Tilsiz tilsim

16:01 04 Mart 2026 Jamiyat
233 0

Bugun qoʻlimizdan tushmayotgan, bir qarashda hayotimizni yengillashtirayotgandek tuyuladigan telefon aslida koʻpchiligimizni sezdirmay oʻz domiga tortmoqda. U gapirmaydi, ammo buyuradi. U chaqirmaydi, ammo oʻziga tortadi. Shu bois ham telefonni “tilsiz tilsim” deb atash mumkin. Avvallari telefon aloqa vositasi edi: uzoqdagilar bilan gaplashish, xabar almashish uchun xizmat qilardi. Bugun esa u butun bir dunyoni oʻz ichiga olgan maydonga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlar, oʻyinlar, videolar, yangiliklar — bularning barchasi insonni real hayotdan sekin-asta uzoqlashtirmoqda. Eng xavflisi, bu jarayonni koʻpchilik sezmayapti.

Telefonga qaramlik yosh tanlamaydi. Kattalar ish bahonasida ekranga qadalib qolsa, bolalar va oʻsmirlar uchun telefon koʻngilochar oʻyinchoqqa aylangan. Natijada oilaviy suhbatlar qisqaradi, bir dasturxon atrofida oʻtirgan odamlar ham bir-biri bilan emas, oʻz telefonlari bilan “muloqot” qilmoqda. Bu esa insonlar oʻrtasidagi mehr, eʼtibor kabi baʼzi bir tuygʻularni asta-sekin soʻndirmoqda.

– Telefonga haddan tashqari bogʻlanishning salbiy oqibatlari koʻp, –deydi Shirin shahar tibbiyot birlashmasi shifokori Abdulaziz Mustafoqulov. – Bu haqda bila turib ham shunday qilishda davom etmoqdamiz. Avvalo, bu holat inson salomatligiga taʼsir qiladi: koʻzlar tez charchaydi, uyqu buziladi, asabiylik kuchayadi. Bundan tashqari, diqqatni jamlash qiyinlashib, oʻqish va ish samaradorligi pasayadi.

Smartfon orqali virtual olamga shoʻngʻib ketish natijasida ayniqsa, ayrim yoshlar vaqtni behuda sarflab maqsad va orzular tomon harakat qilishda sustkashliklarga yoʻl qoʻymoqda. Yana bir muhim jihat — ruhiy holat. Ijtimoiy tarmoqlardagi sunʼiy “mukammal hayotlar”ni koʻrgan inson oʻz hayotidan qoniqmay qoʻyishi mumkin. Bu esa tushkunlik, oʻziga boʻlgan ishonchsizlik hissini kuchayishi kabi muammolarni keltirib chiqaradi. Aslida esa koʻplab suratlar va videolar haqiqatni emas, bezatilgan bir lahzani aks ettiradi.

– Bolalarning virtual olam, xususan, telefon oʻyinlari bilan band boʻlib qolishi avvalo ularning xotirasiga, qolaversa, fikrlashi va darslarni oʻzlashtirishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, – deydi Guliston tumanidagi 7-umumtaʼlim maktabi oliy toifali oʻqituvchisi Lobar Roʻzimuhammedova. – Buni biz pedagoglar amaliyotda koʻp kuzatyapmiz. Masalan, Oʻtgan yili oʻzim taʼlim berayotgan 2-sinfda oʻtkazgan “Bir hafta telefonsiz hayot” tajriba-sinovimizga koʻra ota-onalar bir hafta davomida telefon bilan band boʻlmay, farzandlari bilan birgalikda faqat mutolaa bilan shugʻullandi. Oʻqish uchun besh nomdagi adabiyot tavsiya etildi. Natijada ular bu bilan oʻquvchi farzandlariga kitobxonlik boʻyicha oʻrnak boʻlish barobarida mutolaaning naqadar foydali ekanligini oʻzlari ham yana bir bor anglab yetdilar. Eng muhimi, farzandlarining taʼlim-tarbiyasiga yetarli vaqt ajratadigan boʻlishdi.

Albatta, muammo faqat telefonning oʻzida emas, undan foydalanish madaniyatidadir. Telefon hayotimizga xizmat qilishi kerak, hayotimizni boshqarmasligi lozim. Vaqtni rejalash, ekran qarshisida oʻtirishni cheklash, oilaviy va doʻstona suhbatlarga koʻproq eʼtibor qaratish — bular telefonga qaramlikdan qutulishning oddiy, ammo samarali yoʻllaridir.

Telefon — kuchli vosita. U bilim manbai ham boʻlishi mumkin, vaqt oʻgʻrisi ham. Tanlov esa har birimizning qoʻlimizda. Agar biz uni boshqara olsak, telefon foyda keltiradi. Aks holda, u bizni real hayotdan uzib qoʻyadigan “tilsiz tilsim”ga aylanib qolaveradi.

Mushtariy TOSHPOʻLATOVA,

Halima Xudoyberdiyeva nomidagi

ijod maktabining bitiruvchisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?