Temuriylar davri harbiy sanʼatiga bagʻishlangan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi

00:36 09 Aprel 2025 Jamiyat
207 0

Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Maʼnaviyat va madaniyat departamentida “Amir Temur va Temuriylar davri harbiy sanʼati: lashkarning maʼnaviy-axloqiy va jangovar tayyorgarligi masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Konferensiyada xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan harbiy attashelari, taniqli olimlar, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi va oliy taʼlim muassasalarining akademik va professorlari, Qurolli Kuchlar akademiyasi professor-oʻqituvchilari, mamlakatimiz oliy harbiy taʼlim muassasalaridan harbiy tarix boʻyicha yetuk mutaxassislar, kinoijodkorlar, yoshlar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirni Oʻzbekiston Respublikasi mudofaa vaziri general mayor Shuxrat Xalmuxamedov kirish soʻzi bilan ochib berar ekan, ilmiy-amaliy konferensiyaning maqsad va vazifalariga toʻxtalib oʻtdi. Jumladan, Oʻzbekiston Qurolli Kuchlarida gʻoyaviy jihatdan yetuk, yuksak intizom va masʼuliyat hissiga ega, milliy qadriyatlarga sodiq, vatan ravnaqi uchun jang-u jadallarga tayyor boʻlgan yangi avlod harbiy xizmatchilarini tarbiyalash, temuriylar merosini harbiy taʼlim va tarbiya tizimining ajralmas qismiga aylantirish muhim vazifa qilib belgilanganini taʼkidladi.

Konferensiya doirasida “Amir Temurning jang strategiyasi”, “Amir Temur va temuriylar davrida ijtimoiy, madaniy va harbiy-siyosiy vaziyat”, “Amir Temurning qalʼalarni egallash mahorati” kabi oʻnlab mavzular muhokama qilindi. Maʼruzachilar oʻz chiqishlarida Temuriylar davrida shakllangan harbiy sanʼat, harbiy strategiya va davlatchilik asoslarini chuqur tahlil qilish, ularni zamonaviy harbiy taʼlim, tarbiya va tayyorgarlik jarayonlariga integratsiyalash imkoniyatlarini oʻrganishga alohida eʼtibor qaratdi.

Darhaqiqat, Amir Temurning boy harbiy va maʼnaviy merosi nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarida, balki Yevropa va boshqa gʻarb davlatlarida ham chuqur tadqiq etilayotganligi katta hodisa sifatida baholanmoqda.

Bunday konferensiyalar orqali nafaqat temuriylar davrining harbiy tajribasini xolis oʻrganish, balki ushbu tarixiy merosni zamonaviy mudofaa va xavfsizlik tizimidagi konsepsiyalar bilan uygʻunlashtirish imkoni yaratiladi. Bu esa milliy armiya va harbiy sohadagi ilmiy tadqiqotlarning yangi bosqichga chiqishiga zamin yaratadi.

Tadbir doirasida ilmiy maʼruzalardan tashqari turli muhokamalar, tarixiy hujjatlar va artefaktlar koʻrgazmasi, maxsus nashrlar taqdimoti ham tashkil etildi. Albatta, bunday yirik xalqaro ilmiy-amaliy anjumanning oʻtkazilishi nafaqat Amir Temur merosini ilmiy jihatdan tadqiq etish, balki Oʻzbekistonning tarixiy merosini jahon miqyosida tanitishda ham muhim qadam boʻlib xizmat qiladi.

Konferensiyaning badiiy qismida Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli, “Turon” harbiy teatri, Mudofaa vazirligi qoʻmondonligiga qarashli harbiy xizmatchilar hamda Mudofaa vazirligi Alohida koʻrgazmali-namunali harbiy orkestr ijodkorlari tomonidan tayyorlangan badiiy-ijodiy dastur namoyish etildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер