Surxondaryoda gʻoʻza gulladi

15:14 19 May 2025 Jamiyat
189 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Angor tumanidagi “Zamin Angor Cluster” paxtachilik-toʻqimachilik klasterining Kayran mahallasi hududida joylashgan 12 gektarlik paxta dalasida gʻoʻza gulladi.

Bu yil tuman paxtakorlari 4 ming 450 gektar yerda gʻoʻza parvarishlamoqda. Ana shu maydonning 3 ming 681 gektari “Zamin Angor Cluster” paxtachilik-toʻqimachilik klasteriga qarashli.

Shu yil mart oyida Kayran hududida 12 gektar maydonga “Termiz-202” navli chigit qadalgandi. Bir tekis unib chiqqan nihollarni oziqlantirish, qator oralarini kultivatsiya qilib, yumshatish ishlari uyushqoqlik bilan olib borilmoqda. Ushbu agrotexnik ishlar natijasida birinchilardan gʻoʻza nihollari gullab, ilk hosil nishonalarini koʻrsatdi.

Joriy mavsumda Surxondaryo viloyati paxtakorlari 62 ming 852 gektar maydonda gʻoʻza parvarishlab, moʻl hosil olishni moʻljallamoqda. Viloyatda paxta yetishtirilayotgan maydonlarning qariyb 30 ming gektarida Xitoy-Shinjon texnologiyasi asosida, qolgan maydonlarda mahalliy sharoitga moslashtirilgan xorijiy va mahalliy navli gʻoʻza nihollari parvarishlanmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?