"Sportni sev, sport bilan yasha!”

00:31 16 Yanvar 2021 Sport
2101 0

Mamlakatimiz Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan huquq-tartibot idoralari tomonidan yurt posbonlari oʻrtasida turli sport musobaqalari tashkil etildi.

Xususan, Ichki ishlar vazirligining tarkibiy tuzilmalari xodimlari oʻrtasida «Sportni sev, sport bilan yasha!” shiori ostida sportning minifutbol turi boʻyicha musobaqa oʻtkazildi.

— Prezidentimizning “Sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida tashkil etilgan ushbu turnir Vatan himoyachilari bayramiga hamohang oʻtdi, — deydi IIV Axborot xizmati xodimi, leytenant Nilufar Toʻraxonova. — Maqsadimiz — vazirlikning tarkibiy tuzilmalari xodimlari oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishdir. Bu yoʻnalishda alohida chora-tadbirlar dasturi ham tasdiqlangan.

Bellashuvda jami 16 ta terma jamoa oʻzaro kuch sinashdi. Murosasiz kechgan musobaqa yakuniga koʻra, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi terma jamoasi 1-oʻrinni, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi 2-oʻrin va vazirlikning Moliya va moddiy-texnika taʼminoti departamenti 3-oʻrinni qoʻlga kiritdi.

Shu bilan birga, jamoalar oʻrtasida “Eng yaxshi darvozabon” va “Eng yaxshi hujumchi” nominatsiyalari boʻyicha ham eng munosiblar aniqlandi.

Gʻolib va sovrindor jamoalar kubok va diplom, shuningdek, qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.

Rahim SHERQULOV
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?