Soʻxliklarning ushalayotgan orzulari

20:39 27 Yanvar 2026 Jamiyat
257 0

Soʻxni tepadan kuzatganmisiz? Uylaru dalalarni baland togʻlar qurshab olganini koʻrganda, tabiatning haqiqiy goʻzalligiga shohid boʻlasiz. Osmonoʻpar togʻlar bagʻrida joylashgan bu vodiyning har bir goʻshasi olis moziydan soʻzlaydi. Togʻ qishloqlarida havo biroz sovuq boʻlsa-da, bahor kirishi bilan bogʻlar, adirlar va gulzorlar yanada yashnab, vodiyga alohida husn bagʻishlaydi. ​ Soʻxliklar azaldan dehqonchilik va bogʻdorchilikda katta tajribaga ega. Qishu yoz hovlilar va issiqxonalarda gullar yashnab turadi. Soʻx koʻchalari ham yildan-yilga rivojlanib, yangi yoʻllar, uy-joylar va maktablar bilan yanada obodlashmoqda. Bu esa tumanni Fargʻona viloyatining namunaviy hududlaridan biriga aylantirmoqda. — Ilgari eng katta muammo ishsizlik edi, — deydi faxriy oʻqituvchi Salohiddin Zavharov. — Koʻplab yoshlar ish izlab xorijga ketar, ular yuborgan mablagʻlar oilalarning asosiy daromad manbai boʻlardi. Bugun esa vaziyat tubdan oʻzgardi. Endi ota-onalar farzandlarining bilim olishi, til oʻrganishi va kasb-hunar egallashiga alohida eʼtibor qaratmoqda. Maktablar, sport va sanʼat toʻgaraklari, ijtimoiy markazlar hamda mahalliy ustaxonalar yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Hokimlik va mahalliy kengashlar aholining dehqonchilik bilan shugʻullanishi uchun shart-sharoitlarni kengaytirmoqda. Yer uchastkalari ajratish, undan oqilona foydalanish, zamonaviy agrotexnika va bogʻdorchilik usullarini joriy etish orqali oilalar barqaror daromad manbaiga ega boʻlyapti. Mahalliy tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, marketing va eksport masalalarida ham amaliy yordam koʻrsatmoqda. Shu tariqa, ilgari muammo boʻlib koʻringan holatlar bugun zamonaviy bilim, tadbirkorlik va mahalliy imkoniyatlar asosida ijobiy yechim topmoqda. ​ Soʻxliklarning bugundan koʻngli toʻq, ertadan esa umidi baland. Buning sababi — mamlakatimizdagi hayotbaxsh islohotlarning nafasi Fargʻonaning eng chekka hududlarigacha yetib borayotganidir. Joriy yilda “Mulgon” va “Sebzor” mahalla fuqarolar yigʻinida “Yangi Oʻzbekiston” qiyofasini shakllantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. 24/7 rejimida ishlovchi xizmat koʻrsatish obyektlari faoliyat boshladi, tunda ham charogʻon koʻchalar aholi uchun qulaylik yaratdi. Elektr va ichimlik suvi taʼminoti sezilarli darajada yaxshilandi, ichki yoʻllar kengaytirildi. Obod mahallalarda ramziy maʼnoda “Yangi Oʻzbekiston qiyofasidagi mahalla” stelalari oʻrnatildi. Bu nafaqat infratuzilma, balki insonlar qalbiga ham yangi hayot va umid kirib kelganining belgisidir. ​ — Bu yil Soʻxga 25 mingdan ortiq mahalliy va xorijiy sayyohlarni jalb etishni maqsad qilganmiz, — deydi tadbirkor Abbosjon Mamajonov. — Shu maqsadda Seyako massividagi daryo boʻyida 15 gektar maydonda 30 ta zamonaviy baliqchilik klasteri barpo etilmoqda. Daryo qirgʻogʻi 1 kilometr masofada mustahkamlanib, 3 kilometrli avtomobil yoʻli qurib bitkaziladi. Loyiha doirasida forel baligʻini yetishtirish va qayta ishlash rejalashtirilgan boʻlib, investitsiya hajmi 3 million AQSH dollarini tashkil etadi. Ushbu loyiha Soʻxning baliqchilik salohiyatini oshirish bilan birga, iqtisodiy faollikni kengaytiradi, ekoturizmni rivojlantirib, sayyohlarni tabiatning betakror goʻzalliklari bilan oshno qiladi. ​ — Soʻx yoshlarining orzulari cheksiz, — deydi “Kelajak bunyodkori” medali sohibi, “Sarikanda” MFY yoshlar yetakchisi Dodohayit Hasanov. — Ayni paytda tumanda 24 ming nafar yosh sportning turli yoʻnalishlari bilan shugʻullanmoqda, ular orasida chempionlar ham talaygina. Kasb-hunar va xorijiy tillar markazlari samarali ishlamoqda. “Bir million sunʼiy intellekt yetakchisi” loyihasi doirasida 500 nafar yosh sunʼiy intellekt va innovatsion texnologiyalar asoslarini oʻzlashtirmoqda. Mahallalarda 1000 ta kichik loyiha ishga tushiriladi. “Biznesga birinchi qadam” dasturi uchun 6 milliard soʻm, oilaviy tadbirkorlik uchun esa 17 milliard soʻm imtiyozli kredit ajratilgan. Shuningdek, “Bir kontur — bir mahsulot” tamoyili asosida 89,2 gektar yer maydonida namunaviy loyihalar amalga oshiriladi. Bugun Soʻxda hayot tobora yaxshilanib bormoqda. Hududiy investitsiya dasturlari, sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari eksporti, tadbirkorlikdagi istiqbolli loyihalar keng koʻlamda amalga oshirilmoqda. ​ — Koʻrsatilayotgan eʼtibor va ragʻbat tufayli yil yakunigacha tumanda kambagʻallik darajasini 4,7 foizga, ishsizlikni esa 4,3 foizga tushirish rejalashtirilgan, — deydi “Hazrati Ali” MFY raisi, xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi deputati Subhonali Nishonov. — Turizm va tibbiyot turizmi drayver sohalar sifatida jadal rivojlanmoqda. Sanoat, xizmat koʻrsatish, kartoshkachilik, bogʻdorchilik va sholichilikda ilm-fan yutuqlari asosida zamonaviy yondashuvlar joriy etilmoqda. ​ Soʻxliklar orasida bir goʻzal odat bor: uyiga koʻp mehmon kirgan odam hurmatli inson hisoblanadi. Mehmon kutilayotgan hovlilarda esa doimo fayzli dasturxon yoziladi. Yaqin kunlarda ketmon yelkada, gulqaychi qoʻlda tuman ahli ona zamindan rizq undirish umidida yerga urugʻ sepadi. Moʻl hosil orzusida mehnat qiladi, bogʻ-rogʻlar parvarishlanadi, chorva boqiladi, qishloq hayoti yanada jonlanadi. Ana shu saʼy-harakatlar hayotimiz farovonligi, turmush darajamiz yildan-yilga yuksalib borayotganining yaqqol ifodasidir.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?