Talabalar Ombudsman faoliyati bilan tanishishdi

18:34 17 Aprel 2023 Jamiyat
560 0

Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) binosida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari bilan ochiq muloqot oʻtkazildi.

Uchrashuvda Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova talabalarni Ombudsman institutining asosiy faoliyat yoʻnalishlari bilan tanishtirdi.

Taʼkidlanishicha, hozirda dunyoning 180 dan ortiq mamlakatida Ombudsman instituti joriy etilgan va ular mustaqil tashkilot sifatida faoliyat yuritadi. MDH davlatlari orasida esa Oʻzbekistonda birinchilardan boʻlib 1995-yil 23-fevral kuni Ombudsman instituti joriy etilgan. Oʻtgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombudsman) koʻplab fuqarolarning jumladan harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda oʻzining munosib oʻrniga ega boʻldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari boʻyicha milliy institutlar bilan oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisida memorandumlar imzolandi.

— Bizning vazifamiz, nafaqat murojaatlarni koʻrib chiqish, balki masalalarni keltirib chiqarayotgan sabablarni aniqlash va ularni tizimli bartaraf etishdir. Yangilanayotgan Konstitutsiyamizning 98 moddasi bilan Ombudsman institutiga takliflarni qonunchilik tashabbusi tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga xaqli ekani belgilab qoʻyildi. Bu esa qonun hujjatlarida aniqlangan boʻshliqlarni toʻldirishda muhim vosita hisoblanadi, – dedi Ombudsman Feruza Eshmatova.

Uchrashuv savol-javoblarga boy tarzda, erkin muloqot shaklida oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?