Sunʼiy goʻzallik qurbonlari

16:17 11 Mart 2025 Jamiyat
111 0

Goʻzallik qurbonlik talab qiladi. Ammo oʻz salomatligini xatarga qoʻyib, oʻz ixtiyori bilan jarrohlik stoliga yotish qurbonlikka arziydimi? Afsuski, ayrim opa-singillarimiz chiroyli boʻlish uchun hatto tigʻ ostigacha kelishga rozi.

Shahar koʻchalarida bir-biriga oʻxshash haddan ortiq boʻyangan xotin-qizlarni koʻrib, bu buvimi, onami, kelinmi yoki qiz ajratolmay qolasiz. Hammasi qoʻgʻirchoqdek hurliqo, lablar botoks, yuzlar ham qarishni sunʼiy toʻxtatadigan vitaminlar bilan shishirilgan. Ular shu yuz bilan ijtimoiy tarmoqlarga selfi joylashtiradi. Erkaklar tomonidan goʻzalligi tasdiqlanishini xohlab, hammaning boshini aylantiradi. Bu “ahmoqning orzusi” uch-toʻrt oylik kosmetologiya kurslarida oʻqiganlarga ham qoʻl kelib, yetarli tajribaga ega boʻlmay unda ilk bor jarrohlik amaliyotini sinab koʻradi. Ayrim xeshtegchilar, kosmetologlar va shifokorlar vaziyatdan foydalanib, buning ortidan million-million daromad topmoqda. Mijozga xizmat koʻrsatayotganda ehtiyotsizlik oqibatida tashqi koʻrinishga yetkazilgan zararning javobgarligini kim boʻyniga oladi? Bugun ijtimoiy tarmoqlar botoks oqibatida yuziga yoki labiga shikast yetgan fuqarolarning arz-dodiga toʻlib yotibdi. Cogʻliqni saqlash vazirligi, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi, sud yoki boshqa vakolatli organlar shu paytgacha goʻzallik salonlarida isteʼmolchi sifatida huquqlari buzilib yordam soʻraganlarning murojaatlarini nechtasini koʻrib chiqdi? Fuqarolik kodeksning 985-moddasiga koʻra, gʻayriqonuniy harakat (harakatsizlik) tufayli fuqaroning shaxsiga yetkazilgan zarar zararni yetkazgan shaxs tomonidan toʻliq hajmda qoplanishi lozim.

— Modaga koʻr-koʻrona ergashish yaxshilikka olib bormaydi, — deydi oliy toifali shifokor A.Toʻychiboyev. — Sababi, botoks, filler, yuzga vitamin yuborish muolajalari infeksion jarayon hisoblanadi. Afsuski, malakasiz kosmetologlarning xatosi tufayli bir umrga chandiq bilan yurishga majbur boʻlayotganlar koʻplab uchraydi. Kosmetolog, dermatovenerologlar mijozlarga faqat teri, yuz parvarishi uchun qimmatbaho mahsulotlarni “reklama” qilish emas, koʻproq tabiiyligini asrab qolishga eʼtibor qaratishi kerak.

Xalqimizda “Onangni otangga bepardoz koʻrsatma” degan naql bor. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” filmida ham kenja kelin hovliga yasanib chiqadi. Qaynonasi bu hozirgi zamon psixologlarining tavsiyasi ekanini, xotin erini chiroyli koʻrinishda kutib olsa, oila mustahkam boʻlishini aytadi. Hayot shuki, har doim ham bir goʻzal erkak yonida bir goʻzal ayol boʻlmasligini mumkin. Biroq baxtli boʻlish goʻzallikka qaramaydi, oʻrtacha koʻrinishdagi ayollar dunyodagi eng baxtli oila bekalari, onalar va koʻplab nabiralarning sevimli buvijonisi boʻlib yashab kelayotgani ayni haqiqat. Buning sababi oddiylikda, goʻzallikda va tabiiylikda, albatta. Hozir ham qishloqlarda manikyur, pedikyur nimaligini bilmaydigan xotin-qizlarimiz koʻp. Buvilar oʻz oʻrnida, onalar oʻz mavqeida, qizlar ham sodda va toza qalb egalari. Goʻzallik degandan haligacha hovlisining kaftdek yeriga oʻsma ekishni tushunadiganlar bor. Pardoz-andozsiz ham ularning yuzlari nurli, qoshu koʻzlari porlab turadi. Oʻsma yoki surma demasa, hech qachon ortiqcha boʻyanmaydi.

Keyingi paytda milliylik targʻibotiga respublika miqyosida eʼtibor berilmoqda. Idora, korxona va muassasalarda atlas va adras kiygan xotin-qizlar, milliy doʻppidagi yigitlarga koʻryapmiz. Ayniqsa, har juma milliy liboslar kuni sifatida belgilangani nihoyatda quvonarli. Ajdodlarimiz anʼanasiga sodiq holda milliy liboslarimizni “trend”ga chiqarish yoʻlidagi bunday harakatlarni qoʻllab-quvvatlashimiz kerak. Faqat suratga tushish emas, boshimizdagi doʻppi yoki egnimizdagi milliy liboslarni kiyishdan gʻururlanaylik.

Masalaning ogohlikka chorlaydigan jihati, chetdan “taʼsir oʻtkazish“ degan tushuncha sunʼiy goʻzallik misolida tizimli ishlab, yot unsurlar yoqimli uslublar yordamida ong ostiga taʼsir koʻrsatadi. Bu milliyligimizga putur yetkazishi bilan yanada xavfli. Shundan ehtiyot boʻling, Qizlarjon!

Mirmuhsin MIRZOKIROV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер