Sizga taʼzim, sizga ehtirom...
Foto: “Xalq soʻzi”
Qishloq ayoli... U mushfiq, mehribon, mehnatda toblangan, har qanday sohada erkaklar bilan bir safda ishlashdan charchamaydigan, roʻzgʻori uchun joni fido tabarruk inson. Namangan viloyatida ham bu nozik jussa egalari jamiyat hayotining barcha jabhalarida faol. Masalan, Toʻraqoʻrgʻon tumani aholisining 49,5 foizini ayollar tashkil etadi. Ularning, ayniqsa, qishloq xoʻjaligida alohida oʻrni bor. 3200 nafari usta pillakor, 1200 nafari milliy hunarmandchilik turlari boʻyicha kasanachi. Paxtachilik fermer xoʻjaliklarida 450 nafar doimiy, 5000 nafardan ziyod mavsumiy ishchi sifatida agrar soha rivojiga munosib hissa qoʻshmoqda. Bundan tashqari, tibbiyot, taʼlim, tadbirkorlikda ham ular soni yuzlab.
Kecha “Buramatut gulshani” fermer xoʻjaligining fayzli dala shiyponida Xalqaro qishloq ayollari kuni munosabati bilan tashkillangan tadbirga ana shu fidoiylar vakillari taklif etildilar. Tuman hokimi Ahrorbek Mansurov toʻplanganlar shaʼniga eng munosib taʼriflar aytdi. Toʻkin dasturxon yozilib, Namangan sanʼat maktabi hamda viloyat filarmoniyasi, tuman madaniyat boʻlimi sanʼatkorlari ijrosida kuy-qoʻshiq va raqslar tuhfa etildi. Qishloq ayollariga esdalik sovgʻalari ulashildi.
— Ayol qalbi eʼtibordan, mehr-muhabbatdan yashnaydi. Bugungi bayram tadbirida ishtirokchilar koʻngli alohida zavq-shavqqa toʻlganidan xursandmiz, — deydi tuman hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Nozima Bahriddinova.
Muhim sana viloyatning barcha tumanlarida munosib nishonlandi. Ularga taklif etilgan aziz va moʻtabar ayollarga shunga yarasha eʼzozu ehtirom koʻrsatildi.
Eslatib oʻtamiz: Xalqaro qishloq ayollari kuni 2007-yilda BMT tomonidan taʼsis etilgan boʻlib, Oʻzbekistonda 2017-yildan rasman nishonlab kelinmoqda.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring