Sirdaryoda paxta hosildorligi 80 sentnerga yetkaziladi
Ahmadali SHERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilda Sirdaryo viloyatida 73 ming gektar maydonda gʻoʻza oʻstirilmoqda. Ekish erta bajarilgan dalalardagi gʻoʻzalar allaqachon gulga kirib, hosil tugishni boshlagan. Eʼtiborlisi, 22,7 ming gektarga chigit Xitoy-Shinjon texnologiyasi asosida plyonka ostiga ekildi.
Aytish lozimki, ayni texnologiya meliorativ holati yomonlashgan yerlarda ham yuqori hosil olish, yaʼni ana shunday maydonlarni yana foydalanishga qaytarish imkoniyatini bermoqda. Oʻtgan yili Sirdaryo viloyatidagi foydalanishdan chiqqan 1200 gektar yerga Xitoy agrar tajribasiga tayanilgan holda chigit ekilgan edi. Bu texnologiya tuproq unumdorligini tiklashda, suvdan samarali foydalanish va moʻl hosil yetishtirish boʻyicha yuqori natijasini berdi: har gektardan oʻrtacha 50-55 sentner paxta terib olindi.
Mirzaobod tumanida bu yil tashkil etilgan “Sirdaryo Jingu” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga 4 ming 333 gektar ana shunday holati ogʻir yerlar biriktirildi. Ayni kunlarda ushbu maydonlarda gʻoʻzalar gullab, hosil toʻplashga kirdi.
— Xitoy texnologiyasining afzalliklari koʻp, — deydi Mirzaobod tumani hokimi oʻrinbosari Sardor Saidumarov. — Ushbu usulda bir gektar maydondagi koʻchat miqdori ancha koʻp, yaʼni 220 mingtadan ziyod boʻladi. Bu esa hosildorlikni yuqori boʻlishida eng asosiy omillardan biri. Qolaversa, ushbu qoʻshqator usuli agrotexnik tadbirlarning sifatli va kam xarajatli boʻlishini ham taʼminlaydi. Masalan, tomchilatib sugʻorish tufayli suvdan tejamli foydalanilishi barobarida bu ish juda sifatli hamda qisqa vaqtda bajarilmoqda.
Aytish lozimki, bu yil viloyatdagi ayni usulda, yaʼni Xitoy texnologiyasi asosida parvarishlanayotgan paxta maydonlarida hosildorlik 60-70 va hatto 80 sentnerga yetkazilishi kutilmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- 1-mart — Zulfiya tavallud topgan kun. “Bugun tunda kelarmish bahor”
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring