Tandir toʻlib yopildi non

12:11 19 Noyabr 2024 Jamiyat
186 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent, Gʻijduvon, Jondor tumanlarida tandir yasab nom qozongan hunarmandlar koʻp. Ayniqsa, Gʻaybulla tandirsoz haqida soʻz ketsa, novvoyu somsapazlar darhol “Baraka topsin, ishini juda puxta bajaradi”, deya lutf qilishadi.

Jondor tumani Ushot qishlogʻida yashovchi Gʻaybulla akaga tandirsozlik bobomeros kasb. Uning ajdod-avlodlari yillar osha shu hunar ortidan roʻzgʻor tebratishgan. Yana bir jihati borki, bu inson ustaning sarasini koʻrgan shogird sanaladi.

— Tandirsozlikning eng nozik sir-asrorlarini mahalladoshim Akram ota Yoʻldoshevdan oʻrganganman, — deydi u. — Bu kishining oʻn qoʻli oʻn hunar edi. Oʻymakor usta, oshpaz, qandolatpaz, duradgor boʻlgan rahmatli ustozim dala-dehqonchilik yumushlaridan ortib tandirsozlikni ham oʻrniga qoʻyardi.

“Gʻaybulla Moʻminov” masʼuliyati cheklangan jamiyatini taʼsis etgan ustaning soʻzlarini tinglarkanmiz, hovliga koʻz yugurtiramiz. Bu yerda turli hajmdagi oʻnlab tandirlarni koʻrish mumkin. Olti kishi shu yumush bilan band. Yozda mavsum avj pallaga kirganda mavsumiy ishchilar ham jalb etiladi.

— Tuproqni Oʻrtachoʻldan olib kelamiz, — deydi tandirsoz Buxoro tumanidagi massivni nazarda tutib. — Loyiga jun va mayin somon aralashtiriladi. Shundan soʻng u obdon tepiladi. Minglab tepki yegan masalliq maʼlum bir vaqt oraligʻida tandir shakliga keltiriladi. Bilasizmi, biz foydalanadigan tuproq tarkibida turli mineral moddalar koʻp. Qolaversa, loyga sabr-toqat, qunt bilan ishlov beramiz. Yorilmaydigan holga keltiramiz. Bitta tandir yasash uchun 3-4 kun vaqt sarflaymiz. Natijada u novvoy yoki somsapazga uzoq muddat xizmat qiladi. Qolaversa, tandir issiqlikni oʻzida koʻproq saqlash xususiyatiga ega boʻladi. Uni bir qizitish bilan uch martagacha non yopib olish mumkin. Bu yoqilgʻi sifatida ishlatiladigan oʻtinni ham tejashga olib keladi. Shu boisdan tandirlarimizga xorijda ham talab bor. Rossiya, Qozogʻiston, Estoniya va hattoki AQSHga vositachilar orqali biz tayyorlagan tandirlar joʻnatiladi. Bir yilda 200 tagacha tandirimiz chet elga yuboriladi.

“Gʻaybulla Moʻminov” masʼuliyati cheklangan jamiyatida umuman, yil davomida 1,5-2 mingta atrofida tandir tayyorlanadi. Tabiiyki, ular hajman turlicha. Bu yerda birvarakayiga 80 ta non yopiladigan osma tandirni ham, 50 tagacha non sigʻadigan yer tandirni ham koʻrish mumkin. Gʻaybulla aka ishchilari topayotgan daromadni hisoblamaganda shu hunar ortidan yiliga 150 million soʻm atrofida foyda koʻrayapti.

— Hududimizda Gʻaybulla akaga oʻxshagan tandirsozlar koʻp, — deydi “Ushot” mahalla fuqarolar yigʻini raisi O. Hamroyev. — Shu hunar tufayli ularning roʻzgʻorlari but. Koʻrib turganingizdek, yashash uchun qulay shinam hovlilarda umrguzaronlik qilishyapti. Gʻaybulla akaga kelsak, uning oilasi shu hunar bilan kifoyalanib qolgan emas. Farzandi Abdulla tandirsozlikdan tashqari biogumus yetishtirish bilan shugʻullanmoqda. Mahalla koʻmagida bankdan 160 million soʻm miqdorida kredit olib, chorvachilikni ham yoʻlga qoʻygan.

Joriy yil Gʻaybulla aka hayotida esda qolarli kechmoqda. Unga Oʻzbekiston Mahallalar uyushmasi tomonidan elektromototsikl taqdim qilindi. Mamlakatimiz Mustaqilligi 33-yilligi bayrami munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimiz qatorida davlatimiz rahbarining tegishli Farmoniga muvofiq, “Doʻstlik” ordeni bilan taqdirlandi. Qahramonimiz shunday yuksak mukofotga loyiq topilgan ilk tandirsoz, desak, xato qilmaymiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер