Tabiiy gazning ham hisob-kitobi bor

13:56 25 Noyabr 2021 Jamiyat
198 0

Kuz-qish mavsumi kelishi bilan aksar hollarda qishloq joylarda aholining tashvishi har qachongidan ortadi. Aksariyat yurtdoshlarimizni tabiiy gaz taʼminotidagi uzilishlar masalasi qiynaydi. Savol tugʻiladi, xoʻsh, nega kunlar sovushi bilan bizda gaz bosimi pasayib ketadi?

Aslini olganda tabiiy gazning ham hisob-kitobi bor. Agar meʼyorda va oʻrinli foydalanilsa, hammaning uyida “zangori olov” yonib turadi. Biroq, amalda bunday emas. Ayniqsa, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari koʻpayib, bu, albatta, taʼminotga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

 Respublikamizda “Hududgaztaʻminot” AJ tomonidan shu kabi holatlarning oldini olish, taʼminot sifatini yanada yaxshilash maqsadida “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish” (ASKUG) loyihasi ishga tushirilgan boʻlib, loyiha doirasida mamlakatimiz boʻylab aholi xonadonlariga 2 milliondan ortiq zamonaviy elektron gaz hisoblash uskunalari bepul yetkazib berildi. Andijon viloyatidagi 190 mingdan ortiq xonadonlar ham mana shunday “aqlli” gaz hisoblagichlar bilan taʼminlandi. Ushbu moslamalarning afzalligi shundaki, bunda tabiiy gazdan oʻgʻrincha foydalanish, oʻzgalar haqini oʻzlashtirib olish imkoniyati mavjud emas. Demak, “aqlli” gaz hisoblash moslamalarining oʻrnatilishi gaz taʼminotidagi uzilishlarga barham beradi.

-Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, har qanday zamonaviy vosita ham isteʼmolchilarning unga boʻlgan munosabati tufayli ijobiy natijasini beradi,-deydi “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti yetakchi mutaxassisi Xasanboy Anorboyev. –Afsuski, hamyurtlarimiz orasida “Aqlli” uskunalardan foydalanish tartiblariga rioya etmaydiganlar uchrab turibdi. Oddiy misol, hozirda viloyatimiz boʻylab xatlov ishlari olib borilmoqda. Unda tabiiy gazdan toʻgʻri foydalanish tartiblari oʻrganilyapti. Noyabr oyining daslatbki 15 kuni davomida 138 ta xonadonda “aqlli” gaz hisoblash uskunalarini uzib qoʻyib, gaz quvuriga shlang orqali ulanib olish holatlariga guvoh boʻldik. Siz bu holatni gaz taʼminotidagi yetishmovchilik tufayli boʻlsa kerak, deb oʻylayotgan boʻlishingiz mumkin. Hamma gap shundaki, “aqlli” hisoblash uskunasidan foydalanilganda isteʼmolchi gazdan qarzdorligi  toʻgʻrisida telefon raqami orqali oldindan xabardor qilinadi. Toʻlovni vaqtida amalga oshirmagan isteʼmolchi avtomatik ravishda taʼminotdan uzib qoʻyiladi. Hamyurtlarimiz aynan shu vaziyatdan qutulib qolish, yaʼni foydalanilgan gaz taʼminoti uchun toʻlovni amalga oshirmaslik uchun uskunani uzib qoʻyishgacha borishmoqda. Qarzdorlikdan qoʻrqmagan bu toifa zamondoshlarimiz, afsuski, toʻlov miqdoridan ham ortiqcha jarima toʻlovini amalga oshirishlariga toʻgʻri kelmoqda. Jumladan, yuqoridagi 138 ta holatda 125 mln. 111 ming soʻm miqdoridagi moddiy javobgarlik chorasi qoʻllanildi.

Mutasaddi idora vakillari tomonidan bu kabi tadbirlar viloyatning boshqa shahar va tumanlarida ham davom ettirilmoqda.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?