Standartlashtirish, metrologiya, sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Senatning qirq birinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar kiritish haqida”gi Qonun senatorlar tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mazkur Qonun texnik jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish, shuningdek, muvofiqlikni baholash qoidalari buzilishlarining oldini olish sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llaniladigan ta’sir choralarini yanada tartibga solish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga muvofiqlikni baholash organlari tomonidan muvofiqlikni baholash qoidalarini texnik reglamentlar talablariga muvofiq bo‘lmagan mahsulot chiqarilishiga yoki muvofiqlikni baholashni amalga oshirish uchun mahsulotni taqdim etgan jismoniy yoki yuridik shaxsga zarar yetkazilishiga sabab bo‘ladigan tarzda buzganlik uchun javobgarlikni belgilovchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Qonunda muvofiqlik sertifikati berilishi asossiz ravishda rad etilsa, muvofiqlik sertifikatining yoxud muvofiqlik to‘g‘risidagi deklaratsiyaning amal qilishini asossiz ravishda to‘xtatib turgan yoki tugatgan muvofiqlikni baholash organi va uning mansabdor shaxslarining javobgarligi ham nazarda tutilmoqda.
Xususan, ushbu huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solish belgilanmoqda.
Agar ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida huquqbuzarlik takror sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravaridan 80 baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatuvchi sinov laboratoriyalari va sertifikatlashtirish idoralarining mas’uliyatini oshirish va mahsulotlarning sifat ko‘rsatkichlarini to‘liq baholash orqali aholini sifatli mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlashga olib keladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Senatning qirq beshinchi yalpi majlisi 29-sentabr kuni chaqiriladi
- Chustda bogʻcha tarbiyalanuvchilari doridan zaharlanganmidi yoki... Vaziyatga aniqlik kiritilmoqda
- Hanjouda Osiyo o‘yinlariga start berildi. Ochilish marosimidan fotoreportaj
- Astraxanda VIII Kaspiy mediaforumi boʻlib oʻtdi
- Shavkat Mirziyoyev Italiya sobiq prezidenti vafoti munosabati bilan taʼziya yoʻlladi
- Samarqand davlat universiteti — Markaziy Osiyodagi noyob oliy taʼlim dargohi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring