Tashqi qarz: maqsad nima, natija-chi?

11:57 19 Mart 2021 Iqtisodiyot
1071 0

Bugungi kunda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizga chetdan jalb qilingan mablagʻlar, yaʼni tashqi qarz toʻgʻrisida turli munosabatlar bildirilyapti. Ayniqsa, ayrim fuqarolarimizda tashqi qarz nimaga kerak, ertaga uni kim toʻlaydi, nima hisobidan toʻlaymiz, degan fikrlar ham uchramoqda.

Eng avvalo, chetdan jalb qilingan mablagʻlar va undagi davlat tashqi qarzining miqdoriga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, umumiy tashqi qarz 2021-yilning 1-yanvar holatiga 23,3 milliard dollarni yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 40,4 foizni, shundan davlat nomidan jalb qilingan tashqi qarz 21,1 milliard dollarni yoki YAIMga nisbatan 36,5 foizni tashkil qiladi. Bu koʻrsatkichlar Jahon banki, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari tomonidan xalqaro meʼyorlar doirasida, yaʼni “xavflilik darajasi past” deb baholanmoqda.

Raqamlarni boshqa davlatlar bilan solishtirishdan yiroqmiz. Mutaxassis sifatida milliy manfaat va shart-sharoitlarimizdan kelib chiqib chamalaganimiz va qarzni qaysi maqsadlarga yoʻnaltirish uchun oldik hamda qanday natijalarga erishayotganimiz kabi masalalarni tahlil qilishni lozim, deb hisoblaymiz.

Shu oʻrinda koʻpchilik qiziqayotgan savol: chetdan qarz olish qanchalik samarali?

Bu savolga javob berishdan oldin hayotiy bir masalaga eʼtibor qaratsak. Aytaylik, koʻp qavatli uyda xonadonning narxi 300 million soʻm, uni sotib olishga talabgor fuqaroning oylik maoshi esa 6 million soʻm. Fuqaro maoshining teng yarmini oʻzining kundalik xarajatlariga sarflaydi, desak, xonadonni oʻz mablagʻi hisobidan sotib olishi uchun har oyda 3 million soʻmdan hisoblaganda, 8 yilu 4 oy jamgʻarishi kerak boʻladi. Lekin yashash sharoiti xonadonni tezda sotib olishni talab qilmoqda. Masalaning yechimi esa qarz, yaʼni ipoteka krediti olish uchun bankka murojaat qilish. Bunda fuqaro kreditining foizi pastroq va uzoqroq muddatga beradigan bankni tanlashga harakat qiladi.

Chunki qarzni qaytarish va uning foizlarini toʻlashni oʻz daromadi hisobidan amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi. Bank ham, oʻz navbatida, kreditni daromad manbaiga, yaʼni toʻlash imkoniyati bor shaxsga berishdan manfaatdor boʻladi.

Xuddi shunday mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan milliy manfaatlarimizdan kelib chiqadigan davlat investitsiya dasturlarini qisqa muddatlarda amalga oshirish uchun chetdan qarz mablagʻlarini jalb qilishga zarurat paydo boʻladi.

Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2020-yilda elektr energetikasiga 2,9 milliard dollar, neft va gaz sohasiga 2,6 milliard dollar, transportga 2,4 milliard dollar, uy-joy kommunal xizmatlariga 2 milliard dollar yoʻnaltirilgan.

Elektr energiyasi ishlab chiqarishni koʻpaytirish boʻyicha loyihalarni oladigan boʻlsak, ushbu xarajatlar hisobidan amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari Navoiy IESning elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmini 6-7 foizga oshiradi. Shuningdek, Toʻraqoʻrgʻon IES qurilishi Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarining qariyb 40 foizini elektr energiyasi bilan taʼminlaydi.

Kimyo sanoatining «Navoiyazot» AJ negizida umumiy qiymati 1,7 milliard dollarga teng uchta yirik loyiha amalga oshirilib, yiliga 100 ming tonna polivinilxlorid, 75 ming tonna kaustik soda, 300 ming tonna metanol, 500 ming tonna azot kislotasi, 660 ming tonna ammiak va 577 ming tonna karbamid ishlab chiqarishning zamonaviy, energiya tejamkor quvvatlari barpo etildi.

Shundan masalaning yechimi ham kelib chiqadi. Elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmlarining koʻpayishi iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarini, ayniqsa, sanoatning rivojlanishiga, ijtimoiy soha obyektlari va aholi ehtiyojini toʻliq taʼminlash imkoniyatini yaratishi hamda pirovardida YAIM hajmi oʻsishiga olib keladi. Neft va gaz hajmlarini oshirish loyihalari ham xuddi shunday maqsadlarga qaratilgan. Kimyo sanoatidagi investitsiya loyihalari esa iqtisodiyot uchun zarur boʻlgan xom ashyo va tovarlarning chetdan olib kelinishini keskin qisqartirib, valyuta mablagʻlaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Demak, qarzni qaytarish imkoniyatlari hamda manbalari ham kengayib boradi. Shu bilan birga, aholining elektr energiyasi va tabiiy gaz taʼminotiga boʻlgan talabini taʼminlash imkoniyati kengayib, turmush sharoiti ham yaxshilanib boradi.

Uy-joy kommunal xizmatlariga jalb qilingan mablagʻlar, asosan, aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash davlat dasturlarini amalga oshirishga yoʻnaltirilmoqda. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent viloyatida Osiyo taraqqiyot banki kredit mablagʻi hisobidan qiymati 143,8 million AQSH dollarini tashkil qiluvchi loyihaga muvofiq 2019-yilning mart oyida Toshkent, Qibray va Zangiota tumanlari aholisini ichimlik suvi bilan taʼminlaydigan suvni tozalash inshooti qurilishi boshlangan. Obyekt foydalanishga topshirilgandan keyin 58 ta mahalla ichimlik suviga ega boʻlib, viloyat aholisining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasi 60 foizdan 92 foizgacha oshadi. Albatta, toza ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasining oshishi aholi salomatligi yaxshilanishiga xizmat qiladi.

Taʼkidlash lozimki, davlat tashqi qarzining asosiy qismi dunyo miqyosida yuqori nufuzga ega boʻlgan banklar va kredit tashkilotlaridan, asosan, imtiyozli foiz stavkalarida va uzoq muddatga jalb etilgan.

Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro moliyaviy institutlardan jalb qilgan tashqi qarz portfeli hajmi 10,1 milliard dollarni tashkil etib, mazkur kreditlar uzoq muddat (30 yilgacha) hamda imtiyozli foiz stavkalarida taqdim etilgan. Xususan, davlat tashqi qarzining asosiy qismi Osiyo taraqqiyot banki (5,0 mlrd. dollar), Jahon banki (3,7 mlrd. dollar) va Islom taraqqiyot banki (0,9 mlrd. dollar) hissasiga toʻgʻri keladi.

Oʻzbekiston Respublikasining asosiy kreditorlari Xitoy Eksimbanki, Xitoy davlat taraqqiyot banki, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi va boshqa mamlakatlarning xorijiy hukumat moliya tashkilotlari hissasiga toʻgʻri kelib, ular turli investitsion dasturlarni davlat kafolatlari ostida moliyalashtirish uchun jalb qilingan.

Qayd etganimizdek, kreditorlar oldidagi qarzdorlik boʻyicha xarajatlar davlat korxonalari tomonidan investitsion loyihalarni moliyalashtirish natijasida tushgan mablagʻlar hisobidan soʻndiriladi.

Tashqi qarz, uning miqdori, dinamikasi hamda foydalanish holati boʻyicha davlat va jamoatchilik nazoratining yoʻlga qoʻyilishi ustida toʻxtalsak, undan samarali foydalanish talab qilinadi. Shu nuqtayi nazardan, kredit mablagʻlari hisobidan bajarilayotgan loyihalar Hisob palatasi tomonidan doimiy auditdan oʻtkazilib, Oliy Majlis palatalari tomonidan muhokama qilib boriladi. Albatta, bu jarayon jamoatchilik vakillari ishtirokida amalga oshirilishi yoʻlga qoʻyilgan. Xususan, davlat qarzini jalb qilish va ishlatilishi boʻyicha shaffoflikni taʼminlash maqsadida qarz holati hamda uni shakllantiruvchi omillar, qarz hisobidan moliyalashtirilayotgan loyihalar, shuningdek, davlat qarzini boshqarish tizimi samaradorligini oshirish borasida koʻrilayotgan choralar toʻgʻrisidagi maʼlumotni qamrab oluvchi Oʻzbekiston Respublikasining davlat qarzi holati va dinamikasi sharhi, oylik axborotnoma va hisobotlar rasmiy veb-sahifalarda hamda “Kengaytirilgan maʼlumotlarni tarqatishning umumiy tizimi”da muntazam eʼlon qilib borilmoqda.

Taʼkidlash lozimki, 2021-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun bilan joriy yilda Oʻzbekiston Respublikasi nomidan va uning kafolati ostida ichki va tashqi qarzlarni jalb qilish boʻyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan sof hajmi 5,5 milliard dollar miqdorda tasdiqlangan boʻlib, shundan Davlat byudjeti taqchilligini moliyalashtirish uchun 2,2 milliard dollar, investitsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun 3,3 milliard dollar miqdorida belgilangan. Shuningdek, ilk bor ushbu Qonun bilan 2021-yil uchun davlat qarzi miqdorini yalpi ichki mahsulotga nisbatini 60 foizdan oshirmaslik belgilandi.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish, samarali foydalanish va uni soʻndirish manbalarining aniq hisob-kitobi iqtisodiy asoslangan tarzda amalga oshirilgan. Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi jalb qilingan tashqi qarz va unga xizmat koʻrsatish bilan bogʻliq xarajatlarni soʻndirish imkoniyatlariga ega ekanligini koʻrsatmoqda. Bizdan esa tashqi qarz mablagʻlaridan samarali foydalanishni taʼminlab, kelgusida uni qaytarishga mustahkam zamin yaratish uchun barcha imkoniyatni safarbar etishimiz talab qilinadi.

Erkin GADOYEV,
Oliy Majlis Senatining
Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qoʻmitasi raisi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?