Sirdaryoda yoshlar uchun yangi muloqot maydoni yaratildi

12:21 12 Mart 2026 Jamiyat
476 0

Sirdaryo viloyatida yoshlar bilan ochiq muloqotni yoʻlga qoʻyish, ularning muammo va takliflarini tezkor oʻrganish maqsadida “Sirdaryo yoshlarining muloqot portali” ishga tushirildi. Bu haqda Sirdaryo viloyati hokimligi axborot xizmati maʼlum qildi.

Mazkur platforma Sirdaryo viloyati hokimligi tashabbusi bilan ishlab chiqilib, yoshlar va davlat tashkilotlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻri muloqotni taʼminlashga xizmat qiladi.

Endilikda yoshlar https://ymp.esirdaryo.uz manzili orqali oʻz murojaatlari, taklif va tashabbuslarini yuborishi mumkin.

Shuningdek, Prezident tashabbusi bilan eʼlon qilingan “Payshanba — yoshlar kuni” tadbirlari doirasida yoshlar tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalar ham mazkur portal orqali qabul qilinadi.

Portalda qayd etilgan har bir murojaat, taklif va mulohaza avtomatik va tezkor tarzda Sirdaryo viloyatidagi korxona va tashkilotlar tomonidan amalda foydalanib kelinayotgan “sirdaryoijro.uz” — ijro nazorati tizimi orqali tegishli ijrochilarga yetkaziladi.

Bu esa yoshlar murojaatlarini tizimli tarzda koʻrib chiqish, ularni nazoratga olish va amaliy hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Portal orqali kelib tushgan murojaatlar Yoshlar ishlari agentligi Sirdaryo viloyati boshqarmasi tomonidan nazoratga olinadi va tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda koʻrib chiqiladi.

“Sirdaryo yoshlarining muloqot portali” yoshlarning fikri, tashabbusi va takliflarini tinglash hamda ular bilan samarali muloqotni taʼminlashga xizmat qilayotgan yangi raqamli platforma hisoblanadi.

Ahmadali ShERNAZAROV, “Xalq soʻzi“.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?