Termiziylar diyori, alplar yurti – Surxondaryo!
Maʼlumki, islom olamining moʻtabar va ulugʻ allomalaridan biri boʻlgan Abu Iso Muhammad at-Termiziy hazratlari Sharq olamining benazir mutafakkiri sifatida eʼzozlanib kelinadi. Bu zoti sharifning asarlari bugungi kunda ham musulmon davlatlari dorilfununlarida darslik sifatida qoʻllaniladi.
Surxondaryo... Ana shunday Termiziylar diyori, alpomishlar yurti sifatida tanilgan. Keyingi yillarda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari vohani har taraflama yuksaltirib, farovon goʻshaga aylantirmoqda. Jumladan, qadimiy va maftunkor vohaning turistik salohiyatini oshirishga qaratilayotgan eʼtibor viloyatni dunyoga keng tarannum etishga qulay muhit yaratmoqda. Uygʻonish damlarida davlatimiz rahbarining Surxondaryoga tashriflari vohaliklar qalbini ishonch va gʻururga toʻldirgani ayni haqiqat.

Termizda yapon bogʻi quriladi
– Mamlakatimiz rahbari turizmni yuksaltirish, milliy qadriyatlarni tiklash, rivojlantirish, madaniy merosni, ayniqsa, tarixiy-meʼmoriy obidalarni kelgusi nasllarga yetkazish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berdilar, – deydi Surxondaryo viloyati hokimi oʻrinbosari Joʻrabek Toʻrayev. – Vohada turizm orqali katta iqtisodiy natijalarga erishish mumkinligi, hatto yillik tushumni 1 milliard dollargacha yetkazish imkoniyati borligini alohida taʼkidladilar. Yaponiya turoperatorlari bilan hamkorlikda yangi marshrutlar ishlab chiqish, muzey, oʻzbek-yapon oshxonasi va Yapon bogʻini barpo etish kabi loyihalarni amalga oshirish vazifalari belgilab berildi. Yapon bogʻini barpo etish tashabbusi nafaqat turizmni rivojlantirish, balki madaniy aloqalarni mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. Hozirgi kunda ushbu loyiha yuzasidan amaliy ishlar jadal surʼatlarda olib borilmoqda, uni mazmunan boyitish va zamonaviy meʼmoriy yechimlar asosida takomillashtirish boʻyicha tegishli choralar koʻrilmoqda.

Toshlar orasidagi qishloq – Sangardak
Aslida Surxondaryoning turistik jozibasi kecha yoki bugun paydo boʻlgan emas. Uning ildizlari ming yillik tarixga borib taqaladi. Bugun shu boy meros zamonaviy infratuzilma va yangi loyihalar bilan uygʻunlashib, mutlaqo yangi qiyofa kasb etmoqda.

Xususan, Prezidentimizning 2024-yil 16-dekabrdagi “Surxondaryo viloyatining togʻli-rekreatsion hududlarida turizm infratuzilmasini yaxshilash hamda zamonaviy xizmat koʻrsatish va turizm obyektlarini barpo etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida viloyatning Sariosiyo, Boysun va Jarqoʻrgʻon tumanlarida yirik turistik hududlar shakllantirilmoqda. Ularning umumiy maydoni 945,5 gektarni tashkil etib, bu hududlarda 26 ta mehmonxona, 4 ta oilaviy mehmon uyi, 2 ta bungalo zonasi, zamonaviy avtoturargohlar, piknik zonalari, koʻpriklar, savdo va madaniy hordiq maskanlari barpo etilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, sanatoriy, restoran, bolalar bogʻchasi va suvni tozalash inshootlari kabi obyektlar ham quriladi. Loyihalarga jami 1 trillion 604 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilishi koʻzda tutilgan. Ushbu tashabbuslar natijasida yiliga 50,5 million dollarlik iqtisodiy samaraga erishish va 753 nafar aholini doimiy ish bilan taʼminlash imkoni yaratiladi.

Ayniqsa, Sangardak, Omonxona va Obihayot kabi maskanlar bugungi oʻzgarishlarning yorqin namunasiga aylanmoqda. Masalan, togʻlar orasidagi qishloq – Sangardak hududidagi loyihaning oʻzi 887,7 milliard soʻmga baholanib, 400 dan ortiq ish oʻrni yaratilishi kutilmoqda. Omonxona turistik markazi 408,5 milliard soʻmlik 20 ta lotdan iborat boʻlib, qariyb 200 kishining bandligi taʼminlanadi. Obihayot markazi esa 308,5 milliard soʻmlik loyiha sifatida 110 gektar maydonni qamrab oladi.

Bu raqamlar ortida faqatgina iqtisodiy koʻrsatkichlar emas, balki butun boshli hududlarning yangi qiyofasi mujassam. Ushbu turistik zonalarda 33,5 kilometr yoʻl tarmoqlari yangilanishi, 42 kilometr suv tarmogʻi qurilishi, 17,5 kilometr elektr tarmoqlari modernizatsiya qilinishi va 27 kilometr aloqa liniyalari barpo etilishi koʻzda tutilgan. Bu esa sayyohlar uchun qulayliklar yaratish bilan birga, mahalliy aholi hayot sifatini ham oshiradi.

Togʻli hududlarda qurilayotgan osma dor yoʻllari esa vohaning turistik jozibasini yanada oshiruvchi muhim loyihalardan. Omonxonadagi ikki yoʻnalish 4,21 va 3,85 kilometr masofani qamrab olsa, Sangardakda 1,8 kilometrli dor yoʻli barpo etilmoqda. Bu kabi inshootlar sayyohlarga nafaqat qulaylik, balki unutilmas taassurotlar taqdim etadi.

Tuz bilan davolash maskani
Jarqoʻrgʻon tumanidagi Oqtepa suv ombori negizida shakllanayotgan Obihayot turistik markazi vohada suv turizmini rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab bermoqda. Tabiiy manzaralar, yovvoyi tabiat, qushlar va baliqlarga boy hududda zamonaviy plyajlar, kuzatuv maydonchalari va madaniy hordiq zonalari tashkil etilmoqda. Loyihada “yashil energiya”dan foydalanish nazarda tutilgani esa uning zamonaviy yondashuvlar asosida amalga oshirilayotganini koʻrsatadi.

Surxondaryo turizmi bugun faqatgina mavjud imkoniyatlar bilan cheklanib qolmayapti. U yangi gʻoyalar, xalqaro hamkorlik va innovatsion yechimlar bilan boyib bormoqda. Yapon bogʻi kabi loyihalar, yangi turistik marshrutlar va madaniy tashabbuslar vohaning jahon sayyohlik bozoridagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qiladi. Sherobod tumanidagi Xoʻjaikon tuz koni hududida Eronning “Kapa yurt salt taun” kompaniyasi Germaniyaning “Bizayla” kompaniyasi bilan hamkorlikda qiymati 50 million dollarlik “Salomatlik turizmi” shaharchasi barpo etilayotgan quvonarli hol. 1200 metr balandlikdagi shifobaxsh tuz gʻori negizida esa tibbiy, eko va ziyorat turizmini uygʻunlashtirgan yangi maskan yaratilib, yiliga 200 minggacha sayyohni jalb etish hamda 250 dan ortiq ish oʻrni yaratish imkonini berishi vohaning ochilmagan salohiyatini yana bir bor namoyon etmoqda.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Toshkent viloyatida Abdulla Oripov uy-muzeyi ochildi
- “Oʻzgidromet” shoshilinch ogohlantirish eʼlon qildi
- Fargʻonada Navroʻz: tinch-osoyishta hayot zavqi, dorilamon kunlar shukronasi...
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring