Suv tejovchi texnologiyalar yetarlimi?

17:23 17 Mart 2021 Iqtisodiyot
604 0

Respublikamizda 4,3 mln. gektar sugʻoriladigan ekin maydonlari mavjud boʻlib, shundan 291,2 ming gektarida (7 foiz) suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan. Jumladan, 120,5 ming gektar tomchilatib, 3,5 ming gektar yomgʻirlatib va 4,2 ming gektar maydon diskret usulida sugʻoriladi. 163 ming gektar maydonlarda esa egiluvchan quvurlar orqali sugʻorish joriy qilingan.

Prezidentimizning “Qishloq xoʻjaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yana-da jadal tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, 2021-yilda suvni tejovchi texnologiyalarni besh barobarga oshirish va 430 ming gektarga yetkaziladi. Bunda 230 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hamda 200 ming gektar ekin maydonlarini lazer uskunalar yordamida tekislash koʻzda tutilgan.

Bu vazifani uddalash uchun mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarning quvvati yetadimi? Hozirgi kunda mamlakatimizda nechta korxona, qancha hajmda suvni tejaydigan texnologiyalarni ishlab chiqarmoqda? Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Toshkent tumanida joylashgan “Eco Drip Lux” korxonasiga tashkil etilgan press-tur davomida shular xususida soʻz yuritildi.

Korxona bir yilda jami 110 ming gektar maydonga yetarli miqdorda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi uskunalari va ularning butlovchi qismlarini ishlab chiqarish quvvatiga ega. Yaqinda suv tejovchi texnologiyalarining ulovchi va butlovchi fitinglari va filtrlarini ishlab chiqarish ham yoʻlga qoʻyildi.

Korxona direktori Akmal Ahmedovning taʼkidlashicha, yaqin yillargacha, asosan, suvni tejovchi texnologiyalar uchun turli oʻlchamdagi polietilen quvurlar ishlab chiqarilar edi. Ichki bozorda PVX quvurlarga talab yuqori ekanligi bois xorijdan keltirilayotgan shu turdagi quvurlarni ham ishlab chiqarish oʻzlashtirildi.

2019-yilda respublikamizda 34,5 ming gektar maydonda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan boʻlib, mahalliy korxonalar barmoq bilan sanarli boʻlganligi uchun texnologiyalarning 90 foiz uskunalari va butlovchi qismlari xorijiy davlatlardan keltirilgan edi. Oʻtgan yilda esa suv tejovchi texnologiyalar asbob-uskunalari va butlovchi qismlarini ishlab chiqaruvchi mahalliy korxonalar soni 10 taga yetkazildi. Yil davomida 43 ming gektarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy etilgan boʻlsa, shundan 30 foizi, yaʼni 13 ming gektari mahalliy korxonalar mahsulotiga toʻgʻri keldi.

Ushbu texnologiyalarga talab ortar ekan, bugungi kunda suvni tejovchi texnologiyalarning uskunalari va butlovchi qismlarini mahalliy sharoitda ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 30 taga yetdi. Bu bilan 2021-yilda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilinadigan maydonlarning 50 foizini mahalliy korxonalar mahsuloti qamrab olishga imkon yaratildi.

Bugungi kunga qadar respublikamizda jami 9 830 ta fermer xoʻjaliklari va klaster tashkilotlari bilan quruvchi pudrat korxonalari oʻrtasida 363,7 ming gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish boʻyicha pudrat shartnomalari rasmiylashtirilib, shundan 84,7 ming gektar maydon boʻyicha qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

Yil yakuniga qadar mamlakatimizda shu turdagi mahalliy korxonalar sonini 100 taga yetkazish, sogʻlom raqobat muhitini yuzaga keltirish va sifat bosqichiga katta eʼtibor qaratish moʻljallangan. Natijada yurtimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish imkoniyatlari yana-da kengayadi.

Dilshod ULUGʻMURODOV
(“Xalq soʻzi”)

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?