Tili borlar emas, tilni bilganlar gapirsin...
Yaqinda bir bilim dargohida boʻldik. Shioru pannolar eʼtiborimizni tortdi.Ular xatolardan xoli emasdi. Oʻqituvchilarning oʻzaro soʻzlashuviga quloq tutdik. Muallimlar oʻz nutqlarida ajnabiy soʻzlardan foydalanishar va bu ular uchun odatiy holga aylangani yaqqol sezilib turardi. Shunda beixtiyor yodimizga oʻtgan asrning 70 yillari, zabardast olim Mustaqim Mirzayev yodimizga tushdi.
Oʻshanda ochigʻi, kitoblar, davriy nashrlar chop etilayotganida ularning oʻquvchi qoʻliga imloviy xatolarsiz yetib borishiga jiddiy yondashilar, televideniye, radio orqali beriladigan koʻrsatuv, eshittirishlar materiallaridagi oʻzbek tili sofligiga eʼtibor baland edi. Biroq, muhtaram ustozimiz har kuni respublikamizdagi obroʻli nashriyot, tahririyat, televideniyega maktub joʻnatib, ularning xatolarini koʻrsatishdan erinmasdi. Soha masʼullarini tilni ardoqlashga, soʻzlarni oʻz oʻrnida ishlatishga undar, hushyorlikka daʼvat etardi.
Buxoro davlat pedagogika instituti ( hozirgi BuxDU) da faoliyat yuritgan filologiya fanlari doktori Mustaqim Mirzayev hozir hayot boʻlganida ona tilimizga boʻlgan munosabat, ogʻzaki va yozma nutqlardagi xatolarni koʻrib, qanday ahvolga tushardi, deya oʻylanib qolasan, kishi.
“Til — millatning qalbi. Til — gʻoya, tuygʻu, tafakkurning jonli mujassamidir”, degan edi buyuk adib L. Tolstoy.
Bugun tilimiz millat gʻururi,tafakkurning jonli mujassami boʻlyaptimi?
Garchi, yurtimizda oʻzbek tilini himoya qilish uchun maxsus Qonun va qarorlar chiqqan, 21-oktyabr oʻzbek tili bayrami sifatida nishonlanayotgan boʻlsa- da, ona zabonimizga eʼtiborni tubdan qayta koʻrib chiqqanimizcha yoʻq. Mana,televizor qoʻyamiz. Toʻrt-besh yosh-yalang chiqib soʻzlarni buzgan holda shevada talaffuz qilaveradi. “Hoy, toʻxta!» deydigan mard yoʻq. Meʼdaga tegib ketadigan reklama va eʼlonlardagi tilbuzarlarning xatolarini aytmaysizmi?
Hozir kitob chiqarish musobaqaga aylangan. Bor boʻlgur nashriyotdagilar kitob chop etmoqchi boʻlganlarni quchoq ochib kutib oladi. Lekin “chalajon”,“ ”bechora“ kitoblarni varaqlab ”dod” deysiz! Ana xatoyu, mana tilni xor etish!..
Ijtimoiy tarmoqlardagi yozishmalar, mulohazalar va boshqa allambalolar tilni buzish emas, balki yer bilan yakson qilishning yeng yuqori choʻqqisiga chiqdi.Chunki ularni hech kim nazorat qilmaydi. Soʻkinadimi, ajnabiy soʻzlarni aralashtirib gapiradimi, xato yozadimi, baribir!
Boshqacha aytganda, tilni bilganlar emas, tili borlar gapiryapti.
Soʻzlarni buzib, notoʻgʻri talaffuz etayotganimiz, ijtimoiy tarmoqlar, televideniye, radio, OAV hamda kitoblardagi imloviy xatolar, gʻaliz jumlalar tilimizni behurmat qilishdan boshqa narsa emas. Vaholanki, u — serjilo, jozibador, boy. “Oʻzbek tili kambagʻal emas, balki oʻzbek tilini kambagʻal deguvchilarning oʻzi kambagʻal. Ular oʻz nodonliklarini oʻzbek tiliga toʻnkamasinlar”, degan edi bundan yuz yillar avval Abdulla Qodiriy.
Nazarimda, hozir Qodiriydek, Mustaqim Mirzayevdek tilimiz fidoyilari yetishmayapti.
Maxfirat ATOYEVA,
Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
- Berlinda Navroʻz: Yangi Oʻzbekiston madaniyatining jahon sahnasidagi munosib taqdimoti
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring