Surxondaryoga ilm izlab kelgan afgʻon yigiti
Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tahsil olayotgan xorijlik talabalar soni ortib bormoqda. Maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilga nisbatan 2024-yilda chet ellik talabalar soni toʻrt barobarga oshgan. Xoʻsh, xorijlik yoshlarning Oʻzbekistonga intilishiga qanday sabablar turtki bermoqda?
Termiz davlat universiteti oʻzbek filologiyasi fakulteti talabasi afgʻonistonlik Emodi Nesar Ahmad ham Surxondaryoga ilm izlab kelgan.
— Avvalo, Oʻzbekistonda Navoiy, Farobiy bobolarimiz orzu qilgan jamiyatni yaratish maqsadi bor, — deydi Emodi Nesar Ahmad. — Bunday obod, tinch-osuda, farovon hayotni barcha davlat xalqlari, ayniqsa, yoshlari orzu qiladi. Oʻzbek yoshlarining erishayotgan olamshumul yutuqlari ham shundan aslida. Oʻzbekiston boy va rang-barang madaniyatga ega. Milliy anʼanalar, urf-odatlar, sanʼat va meʼmorchilik bilan dunyoga mashhur. Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz kabi shaharlardagi tarixiy obidalar menda ham katta qiziqish uygʻotgan. Toʻrt faslga teng goʻzal tabiati, mehmondoʻstligi, barcha xalqlarga manzur boʻladigan milliy taomlari — bularning bari xorijlik yoshlarni oʻziga chorlamoqda. Eng asosiysi, sifatli taʼlimga eʼtibor kuchli. Mamlakatning koʻplab oliygohlarida xorijlik talabalar uchun sifatli taʼlim olish imkoniyati mavjud. Eng muhimi, Oʻzbekistonning tinch va barqaror mamlakat sifatidagi obroʻsi xalqaro maydonda yuqori. Bu yerda tahsil olib ketganlarning ijobiy taassurotlari xorijlik yoshlarni ham Oʻzbekistonga kelib oʻqishga undamoqda.
Emodi Nesar Ahmadning millati afgʻon boʻlsa-da, oʻzbek tilida ravon gapiradi.
— Oʻzbek tili va adabiyotiga boʻlgan mehrim bolalikdan uygʻongan, — deya davom etadi u. — Shu zamin kamolga yetkazgan Navoiy, Bobur, Qodiriy, Choʻlpon, Behbudiy singari allomalar asarlari oʻziga maftun etgan. Ota-onam bunga hech qachon moniylik qilmagan, aksincha, ragʻbatlantirgan. Tanlagan yoʻlimni anglagan ota-onam, albatta, Oʻzbekistonda tahsil olishim kerakligini aytgan. Buning uchun menga barcha sharoitlarni yaratib berishdi.
Avvalo, har bir yosh xorijda tahsil olishi uchun maʼqul mamlakat va qarashlariga mos oliygohni tanlaydi. Toʻgʻri, AQSH, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Germaniya, Irlandiya xorijiy talabalarning tahsil olishi uchun qulay mamlakatlar sifatida eʼtirof etiladi. Ammo tahsil haqida gap ketganda, faqatgina mamlakatning jozibadorligiga uchish emas, balki tanlanajak sohaning oʻsha yurtda qanchalik rivojlangani va talabgirligini ham inobatga olish kerak.
Shukurki, bugungi kunda mamlakatlarimiz doʻstona munosabati har qachongidan ham aʼlo darajada. Tanlagan mutaxassisligim oʻzbek tili va adabiyoti boʻlgani uchun Oʻzbekiston oʻz vatanidek boʻlib qoldi.
Inson oʻz oldiga qoʻygan maqsadlari tanlagan yoʻlida erishayotgan muvaffaqiyatlarida ham namoyon boʻladi. Emodi Nesar Ahmad Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi va Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamkorligida oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan xorijlik talaba-yoshlar oʻrtasida oʻtkazib kelinayotgan “Oʻzbek tili — qalbim tarjimoni” koʻrik-tanlovining joriy yilgi respublika bosqichida 2-oʻrinni egalladi. Uning maqsadlari ulkan. Tanlagan sohasining yetuk mutaxassisi boʻlishga ishtiyoqi kuchli. Kelajakda yurtiga borib, oʻzi singari qiziquvchi yoshlarga bu yerda oʻrgangan bilimlarimni ulashishni orzu qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring