“Tabassuming yodimda hamon...”
20-yanvar — Oʻzbekiston xalq shoiri Xurshid Davron tavallud topgan kun
ERIB KETAR XIRA TUMANLAR…
Erib ketar xira tumanlar,
kapalakdek uygʻonar yalpiz.
Osmon daryo boʻlib tuyular,
oʻtlar uzra chopqillaydi koʻz.
Qayragʻochning guli – mitti jom –
jaranglaydi – taralar atir.
Va tushlarga kirar bu oqshom
maysalarni quchoqlab adir.
Shamol yelar erkin, quturib,
quriy boshlar tomlar toʻsini.
Gullayotgan olchani koʻrib
derazalar ochar koʻksini.
Yoritgancha to yurak ichin
sabza oʻtlar shabnamga qonar.
Vatanini sogʻinmoq uchun
yer ostida jangchi uygʻonar.
1980-y.
BOLALIK
Tunlari osmonga tikilar, ammo
Yulduzsizdir, oysizdir samo.
Bahorda koʻrmaydi atirgullarni,
Eshitmas sayragan mast bulbullarni
Derazani yuvgan yomgʻirni koʻrmas,
Holbuki soppa-sogʻ, koʻzlari koʻrmas.
Oyogʻi ostida qor gʻijirlamas,
Uyin ayvonida qush gʻujirlamas.
Na shivir, na pichir, na un, na titroq
Uning yuragiga solar qaldiroq.
Koʻksini paypaslar faqat damba-dam
Qalbini bolalik tark etgan odam.
2007-y.
TABASSUMING YODIMDA HAMON…
Tabassuming yodimda hamon,
Yodimdadir xandon koʻzlaring.
Kulgularing eslayman, bu on
Unutilgan yolgʻon soʻzlaring.
Atirgulning bargiday qizil,
Alvon edi tabassuming ham –
Ey koʻzlari xandon urgan qiz,
Nahot sendan qoldi faqat gʻam?!
Men bilaman, eng soʻnggi palla
Jonsiz qolib, sirgʻalsa qoʻlim,
Sening… sening tabassuming-la,
Koʻzlarimga boqadi oʻlim.
BIZ BILAN
Jasorat tuygʻusi yonida,
Qoʻrquvning nafasi biz bilan.
Lojuvard osmonni toʻldirgan,
Qushlarning qafasi biz bilan.
Biz bilan bobolar armoni,
Hadikning hassasi biz bilan.
Yurtim deb jon bergan botirlar,
Bobolar qissasi biz bilan.
Alpomish Goʻroʻgʻli kelbati,
Vatan deb oʻlmoqlik navbati,
Yalavoch boʻlmoqlik navbati,
Xiyonat sharpasi biz bilan.
Oy chiqar mozorlar ustiga,
Kun chiqar bozorlar ustiga,
Boqarmiz hech nima sezmasdan,
Hayotning gʻussasi biz bilan.
* * *
Suydigimning sochlari qora –
Dardim kabi.
Suydigimning kiprigi uzun –
Dardim kabi.
Suydigimning lablari shirin –
Dardim kabi.
Suydigimning koʻzlari yashnar
Dardim kabi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston bojxona sohasi xodimlariga tabrik yoʻlladi
- “Nigilist pingvin”. Ruhan ezilgan va hayotdan maʼno izlayotganlar uchun noodatiy mem ommalashmoqda
- Tarix va zamonaviylik uygʻunlashgan shahar — Turkiya poytaxtidan fotoreportaj
- Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida qisqa fursatga toʻxtagan Italiya Respublikasi Bosh vaziri Jorja Meloni bilan uchrashuv oʻtkazdi
- Shimol yogʻdusi — moʻjiza emas dahshat. Quyoshda X toifali kuchli chaqnash sodir boʻldi
- Oʻzbekiston armiyasi Markaziy Osiyoda birinchi o'rinda — dunyo armiyalari reytingi eʼlon qilindi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring