Termizda yashillik oshdi
Sunʼiy yoʻldosh monitoringlari va ochiq manbalar tahlili Termiz shahrida soʻnggi 5–10-yil davomida ekologik vaziyat izchil yaxshilanib borayotganini koʻrsatmoqda.
Tahlillarga koʻra, shahardagi yashil hududlar maydoni sezilarli darajada kengayib, daraxtzor va koʻkalamzor maskanlar ulushi barqaror oʻsish surʼatini namoyon etmoqda.

Xususan, markaziy koʻchalar, aholi yashash massivlari va yoʻlboʻyi hududlarda amalga oshirilgan koʻkalamzorlashtirish ishlari natijasida shahar manzarasi sunʼiy yoʻldosh tasvirlarida avvalgi yillarga nisbatan ancha “yashil” tus olgani yaqqol koʻzga tashlanadi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida minglab daraxt va manzarali koʻchatlar ekilgani bu oʻzgarishlarning asosiy omillaridan biri boʻlmoqda.

Mutaxassislar maʼlumotlariga koʻra, “yashil belbogʻ”larning yaratilishi natijasida changli shamollar soni ham qisqargan. Agar 2010-yilda shamol tezligi 15 metr/sekund va undan yuqori boʻlgan kunlar 42 kunni, 2020-yilda 45 kunni tashkil etgan boʻlsa, 2025-yilning oʻtgan davrida bu koʻrsatkich 28 kungacha kamaygan. Bu esa yashil hududlarning havo sifatini yaxshilashdagi amaliy samarasini koʻrsatadi.

Irrigatsiya tarmoqlarini yaxshilash, ichki kanal va ariqlarni muntazam tozalash, bogʻ va xiyobonlarni kengaytirish ishlari ham yashillikning uzoq muddat saqlanishini taʼminlamoqda. Mazkur chora-tadbirlar natijasida shaharda havodagi chang miqdori kamayib, aholi uchun yanada sogʻlom va qulay muhit shakllanmoqda.

Sunʼiy yoʻldosh qayd etayotgan ushbu ijobiy koʻrsatkichlar Termiz shahrida atrof-muhitni muhofaza qilish borasida olib borilayotgan ishlar samarali ekanini, yashillik esa shahar taraqqiyotining muhim mezoniga aylanayotganini tasdiqlamoqda.

Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Sohibqironning bolalik va oʻsmirlik davrlariga bagʻishlangan “Temurbek” nomli tarixiy qissa taqdimot qilindi (+fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
- Amir Temur xotirasiga yuksak ehtirom koʻrsatildi
- Telegram bir sutka ichida 100 mingdan ortiq kanal va guruhlarni blokladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring