Tarix hech qachon ortga qaytmaydi
Tinchlik baxtli, erkin va farovon hayotning eng birlamchi sharti hisoblanadi. Shuning uchun doim hushyor va ogoh boʻlishimiz, yurtimiz, xonadonlarimiz osoyishtaligi, farzandlarimiz kelajagi uchun har qanday xurujlarga tayyor turishimiz kerak. Hozir dunyoning turli mintaqalarida keskinlik va qarama-qarshiliklar kuchaymoqda, radikalizm va ekstremizm xavfi tobora ortib boryapti. Bugun qanchadan-qancha begunoh odamlar urush harakatlari bois tugʻilib oʻsgan joyini, qadrdon goʻshasini tashlab boshqa yurtlarga ketishga majbur boʻlyapti. Tinch aholining hayoti barbod qilinyapti.
Xalqimiz tanlagan yoʻl — hurriyat yoʻli
Nazarimda, Oʻzbekistonda 130 ga yaqin millatlar vakillarining tinch-osoyishta yashayotgani kimlarnidir tinch qoʻymayotganday. Shu maʼnoda, ogʻziga kuchi yetmagan kaltabin siyosatchilar tomonidan Oʻzbekistonga asossiz otilayotgan tuhmat toshlari bejiz emas. Turli mintaqalarda oʻzaro kelishmovchiliklar, vayronkor urushlar davom etayotgan bir paytda ular axborot xurujlarini kuchaytirish orqali jamiyat barqarorligiga raxna solish niyatida turli manfur usullarni ishga solishayotir. Urush tufayli Ukrainada, Gʻazo sektorida begunoh bolalar, mushtipar ayollar, keksalar, tinch aholi kunda-kunora nobud boʻlmoqda, ayni kunlarda xonavayron boʻlib, boshpanasiz, oziq-ovqatsiz qolmoqda.
Yoʻq, yovuz kuchlarni bu urushlar ham qoniqtirmayapti. Ular 150-yillik qullik zanjiridan qutulib, oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini qoʻlga kiritgan davlatlarning, millatlarning unga bosh egib, har kuni sahardan shaʼniga madhiya aytib, salom berishini istashyapti. Paxtasiga, pillasiga, tillasiga, gaz-neft konlariga ega boʻlishni, oʻzlarini esa qaytadan qul qilib ishlatishni xayol qilyapti.
Yuksak texnologiyalar asri boʻlgan hozirgi davrda sogʻlom fikrli odam bir kirgan oqar suv kechimiga qayta tushishning umuman iloji yoʻqligini yaxshi biladi. Miyasida illat boʻlgan odamgina shunday xomxayol qilishi mumkin. Bir umr yurtining ozod boʻlishini orzu qilgan, shu yoʻlda jonini tikkan, qirgʻin, surgun qilingan ajdodlarimiz, kelajak avlodlarimiz oldidagi javobgarlik majburiyati haqqi-hurmati, biz oʻz yoʻlimizni tanlaganmiz va har qanday sharoitda ham bu yoʻldan ortga chekinmaymiz.
Bunaqa siyosatchilarning daʼvolari hamkorlik munosabatlarini davom ettirayotgan ikki davlat oʻrtasiga sovuqchilik tushirishi mumkinligini ular bilmaydilarmi? Juda yaxshi bilishadi. Demak, mantiqan olganda, ularning murvati qaysidir kuchlar tomonidan buralyapti. Ortga qaytmas islohotlar yoʻlidan borayotgan yangi Oʻzbekistonga nisbatan boʻlayotgan bunday axboriy va siyosiy tajovuzlarga nafaqat yurtim, Vatanim deb yongan, jonini tikishga tayyor turgan oʻzbek farzandi, oʻzbek ziyolilari, balki shu zaminda tinchlik-totuvlikda, bir-biri bilan doʻst-birodar, hamjihatlikda yashayotgan har bir millat va elat vakillari chuqur mulohaza qilib, qizishmasdan asosli va munosib javob qaytarishi shart va zarur.
1966-yilda Toshkentda boʻlgan zilzila bahonasida boshqa respublikalardan “birodarlik yordami” niqobi ostida bir necha oʻn minglab turli millatga mansub aholi koʻchirib kelindi. Hammasiga uy-joy berildi, ularning 60 foizi Toshkentda oʻtroq boʻlib yashab qoldi. Tub millatga mansub aholining baʼzilariga uy-joy berildi xolos.
Oʻsha paytda rayijroqoʻm raisi boʻlib ishlaganman, shuning uchun bularni yaxshi bilaman. Menga “Hovlim buzilgan edi, uy-joy berishmadi”, deb qorakoʻz oʻzbeklarimiz keladi, “Ariza berganmisiz?” desam, “Yoʻq” deyishadi. Tasavvur qilyapsizmi, bu sodda shoʻrliklar uy olish, navbatda turish uchun, hatto ariza yozish kerakligini ham bilishmagan. Roʻyxatni olib qarasam, ariza berganlarning har yuztasiga bir-ikkita oʻzbek toʻgʻri keladi. Nima boʻlganda ham, ularga qoʻlimdan kelgancha baholi qudrat yordam berishga harakat qilganman.
Men millatchi emasman. Lekin kimdir tuzimizni ichib, tuzligʻimizga tupurar ekan, bunga chidab boʻlmaydi. Qachongacha millat himoyachisini millatchi deymiz? Oʻshalar emasmi, millat himoyasi uchun chiqqan ota-bobolarimizni sudsiz-soʻrovsiz otuvga hukm qilgan? Oʻshalar emasmi, sotqinlardan dumaloq xatlar yozdirib olib, aybsiz aybdorga chiqarilgan Saidrizo Alizoda, Usmon Nosir singari ming-minglab ziyolilarimizni uzoq oʻlkalardagi lagerlarga joʻnatgan? Ularning koʻplari oʻsha yoqlarda armon bilan olamdan oʻtdi. Saidrizo Alizodaning hozir 85 yoshga kirgan nevarasi 1945-yilda qamoqda vafot etgan bobosining xokini Vladimir shahridan kindik qoni tomgan yurt — Samarqandga olib kelib dafn qilish uchun 40-yil umrini sarfladi... Biz ana shunday qilib koʻp narsani boy berganmiz.
Beshikdan qabrgacha ilm izla
Bugun taraqqiyotga, maʼrifatga, maʼnaviyatga intilar ekanmiz, albatta, zamonaviy texnologiyalarni oʻzlashtirishimiz, amaliyotga joriy etishimizni davrning oʻzi talab qilmoqda. Buning uchun ilm, bilim kerak. Bolalarimizning hammasini iloji boricha sifatli taʼlimga jalb etsak, shundagina natijadorlik, yuksalish boʻladi.
Achinarlisi, baʼzi dunyoqarashi oʻzgarmagan, eskicha fikrlaydigan amaldorlar vatanparvarlik haqida ogʻiz koʻpirtirib gapiradiyu, amalda yangiliklarga toʻsiq qoʻyadi. Aynan shu bois ham “vatanparvarlik” soʻzining ohorini toʻkib qoʻymadikmi?!
Ayting birodar, vatanparvarlik nima? Vatanparvarlik — oʻz xalqiga sidqidildan xizmat qilish, qulayliklar yaratish, pora olmaslik, xalq mulkini oʻzlashtirmaslik, tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, beli bukilganga suyanch boʻlish, kerak boʻlganda, Vatan uchun jonni berish degani.
Ana shu tutumga amal qilmagan, oʻz manfaatini oʻylaydigan bunday mulozimlardan hech ikkilanmasdan voz kechish, oʻrniga xalq hurmatiga sazovor boʻlgan haqiqiy jonkuyar insonlarni qoʻyish kerak. Ana shunda ishimizda unum, jamiyatimizda rivojlanish boʻladi.
Aslida, odam bir burda nonga toʻyadi. Lekin afsuski, qorni toʻyib, koʻzi toʻymaydigan kimsalar xalq ishonchiga tupurib, oʻz mansab vakolatini suiisteʼmol qilish hollari uchramoqda, jamiyatda korrupsiya holatlari toʻxtamayapti.
Shunday ekan, rahbar kadrlar shijoat va salohiyatini ilmiy tahlil qiladigan institut tashkil etish orqali halol, tarbiyali, korrupsiyaga moyil boʻlmagan, birovning haqidan qoʻrqadigan yoshlar hisobiga shakllantiradigan tizim yaratish kerak, nazarimda.
Oʻz ildizlarimizni bilishimiz shart
Davlatimiz rahbari “Obod mahalla” dasturiga kiritilgan mahallalardan birida boʻlganida, toʻsatdan kaminaga soʻz berib qolishdi.
Men “Raiyatga qayishgan odil hukmdorlar haqida ilgari koʻp oʻqiganman. Lekin xalq ichiga, oddiy xonadonlarga kirib, ulardan hol-ahvol soʻragan, mamlakat boʻylab xaroba boʻlib yotgan qishloqlarni oʻzi bosh boʻlib “Obod qishloq” dasturiga kiritib, doimiy nazorat qilib turgan podsho haqida hech yerda, hech bir kitobda oʻqimaganman”, desam, hamma menga yalt etib qaradi.
Bu gaplarim soxta mulozamat emas, ishoning. Prezidentimizning amaliy ishlari tufayli koʻngli choʻkib qolgan xalqda ertangi kunga ishonch uygʻondi. “Yangi Oʻzbekistonni mard va jasur xalqimiz bilan birgalikda quramiz” degan Qoyasi tadbirkorlarga qanot baxsh etdi, gerdayib yuradigan amaldorlar xalqqa xizmat qiladigan boʻldi. Yaqin qoʻshnilar bilan qaytadan doʻstona aloqalarni, bordi-keldilarni tikladik, dunyo mamlakatlari bilan ochiq siyosat olib borilayotganligi Oʻzbekiston degan mustaqil davlatni jahonga tanitdi.
Bir achchiq haqiqatni tan olish kerak, ilgari davlat bilan xalq oʻrtasida katta jarlik yuzaga kelgan edi. Xalqning ahvolidan hech kim xabar olmay qoʻygan edi. Lekin Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat xalqqa xizmat qilishi kerakligini shart qilib qoʻydi. Mana qarang, hozir davlat xizmatlari turlari koʻpayib ketdi. Xalqimiz ortiqcha yugur-yugurdan qutuldi, sarson-sargardon boʻlib yurmaydigan boʻldi.
Hozirgi yoshlar aqlli, iqtidorli, inglizchani ham biyron-biyron gapiradi. Bu, albatta, yaxshi, dunyoga chiqish uchun kerak. Men ularni qoʻllab-quvvatlayman. Lekin boshqa tilni deb oʻzbek tilini boy berib qoʻyish kerak emasda!
Farzandlarimiz qayerda, qaysi davrada boʻlmasin, oʻzbek degan millat vakili sifatida oʻz ildizlarini bilishi shart va qadriyatlarimizni unutmasligi kerak.
Tilimizdagi muammolar
Yashirmayman, oʻzim ham rus maktabida oʻqiganman. Lekin maktabdan uyga kelib “Assalomu alaykum” deb ostonadan oʻtishim bilan rus tili unutilardi. Bobom uyda bir ogʻiz ham ruscha gapirishimizga yoʻl qoʻymasdi. Uyimizda tancha boʻlardi, bobom qish kunlari bu yerda kitob mutolaa qilardi. Arab yozuvida, oʻzbek tilidagi kitoblarni oʻqishni u kishidan oʻrganganman. Bobom har kuni men bilan kattalarday suhbatlashardi, boʻlib oʻtgan voqealarni, oʻqigan kitoblarini shirali ovozda gapirib berardi. Men ertak eshitgandek boʻlardim, bobom aytgan obrazlar kino lentasidek koʻz oʻngimda namoyon boʻlardi. Ana shunday tarbiya olganmiz.
Qolaversa, rus adabiyotini, yozuvchilarining juda koʻp asarlarini oʻqiganman. Dostoyevskiy deysizmi, Lev Tolstoy, Karamzin va hokazo. Lekin bu — oʻzbek adabiyotini oʻqima, degani emasku! Biz, avvalo, oʻz allomalarimizni, ularning asarlarini oʻqib-oʻrganishimiz kerak.
Esimda, buvim bir kuni meni chaqirib, sandiqdan nafis matoga avaylab oʻrab-chirmab qoʻyilgan bir kitobni oldi. Qoʻlimga berib, “oʻqi” dedi. Bu Abdulla Qodiriyning toshbosmada bosilgan, arab imlosida yozilgan “Oʻtkan kunlar” kitobi ekan. Uni qayta-qayta oʻqib chiqdim. Mana, xonlarning, mazlum oʻzbek xalqining hayotini ipidan-ignasigacha yoritib bergan haqiqiy sanʼat asari!
Uyimizda Navoiy, Fuzuliy, Nasimiy, Mashrab singari ulugʻ shoirlarning juda koʻp kitoblari bor edi. Ayniqsa, buvim juda oʻqimishli otinoyi edi, Mashrab bilan Maxtumqulining gʻazallarini, sheʼrlarini yaxshi koʻrardi. Kechqurun boʻldi deguncha chiroq yorugʻida buvijonim, onajonim, amma-xolalarim davra qurishib, gʻazalxonlik qilishardi. Biz ularni jon qulogʻimiz bilan tinglardik...
Bugun internet, televideniye rivojlanib ketdi. Xayolga kelmagan narsalarni koʻrsatyapti. Bir kuni “Oʻr-yor” koʻrsatuvi haqida oʻz fikrimni aytsam, “Siz keksayib qoldingizda, shunga gʻashingiz kelyapti” deganga oʻxshash gap qilishdi. Bu nima maynavozchilik? Yana oʻsha koʻrsatuvga keladiganlarni qarang. “Hey erkaklar” deb gap boshlaydigan ayol koʻrsatuvda ekran orqali har safar erkaklarga nasihat qilishdan tinmaydi. Erkaklar shu boshlovchining nasihatiga zor boʻlib qolganmi? Umuman, uning bunga qanchalik vakolati bor? Bunday emasda, endi!
Koʻpincha ertalab “Assalom Oʻzbekiston” koʻrsatuvini tomosha qilaman. Juda yaxshi, maʼnili olib borishadi, lekin baʼzida chalakam-chatti ruscha soʻzlarni ham qoʻshib yuborishadi.
Toʻgʻri, oʻsha yerda ruscha gapiradigan jurnalist ham oʻtiradi. Lekin qolganlar ham ruscha soʻzlarni aralash-quralash qilib gapiraveradi. Qani madaniyat? Oʻzbekiston xalq artistlarining chiqishlarini koʻrib qolaman, ayrimlarida savod haminqadar. Madaniyat, maʼrifat ulashuvchilar efirga chiqib savodsizlarcha gapirib tursa, qolganlardan nima kutamiz?
Davrimizning fidoyi insonlari haqida asarlar kerak
Yaqinda Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatrida Buxoro viloyatidagi Qorakoʻl tumanidan chiqqan matematika oʻqituvchisi Toʻxtamurod Jumayev hayotiga bagʻishlangan spektaklni koʻrdik. U shoʻro davrida oʻz hisobidan matematikadan saboq beradigan maktab-internatni ochish uchun nihoyatda qiynalgan. Uning qoʻlida oʻqigan oʻquvchilarning 6 nafari xalqaro olimpiadaga borib, oltin medallarga sazovor boʻlganida, hakamlar hayron qolishgan: ular oʻshanda, hatto Oʻzbekiston degan davlatni bilishmas ham ekan.
Mana, Al-Xorazmiyning, Ulugʻbekning, Ali Qushchining avlodlari! Ularning dunyoga chiqishiga “katta ogʻalar” qoʻymagan, yoʻl bermagan. Toʻxtamurod Jumayev ana shu mustabid tuzum qarshiligini yengib, oʻz oʻquvchilarini xalqaro olimpiadaga yuborishga erishgan va ular oliy oʻrinlarni egallab qaytgan. Mana, bugungi kunning Avloniysi!
Spektakl boshlanganida zalda 30 tacha tomoshabin bor edi. Aktyorlar baraka topishsin, rollarni juda taʼsirli oʻynagan. Spektakl yarmiga yetganda, orqada oʻtirganlardan biri yigʻlaganday boʻldi. Oʻgirilib qarasam, hamma yigʻlab oʻtiribdi. Zal odam bilan liq toʻla, Oqqoʻrgʻondan, Nurafshondan, yaqin tumanlardagi maktab oʻquvchilarini olib kelishgan ekan.
Koʻryapsizmi, ana shunday ijtimoiy, tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan asarlarni koʻpaytirishimiz kerak.
“Uygʻonish zamoning muborak boʻlsin!”
Yana tarixga murojaat qilsak. Ikkinchi jahon urushi yillarida 682 nafar yapon asiri Oʻzbekistonga keltirildi. Ular turli ayblovlar bilan ogʻir ishlarga jalb etildi, qiynoqlarga duchor boʻldi. Shu bois koʻplab yapon fuqarolari ogʻir turmush sharoiti hamda tortilgan azob-uqubatlar tufayli oʻzga yurtlarda vafot etib ketishgan. Hatto oʻsha davrda markaz koʻrsatmasiga muvofiq koʻchirilgan xalqlar dafn etilgan qabristonlarni ham buzib tashlash buyurilgan edi. Ammo Oʻzbekistonda bu holatga yoʻl qoʻyilmadi. Yaponlar dafn etilgan qabristonlar saqlab qolindi.
Yapon xalqi buni biladi. Shuning uchun ularning oʻzbeklarga mehr-muhabbati baland. Xalqlarimizning oʻzaro hamkorligi mustahkamlanmoqda, rivoj topmoqda.
...Eng qiyin davrlarda ham ota-bobolarimiz oʻzga millat vakillariga boshpana berdi, ular bilan bir burda nonini baham koʻrdi. Ogʻir, sinovli damlarda Oʻzbekiston ular uchun ikkinchi vatan, najot qoʻrgʻoni boʻldi.
Dushman kelganida shayx Najmiddin Kubro 76 yoshida qilich koʻtarib muridlari bilan gʻazavotga chiqdi. “Najot hurriyatda”, dedi. Hazrat Navoiy bobomiz yozganidek:
Ayonkim, Vatan uzra to joni bor,
Kishi harb etar to imkoni bor.
Demak, chetdan keladigan yovuz ofatdan koʻra ichimizdan chiqadigan sotqin, iymonsizlardan ehtiyot boʻlaylik! Qaysi eldan, qaysi yurtdan oʻz manfaatini hamma narsadan ustun qoʻyadigan, kerak boʻlsa, oʻz Vataniga xiyonat qiladigan kimsalar chiqsa, oʻsha millat ahvoli xarobdir.
Oʻzbekistonni oʻzining ajralmas boʻlagi deya daʼvo qilayotganlar bilib qoʻysinlar: tarix hech qachon ortga qaytmaydi. Biz urush jahannamlaridan panoh izlab poyezdlarda kelgan barcha insonlarni, yetim goʻdaklarni bagʻrimizga olgan xalqmiz. Uyimizning toʻrini, koʻzimizning nurini, qalbimizning qoʻrini bergan xalqmiz! Biz endi sirtmoqqa boʻyin bermaymiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kerak boʻlsa, jonimizni beramiz, lekin Vatanni bermaymiz, dedi. Biz unga ishonamiz. Uning ortida esa butun bir xalq turibdi. Biz ogohligimizni, hushyorligimizni, ozodligimizni, ixtiyorimizni endi birovga berib qoʻymaymiz.
Mustaqillik — buyuk neʼmat. Endi buyogʻiga oʻz uyimizni, muqaddas ona tuprogʻimizni koʻz qorachigʻidek asrash, kelajak nasllarga qullik kishanlaridan qutulgan, tenglar ichida teng boʻlib yuksalayotgan, rivojlanayotgan ozod Vatanni meros qilib qoldirish bizning zimmamizda. Mustaqilligimizni boy bersak, bizni tarix ham, avlodlar ham, Yaratgan ham kechirmaydi.
Davrlar oʻtdi. Qancha yolgʻon, qancha soxtakorliklar, Vatanni sotganlar, xalq shaʼnini toptaganlar, nonkoʻrlik va gʻirromliklar bugun hammaga ayon, oshkordir. Qancha yolgʻon tuzumlaru soxta taʼlimotlar barbod boʻldi.
Sohibqiron Amir Temur tomonidan Shahrisabzda bunyod etilgan muazzam Oqsaroy peshtoqlarida koʻp ilohiy yozuvlar insho qilingan. Shular qatorida “Podshohlarning soʻzlari — soʻzlarning podshosidir” degan bitik ham bor.
Millat himoyachilari millatchimi?
Bizning uch ming yillik tariximiz bor. Bir paytlar zaminimizda gullab-yashnagan Turon davlati chegarasi bu yogʻi Sharqiy Turkistondan tortib Kichik Osiyo, Kaspiy dengizgacha boʻlgan, boshqa tomoni Tinch okeani Oxota dengizigacha choʻzilgan va Turk xoqonligi deb atalgan juda katta imperiya boʻlgan. Buni tarixchilar, olimlar yaxshi bilishadi. Lekin oʻsha joylar bizga qarashli, deb daʼvo qilmayapmizku!
Biz bagʻrikeng xalqmiz. Kelgan odamni doʻstmi, doʻstmasmi, quchoq ochib kutib olganmiz, uyimizning toʻrini berganmiz. Tansiq taomlarni oʻzimiz yemasakda, ularga tutganmiz. Ikkinchi jahon urushi yillarida — qimmatchilik va qahatchilikda son-sanoqsiz vagonlarda kelgan yetimlarning boshini silab, panoh boʻlganmiz, hech birini begona deb bilmaganmiz. Xoʻsh, bularning evaziga nimaga erishdik?
Ikkinchi jahon urushi hamda qatagʻonlik siyosati oqibatida sobiq ittifoqning turli hududlaridan bir qator xalqlar “vatan xoinlari” tamgʻasi ostida Oʻrta Osiyo va Qozogʻistonga koʻchirildi. Asl maqsad xalqlarni bir-biridan ajratish va jazolashdan iborat edi. Shoʻro hukumatining bu xatti-harakatlari fashistlar okkupatsiyasi davrida ayrim kishilar va guruhlarning xoinligi uchun berilgan jazo, mamlakat xavfsizligini qoʻriqlash, deb taʼriflandi.
Umr boʻyi mehnatdan, gʻurbatdan boshi chiqmagan, asrlar mobaynida boshi egik, jabru jafolardan zada boʻlsada, iymoni salomat millatimiz Shavkat Mirziyoyevning dono va oqilona siyosati bois mustaqil Oʻzbekistonda uchinchi Renessansga qadam qoʻydi. Rivojlanish bosqichiga oʻtdi. Bu haqda Oʻzbekiston Qahramoni Abdulla Oripov “Uygʻonish zamoning muborak boʻlsin!” deya bashoratli satrlarni bitgan edi.
Hayot qonuniyatiga koʻra vaqt oʻtishi bilan koʻp narsa unutiladi, esdan chiqadi. Lekin bu yorugʻ dunyoda ulugʻ bir haqiqat borki, u hech qachon oʻzgarmaydi, hech qachon eskirmaydi. Yaʼni Vatan va xalq ozodligi, kelgusi avlodlarning baxtu saodati yoʻlida mardlik va jasorat koʻrsatgan insonlar xotirasi hamisha barhayot yashaydi.
Bugun mustaqillik sharofati bilan davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanish har birimizning shiorimizga aylanishi shart.
Rustam KALONOV,
“Nuroniy” jamgʻarmasi Toshkent
shahar kengashi raisi, senator.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring