Suvni tejash — kelajak talabi
Mutaxassislarning maʼlum qilishlaricha, 2050-yilga borib respublikamizda suv tanqisligi yuzaga kelishi mumkin. Ayni paytda buning oldini olishning eng samarali yoʻli — suvni tejab foydalanishdir. Shu bois hududlarda “obi hayot”dan unumli foydalanish, uning behuda sarf boʻlishining oldini olish boʻyicha aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Andijon viloyatida 2025-yilda 1312,8 kilometr kanalni betonlash ishlari bajarildi. Joriy yilda esa bu koʻrsatkichni 999,3 kilometrga yetkazish rejalashtirilgan. Mazkur ishlar natijasida suvdan foydalanish samaradorligi 90 foizgacha oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda “Norin–Qoradaryo” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida boʻlib oʻtgan press-tur davomida maʼlum qilindi.
— Boshqarmamiz Andijon viloyatidagi 273,559 ming gektar, shuningdek, Qirgʻiziston Respublikasining Jalolobod viloyatidagi 8,2 ming gektar hamda Oʻsh viloyatidagi 3,5 ming gektar sugʻoriladigan ekin maydonlarini suv bilan taʼminlaydi, — deydi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Shuhratjon Ergashev. — Faoliyatimizda suvni tejash va isrofgarchilikning oldini olishga alohida eʼtibor qaratyapmiz. Buning uchun ariq va kanallarni betonlash, sohani raqamlashtirish hamda tejamkor texnologiyalarni joriy etish ishlari izchil davom etmoqda.
Tadbirda taʼkidlanishicha, oʻtgan yili viloyatda ekin maydonlarini lazerli tekislash orqali 190 million kub metr suv tejab qolingan. Raqamli texnologiyalarni qoʻllash natijasida esa 42 million kub metr suv isrofgarchiligining oldi olingan. Joriy yilda 737 million kub metr suvni iqtisod qilish rejalashtirilgan boʻlib, bu boradagi ishlarga allaqachon kirishilgan.
Xulosa qilib aytganda, viloyatda suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish boʻyicha barcha imkoniyatlar toʻliq ishga solinmoqda.
Saminjon HUSANOV, ”Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Alisher Navoiy – ilm va maʼno ehtiyoji manbai
- Investorlar uchun eng jozibador hudud yoxud investitsiya oqimidagi keskin tafovutning sabab va oqibatlari
- Ilm-fan sohasida xotin-qizlarga yaratilgan imkoniyatlarga bagʻishlangan anjuman
- Oʻzbekistonda inson aʼzolarini 3D bioprinterda chop etish imkoniyati yaratilmoqda
- Bedilni xalqqa tanitgan xattot
- Milliy naqshlarda oʻzligimiz namoyon
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring