Sport sohasidagi rejalar boʻyicha axborot berildi

18:15 23 May 2024 Siyosat
331 0

Prezident Shavkat Mirziyoyevga sport taʼlimini rivojlantirish va xalqaro musobaqalarni oʻtkazish rejalari boʻyicha axborot berildi.

Mamlakatimizda sport infratuzilmasi rivojlantirilib, xalqaro talablar darajasidagi shart-sharoitlar yaratilmoqda. Shunga asoslanib, FIFA qarori bilan futzal boʻyicha bu yilgi jahon chempionati yurtimizda oʻtkazilishi belgilangan. Musobaqa 14-sentyabr – 6-oktyabr kunlari Toshkent, Andijon va Buxoro shaharlarida tashkil etiladi. Unda dunyoning eng kuchli 24 jamoasi qatnashadi. Ishtirokchi mamlakatlardan nufuzli mehmonlar, 30 mingdan ziyod muxlislar kelishi kutilmoqda.

Mutasaddilar bu borada koʻrilayotgan tayyorgarlik ishlari, sport va madaniy tadbirlar rejalari yuzasidan axborot berdi. Chempionatni yuqori saviyada oʻtkazish uchun Bosh vazir rahbarligida tashkiliy qoʻmita tuzilishi belgilandi.

Maʼlumki, poytaxtimizning Yashnobod tumanida Olimpiya shaharchasi barpo etilmoqda. Kelgusi yil u yerda yoshlar oʻrtasida yozgi Osiyo oʻyinlari oʻtkaziladi.

Keyinchalik undan samarali foydalanish maqsadida Olimpiya shaharchasida Oʻzbekiston davlat sport akademiyasi tashkil qilinishi koʻzda tutilgan. Ushbu muassasa huzuriga Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Mutaxassislar malakasini oshirish instituti ham oʻtkaziladi. Akademiya tizimida Sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi, Axborot kutubxona markazi, Oʻzbekiston tarixi va xorijiy tillarni oʻqitish markazi ochiladi.

2025/2026 oʻquv yilidan boshlab, akademiyaga 3 ta bakalavr yoʻnalishi va 6 ta magistratura mutaxassisligi boʻyicha qabul boshlanadi. Bitiruvchi talabalarga toʻgʻridan-toʻgʻri 6-yillik trenerlik malaka sertifikati beriladi. Olimpiya va paralimpiya kollejlaridan seleksiya qilingan bitiruvchilar toʻgʻridan-toʻgʻri ikkinchi kursga qabul qilinadi.

Shundan kelib chiqib, mutasaddilarga kafedralar va oʻquv dasturlarini ilgʻor xorijiy tajribasi asosida tashkil etish, yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Sport taʼlimidagi yana bir yangilik Kurash mahorat maktablari boʻladi.

Kurash ming yillik qadriyatimiz va milliy sportimiz. Dunyoda bu bilan 30 million, Oʻzbekistonda 30 ming kishi professional shugʻullanmoqda. Havaskor yoshlar bundan ham koʻp.

Shuning uchun har bir viloyat markazida Kurash mahorat maktablari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Mahorat maktabida 140 nafar oʻquvchi boʻladi, ular 5-11-sinf bolalar orasidan tanlab olinadi.

Taqdimotda Parij olimpiadasiga koʻrilayotgan tayyorgarlik boʻyicha ham hisobot berildi.

Terma jamoalarimiz ushbu nufuzli musobaqaga yuqori darajada hozirlik koʻrmoqda, chet ellarda maqsadli oʻquv-mashgʻulotlari oʻtkazilmoqda. Sportchilarimiz futbol, suvga sakrash, kamondan oʻq otish, ayollar oʻrtasida erkin kurash boʻyicha ilk bor olimpiadaga yoʻllanma olgani ahamiyatli. Oldinda yana yoʻllanmalarni qoʻlga kiritish, Olimpiya oʻyinlarida munosib qatnashish maqsad qilingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер