Sofi osh sinoati

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Nusrat Halimov – oshpazlar sulolasidan. Padari buzrukvori Navroʻz otaning qavatiga kirganida hali suyagi qotmagan yigitcha edi. Bugun Buxoro shahrining old oshpazlaridan. U haqida soʻz ochilganida yon-atrofdagilar “Sofi osh tayyorlashning hadisini olgan”, deyishadi. “Chorbogʻ” osh markazidan xoʻrandalar qadami uzilmayotgani sababi ham shunda.
— Buxoroda qobili hamda sofi osh pishiriladi, — deydi Nusrat aka. — Toʻy-maʼrakalarni ularsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Sofi oshni Buxorodan boshqa joyda uchratmaysiz. U mazali, parhezbop taom. Mis qozonda tayyorlanadi.
Sofi osh pishirishning oʻz yoʻl–yoʻrigʻi bor. Buning uchun gurunch alohida, goʻsht alohida qaynatiladi. Dastlab qozonga sabzining bir qismi tushadi. Keyin goʻsht solinadi.Ustiga yana sabzi tashlanadi. Mayiz, noʻxat solingach, tagʻin sabziga navbat keladi.Keyin taom ustiga dogʻlangan moy sepiladi.Paxta moyiga kungaboqar, kunjut, qovun urugʻidan olingan yogʻning aralashtirilishi palovni yanada xushboʻy qiladi. Ishtahani ochadi.Darvoqe, 30–40 daqiqa dam yegach taom tayyor boʻladi.
Nusrat aka va uning shogirdlari qozon boshida girdikapalak boʻlib turgan pallada biz Buxoro Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumiga yoʻl oldik.
— Ota-bobolarimizdan meros neki milliy taom bor, ular inson salomatligi uchun foydali, shu jumladan sofi osh ham, — deydi oliy toifali oʻqituvchi Nabijon Jalilov. — Chunki gurunch bugʻda pishiriladi. U qovrilmaydi. Shu boisdan ham yengil hazm boʻladi. Tarkibida xolesterini kam. Keksalar, yosh bolalar bemalol isteʼmol qilishi mumkin. Biz uni bemorlarga ham tavsiya etamiz.
— Sofi osh kishi immunitetini oshiradigan taom sanaladi, — deydi shifokor Komil Togʻboyev. — U yengil hazm boʻladi. Tadqiqotlarda sofi osh inson oshqozoni hazm qilish faoliyatini yaxshilashi aniqlangan. U organizmni toksinlardan, yaʼni zararli moddalardan tozalaydi. Boz ustiga tanani suvsizlanishdan saqlaydi.
Mutaxassislar yana bir jihatga eʼtiborni qaratishdi. Oʻtmishda ota-bobolarimiz mis qumgʻonda choy qaynatib ichishgan. Misdan tayyorlangan idishlar alohida qadrlangan. Bu bejiz emas. Tadqiqotlardan maʼlum boʻlishicha, mis elementlari qon aylanishini yaxshilaydi. Miya faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Uning yurak-qon tomir faoliyatiga ham foydasi bor.
— Mis bakteriyalarga qarshi tabiiy vosita hisoblanadi, — deydi K. Togʻboyev. — Uning yuzasida zararli mikroorganizmlar uzoq yashay olmaydi. Shuning evaziga idish gigiyenasi yaxshilanadi. Sofi osh tayyorlanadigan mis qozonlarning shakliga eʼtibor bersangiz, ularning odatdagi qozonlardan farq qilishini sezasiz. Fikrimizcha, bunday qozonlar issiqlikni teng taqsimlaydi. Natijada osh risoladagidek pishadi.
Biz yana “Chorbogʻ” osh markaziga qaytamiz. Kun peshinga oqqan palla emasmi, oshpazlarning qoʻli-qoʻliga tegmaydi. Hayal oʻtmay oxirgi mis qozonning tagi koʻrinib qoladi.
— Hozir kuniga 70 kilogramm gurunchdan osh pishiryapmiz, — deydi Nusrat aka. — Salqin tushgan kezlarda, ayniqsa, qishda bundan bir yarim–ikki hissa koʻp sofi osh tayyorlaymiz. Ha, aytmoqchi, yondaftarchangizga bu taomga sariq tusli sabzini ishlatishimizni ham yozib qoʻyishni unutmang. Chunki u oshning mazasiga maza qoʻshadi. Ishtahangiz karnay boʻlsin, doʻstlar!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring