Sirdaryo va Xaydu-Bixar oʻrtasida hamkorlik aloqalari oʻrnatiladi

19:26 05 Iyun 2025 Jamiyat
216 0

Ahmadali ShERNAZAROV/“Xalq soʻzi”. Sirdaryo viloyati hokimligida viloyat rahbari Erkinjon Turdimov Vengriyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yojef Roja bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda joriy yilning 20-may kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning taklifiga binoan Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Vengriyaga rasmiy tashrifi ikki davlat munosabatlarini yanada mustahkamlashdagi muhim tarixiy voqea boʻlganligi taʼkidlandi.

Ushbu tashrif doirasidagi uchrashuvlar va kelishuvlar barcha darajadagi hamkorlikni, jumladan, hududlararo iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga yangi surʼat baxsh etishi bildirildi. Shu maʼnoda taʼkidlash lozimki, mazkur uchrashuvda Sirdaryo viloyati va Vengriyaning Xaydu-Bixar (Hajdú-Bihar) viloyatlari oʻrtasida hududlararo hamkorlik aloqalarini oʻrnatish taklif etildi.

Muloqot jarayonida Vengriya bilan doʻstona va strategik sheriklik asosidagi munosabatlar turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanayotganligi eʼtirof etilib, Sirdaryo viloyatida taʼlim, tibbiyot, farmatsevtika hamda qishloq xoʻjaligi sohasida innovatsion yondashuvlarni joriy qilish, eksportbop mahsulot yetishtirish va yangi ish oʻrinlarini yaratish borasida ikki tomon uchun manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha istiqbolli takliflar muhokama etildi.

Yakunda istiqbolli investitsion loyihalarni amalga oshirish borasidagi ishlarni hamkorlikda izchil olib borilishiga kelishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер