SSV: Oʻz vazifasiga sovuqqonlik bilan qaragan tibbiyot xodimlari vazifasidan ozod etildi

23:43 11 May 2021 Jamiyat
1219 0

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar 1-son tugʻruq kompleksiga homilador ayolini olib kelgan turmush oʻrtogʻi tomonidan suratga olingan videomaterial paydo boʻldi. Unda aytilishicha, homilasi yetilib, tugʻruq ogʻriqlari boshlangan boʻlsada, ayolni ushbu tibbiyot muassasasiga qabul qilishmagan hamda unga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatilmagan.

Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati xabar berishicha, mazkur masala yuzasidan sogʻliqni saqlash vaziri Abduhakim Xadjibayev tugʻruqqa ixtisoslashgan shahar va respublika tibbiyot muassasalari bosh vrachlari ishtirokida tezkor yigʻilish oʻtkazdi. Unda sogʻliqni saqlash tizimining xalqimiz oldidagi obroʻyiga putur yetkazishi mumkin boʻlgan bunday salbiy holatlar keskin tanqid qilinib, boshqa uni takrorlanmasligi boʻyicha qatʼiy ogohlantirishlar berildi, vaziyatga oydinlik kiritilib, aybdorlarga tegishlicha choralar koʻrilishitaʼkidlandi.

Vaziyat Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi tomonidan oʻrganilib, quyidagilar maʼlum qilindi. Homilador ayol O.S. 2000-yilda tugʻilgan boʻlib, Samarqand viloyati, Ishtixon tumanida doimiy roʻyxatda turib, hozirda Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida istiqomat qiladi.

Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, ushbu voqea tarqalgan xabarlarda aytilganidek, 5-may kuni emas, shu yilning 29-aprel kuni sodir boʻlgan. Shu kuni soat 04:25 da ayolni turmush oʻrtogʻi X.M. tugʻruq ogʻriqlaridan shikoyat qilgani uchun Toshkent shahar 1-son tugʻruq kompleksiga olib kelgan. Navbatchi shifokor ayolni koʻrikdan oʻtkazib, «Homiladorlik 1, 41-xafta. Tugʻruqning 1-davri latent fazasi» tashxisini qoʻygan.

Ammo ayolning almashuv varaqasida Yangiyoʻl tumani 69-son qishloq shifokorlik punktida roʻyxatda turganini inobatga olib, dislokatsiya boʻyicha Yangiyoʻl tumani tugʻruq kompleksiga yoki Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasidagi tugʻruq boʻlimiga borish tavsiya qilingan.

Shu kuni soat 5:40 lar atrofida homilador ayol turmush oʻrtogʻi tomonidan chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasida Toshkent tibbiyot akademiyasining 1-klinikasi tugʻruq boʻlimiga olib borilgan va u yerda «Homiladorlik 1, 41 xafta. Tugʻruqning 1-davri» tashxisi bilan qabul qilingan. 2021-yil 29-aprel kuni soat 7:40 da ogʻirligi 3700 gr boʻlgan qiz dunyoga kelgan. Tugʻruqdan keyingi davr asoratsiz oʻtgan. Shu yilning 3-may kuni ayol farzandi bilan ahvoli qoniqarli holatda uyiga javob berilgan.

Ushbu vaziyat yuzasidan oʻzi masʼul boʻlgan yoʻnalishda shunday salbiy holatlarning oldini olish choralarini koʻrmagani uchun Toshkent shahar Sogʻliqni saqlash bosh boshqarmasi boshligʻining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda reproduktiv salomatlik boʻyicha oʻrinbosari R.Haitbayeva bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi.

Tibbiyot muassasasida ushbu qoʻpol holatga yoʻl qoʻyilgani uchun ushbu tugʻruq kompleksi bosh shifokori R. Alimjanova ham egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Shuningdek, oʻz ishiga sovuqqonlik bilan qaragani va homilador ayolga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatmagani uchun qator tibbiyot xodimlariga ham tegishli choralar koʻrildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?