Kasallik yuqtirish koʻrsatkichlari ham oshdi.

Oʻt oʻchiruvchilar va politsiya xodimlari uyda oʻlayotganlarning jasadlarini dafn etishga jalb qilindi. Ularning koʻpchiligi allaqachon toʻlib qolgan shifoxonalardan ortga qaytarilgan. Hukumat Jakartaning oʻzida СOVID-19 qurbonlari uchun kamida 7 ta qabriston tayyorladi”.

Shukrki, Oʻzbekiston pandemiya bilan bogʻliq sinovlarni mardonavor yengib oʻtmoqda. Asta-sekin kasallanish koʻrsatkichlari ham pasaymoqda. Davlatimiz buning uchun mavjud kuch va imkoniyatlarni toʻliq safarbar etdi. Trillionlab mablagʻlar pandemiya sharoitida yurtdoshlarimizni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirildi.

Muhimi, bugun koronavirusga qarshi taʼsirchan vositalar bor. Vaksina zaxiralari yetarlicha gʻamlab qoʻyilayotir. Lekin shunga qaramay, oramizda COVID-19 bir chetda qolib, “fitna nazariyasi” qurboniga aylanayotganlar koʻpayib borayotgani achinarli. “Emlansangiz, oʻlasiz”, “Vaksina tarkibida chip bor ekan” qabilidagi yolgʻon-yashiq xabarlar, uydirmalar, hatto baʼzi aqlu hushi joyida insonlar ongini ham zaharlab ulgurgani barchamizni tashvishga solmay qoʻymaydi.

“Fitna nazariyasi”da “qudratli shaxslarning yashirin guruhi tomonidan ishlab chiqilgan yovuz reja” yuqori taʼsir kuchiga ega boʻladi, — deydi Londondagi Open universiteti olimi Jovan Biford. Yana uning qayd etishicha, bu nazariya “ommani avrash” yoki “manipulyatsiya” qilish, ilm-fan, hukumat yoki media tashkilotlar orqali amalga oshirilishi mumkin.

Shu oʻrinda keksa hind donishmandining nabirasiga bergan oʻgiti yodga tushadi:
— Har bir odam vujudida ikki boʻrining kurashiga oʻxshash jang ketadi. Bitta boʻri yovuzlikni anglatsa, boshqa boʻri yaxshilikni ifodalaydi.
Bobosining soʻzlaridan ajablangan nabira soʻraydi:
— Oxirida qaysi boʻri gʻolib chiqadi?
Keksa hind tabassum bilan javob qiladi:
— Sen boqqan boʻri doim gʻalaba qozonadi, bolam.

Qissadan hissa shuki, bugun Oʻzbekiston yangilanish davriga qadam qoʻygan. Davlatimiz ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosat yuritib kelayotir. Oʻtgan qisqa davrda erishganlarimiz koʻp. Kelgusida hal etiladigan muammolarimiz ham talaygina. Buni davlatimiz rahbarining oʻzi tan olib aytmoqda. Ammo hamjihat boʻlmas ekanmiz, oldinga siljishimiz juda qiyin kechadi. Tirnoq ichidan kir qidirish oson. Ammo shu yurt ravnaqi uchun bir ish qilishga qodir boʻlmasak, bora-bora, tarqoq elga aylanamiz. Dushman mahv etish uchun izlaydigan nozik nuqtalardan biri — aynan shu! Jilla qursa, Vatanimizdagi tinchlik-osoyishtalikning qadriga yetishimiz shart! Zotan, ichimizdagi yovuz boʻrini oʻldirish fursati keldi.

Farrux BOʻTAYEV,
jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?