Tadbirkorlarga mehmonxona boʻyicha yer va mol-mulk soligʻi stavkasi 90 foizga kamaytiriladi

16:21 29 Yanvar 2022 Jamiyat
2542 0

“Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ–104-son, 27.01.2022-y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, xizmatlar sohasini rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilandi. Jumladan:

— mukammal taʼmirlangan, tashqi yoritish, sugʻorish va drenaj tizimi modernizatsiya qilingan, piyoda va velosiped yoʻlaklari qurilgan, aholi gavjum koʻchalar savdo, xizmat koʻrsatish, sayilgoh va koʻngilochar koʻchalarga aylantiriladi;

— Toshkent, Nukus shaharlari, viloyatlar markazlari va boshqa shaharlarda koʻpi bilan har 3-5 ta mahalla uchun mahallalararo savdo-xizmat koʻchasi tashkil etiladi;

— Toshkent, Samarqand va Namangan shaharlarida taʼlim va tibbiyot muassasalari joylashgan hududlarda ixtisoslashgan klasterlar tashkil etiladi.

Qarorga koʻra, 2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha chakana savdo va umumiy ovqatlanish, mehmonxona (joylashtirish) xizmatlari, avtotransportda yoʻlovchi va yuk tashish, transport vositalarini taʼmirlash va ularga texnik xizmat koʻrsatish, kompyuter xizmatlari, maishiy texnikani taʼmirlash, agro va veterinariya xizmatlarini koʻrsatuvchi hamda koʻngilochar maskanlarda xizmatlar koʻrsatuvchi tadbirkorlar uchun uchun ijtimoiy soliq 1 foiz etib belgilandi.

Tadbirkorlarga 2022-yil 1-yanvardan 2027-yil 1-yanvargacha mehmonxona va maydoni 5 ming kvadrat metrdan yuqori boʻlgan savdo komplekslari boʻyicha:

— yer soligʻi va mol-mulk soligʻi stavkasi 90 foizga kamaytiriladi;

— foyda soligʻini hisoblashda binolarning qiymati 2 yil amortizatsiya xarajatlari sifatida chegirib tashlanadi.

2022-yil 1-apreldan 2025-yil 1-yanvargacha 28 ta tuman va shaharlarda umumiy ovqatlanish, mehmonxona, savdo, koʻngilochar, turoperator va turagent xizmatlarini koʻrsatayotgan tadbirkorlar uchun:

— aylanmadan olinadigan soliq – 1 foiz;

— mol-mulk va yer soligʻi hisoblangan summaning 1 foizi miqdorida belgilanadi.

Shuningdek, 2022-yil 1-iyuldan mazkur tumanlar va shaharlarda turizm obyektlarini qurish uchun yer uchastkalarini elektron onlayn-auksion savdosiga chiqarish tartibi joriy etiladi.

Mahallalararo savdo-xizmat koʻchalari boʻyida joylashgan turar joy obyektlari tegishli xizmat koʻrsatish turlari boʻyicha noturar joy obyekti toifasiga oʻtkazilganda 2024-yil 1-yanvargacha ularga nisbatan mol-mulk soligʻi va yer soligʻining jismoniy shaxslar uchun oʻrnatilgan stavkasi saqlab qolinadi.

2022-yil 1-yanvardan uyali aloqa operatorlari uchun uyali aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz soligʻi stavkasi 10 foiz etib oʻrnatiladi.

Qarorga koʻra,Oʻzbekistonga olib kiriladigan ayrim tovarlar (ovoz, tasvir yoki boshqa muʼlumotlarni uzatish yoki qabul qilish apparaturasi, maʼlumotlarni saqlovchi qurilmalar, proyektorlar, karnaylar, quloqchinlar) 2022-yil 1-fevraldan 2025-yil 1-yanvargacha bojxona bojidan ozod etiladi.

2022-2023-yillar davomida “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 640 ta xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etiladi.

Shuningdek, nodavlat maktab va bogʻchalarni qurish sharti bilan tegishli tuman (shahar)larda yer uchastkalari elektron onlayn-auksion savdosiga chiqariladi.

Xizmatlar sohasidagi yangi loyihalar uchun 14 foiz stavkada bitta loyiha boʻyicha 2 milliard soʻmgacha kredit ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?