Suv resurslari taqchilligi bilan bogʻliq memorandum imzolandi

18:16 17 Yanvar 2024 Jamiyat
294 0

Hozirgi oʻta murakkab iqlim sharoitida sayyoramizda yuzaga kelayotgan global ekologik muammolar sababli suv resurslari taqchilligi xavfi tobora ortib bormoqda. Bu nafaqat Oʻzbekiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi, balki butun dunyo mamlakatlarini tashvishga soladigan dolzarb masalaga aylanib bormoqda.

Bundan 30-35 yil oldin mamlakatimizda foydalaniladigan yillik suv miqdori 62-64 mlrd. m3 atrofida boʻlgan. Hozirga kelib esa 51-52 mlrd. m3 ga tushib qoldi. Agar vaziyat shu tarzda davom etaversa, yaqin yigirma yilda ikki yirik daryo – Amudaryo va Sirdaryo oqimi hozirgidan 15 foizga qisqarishi, aholi jon boshiga suv bilan taʼminlanish darajasi 25 foizga, qishloq xoʻjaligida hosildorlik esa 40 foizga kamayib ketish ehtimoli mavjud.

Binobarin, bu dolzarb masalaga befarq qarab boʻlmaydi. Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi oʻrtasida oʻzaro Memorandum imzolandi.

Bu muhim kelishuvda suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini qabul qilish, ularga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritishda hamkorlik qilish, suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlarini belgilash hamda suv xoʻjaligiga oid strategik davlat dasturlarini qabul qilish, fuqarolarning suv resurslari obyektlaridan oqilona foydalanishi, ularni muhofaza qilishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini amalga oshirish kabi vazifalar belgilangan.

Shuningdek, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi va Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi bilan hamkorlikda 2024-yilda suv resurslaridan foydalanish va ularni muhofaza qilishga qaratilgan “yoʻl xaritasi” ham tasdiqlandi.

— Oʻzbekiston Ekologik partiyasi vazirligimiz bilan Memorandum imzolash va birgalikda targʻibot tadbirlarini olib borish tashabbusi bilan chiqqani bizni nihoyatda xursand qildi, — dedi Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamrayev. — Biz tashabbusni qoʻllab-quvvatlaymiz, “yoʻl xaritasi”dagi barcha tadbirlarni birgalikda va oʻz muddatlarida bajarib, amaliy natijalarga erishamiz.

Shu maʼnoda davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasi, Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi kengashi, SOP-28 va boshqa nufuzli xalqaro anjumanlarda jahon jamoatchiligi eʼtiborini shu muammoga qaratib, suv tanqisligini yumshatish boʻyicha yangi gʻoyalarni ilgari surgani tahsinga sazovor.

— Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekiston Ekologik partiyasidan 15 nafar deputat bor, — deydi partiya Markaziy Kengashi ijroiya qoʻmitasi raisi Abdishukur Hamzayev. — Mahalliy kengashlardagi deputatlar soni esa 600 nafarga yaqin. Partiya aʼzolari soni 620 mingdan oshadi. “Suv tekin emas” gʻoyasini targʻib etishda, aholi oʻrtasida obihayotdan tejamkorlik bilan foydalanish madaniyatini yuksaltirishda partiyamiz katta kuch hisoblanadi. Kelajak avlod uchun suv va boshqa tabiiy resurslarni asrash nafaqat tegishli tashkilotlarning balki barchamizning vijdoniy burchimizga aylanishi lozim.

Faxriddin BOZOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер