Ta’lim va madaniyat — taraqqiyot asosi

00:32 07 May 2025 Jamiyat
188 0

Shu yilning aprel oyi yakunida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti delegatsiyasi ta’lim sohasidagi xalqaro aloqalarni o‘rnatish va mustahkamlash, tajriba almashish, boy madaniy meroslarimizni targ‘ib qilish maqsadida Argentina Respublikasiga xizmat safari bilan bordi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori ijrosi, xususan, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh assambleyasining 43-sessiyasiga tayyorgarlik doirasida amalga oshirilgan ushbu safarda delegatsiya a’zolari o‘zbek xalqining boy madaniyati, an’analari hamda ta’lim sohasidagi samarali islohotlar natijasida mamlakatimiz erishgan yutuqlar bilan argentinalik hamkorlarni yaqindan tanishtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, uchrashuvlar doirasida delegatsiyamiz ishtirokida Argentinaning nufuzli va yetakchi oliy ta’lim muassasalari — Mar del Plata milliy universiteti, Buenos Ayres universiteti va Kordoba milliy universiteti rahbar xodimlari bilan samimiy muloqotlar o‘tkazildi. Natijada ta’lim, ilmiy tadqiqotlar hamda madaniy almashinuv bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.

Jumladan, Mar del Plata milliy universiteti bilan imzolangan hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma har ikki davlatning yetakchi universitetlari o‘rtasida talaba, tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ilmiy-amaliy loyihalarni amalga oshirish, birgalikda onlayn hamda offlayn shaklda anjumanlar, vebinarlar va o‘quv kurslarini tashkil qilish, shuningdek, elektron ta’lim platformalaridan foydalanish kabi yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli faoliyatni o‘z ichiga oladi. Bu esa nafaqat ta’lim hamda innovatsion faoliyat yo‘nalishidagi aloqalarni rivojlantirish, balki madaniy almashinuv dasturlari bo‘yicha yangi imkoniyatlarni taqdim etadi.

Shu bilan birga, Buenos Ayres universiteti bilan imzolangan ikki tomonlama shartnoma esa O‘zDJTUning xalqaro miqyosda obro‘sini yanada oshirishga qaratilgan. Mazkur universitetning falsafa, til va adabiyot fakulteti bilan erishilgan kelishuv akademik mobillikni rivojlantirish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish va ilmiy hamkorlikni kengaytirishni ko‘zda tutadi. Ma’lumot uchun, ushbu universitet jahon reytingida nufuzli yuztalikdan o‘rin olgan. Ushbu oliy ta’lim muassasasida 150 mingga yaqin talabalar tahsil oladi.

Mazkur universitet bitiruvchilari qatorida Argentinaning 15 Prezidenti, Nobel mukofotining 5 nafar sohibi hamda boshqa taniqli insonlar borligini alohida ta’kidlab o‘tish lozim. Bu oliygoh bilan hamkorlik O‘zDJTUda ta’lim sifatini oshirish, xalqaro miqyosdagi globallashuv jarayonlarida faol ishtirok etish orqali uning nufuzi yanada ortishiga zamin bo‘lishi, shubhasiz.

Kordoba milliy universitetida bo‘lib o‘tgan uchrashuv va bebaho madaniy merosimizni namoyish etuvchi tadbir o‘tkazilishi esa Lotin Amerikasining eng qadimiy oliygohlaridan biri bilan do‘stona munosabatlarni o‘rnatish imkonini beradi. Ahamiyatlisi, 1613-yilda tashkil topgan ushbu universitetda hozirgi kunda 120 mingdan ziyod talabalar tahsil oladi. Eng yirik hisoblangan tibbiyot fakulteti talabalari soni 40 mingdan ko‘p. Zamonaviy laboratoriyalar, markazlar, klinikalar talabalarga ta’lim va amaliyotni uyg‘un holda olib borish imkonini beradi.

Bu yerda almashinuv dasturlarini amalga oshirish bilan birga xalqaro loyihalar ijrosini, ilmiy tadqiqot sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida o‘zaro kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, Kordoba milliy universiteti rahbariyati tomonidan ilk bosqichda ikki OTM o‘rtasida anglashuv memorandumini imzolash taklifi ilgari surildi.

Yana bir jihat O‘zDJTU delegatsiyasining Argentinaga tashrifi doirasida barcha universitetlarda “O‘zbekiston: Bebaho madaniy meros” deb nomlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi. Bu Argentina universitetlari jamoasida katta taassurot qoldirdi va ularning mamlakatimiz bilan hamkorlik o‘rnatishga bo‘lgan qiziqishini yana kuchaytirdi. O‘zbekistonliklar tomonidan tayyorlangan milliy taomimiz — palov ta’mini tadbir ishtirokchilari hali ko‘p vaqt sog‘inishi aniq.

Tadbirlar davomida O‘zbekistonning buyuk tarixi, allomalari, hozirgi kundagi taraqqiyot darajasi, erishilayotgan natijalari, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar tufayli jahon hamjamiyatida kun sayin yuksalib borayotgan nufuzi haqidagi videorolik namoyish etildi. Shuningdek, milliy liboslar, so‘zana, adras, hunarmandchilik namunalari, xalq cholg‘u asboblari va milliy taomlar orqali mamlakatimizning boy madaniyati keng targ‘ib qilindi. Milliy qo‘shiq va raqslarimiz, dutorda ijro etilgan navolar tadbirlarga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. Bu esa argentinaliklarni O‘zbekistonning o‘ziga xos an’analari va qadriyatlari bilan yaqindan tanishtirish imkonini berdi.

Aytish kerakki, xizmat safarimiz davomida mamlakatimiz ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlar, OTMlarning xalqaro reytinglarda erishayotgan yutuqlari keng targ‘ib qilinarkan, Argentinadagi nufuzli oliygohlar bilan o‘rnatilgan hamkorlik nafaqat ta’lim sohasida, balki xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega ekanligiga asosiy urg‘u berildi. Xususan, “QS World Univetsity Rankings by Subject” reytingida 251 — 300 o‘rinni egallab turgan O‘zDJTU Argentina universitetlari bilan hamkorlikka tayyorligi alohida ta’kidlab o‘tildi.

Ishonamizki, O‘zbekiston va Argentina o‘rtasidagi ta’lim va madaniyat sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik ko‘prigini yanada mustahkamlaydi. Erishilgan kelishuvlar talabalar, professor-o‘qituvchilar uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochib, turli sohalarda manfaatli aloqalarni rivojlantirishga, O‘zbekistonning global ta’lim va madaniyat maydonidagi o‘rnini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Ilhomjon TO‘XTASINOV,

O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер