Sifatli yuridik taʼlim davr talabidir

12:45 02 May 2020 Jamiyat
1721 0

Mamlakatimizda oʻquv-pedagogik jarayonga innovatsion ilgʻor va xalqaro taʼlim standartlarini joriy etish, yuridik taʼlim tizimini takomillashtirish hamda yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda. Ammo bugun oliy yuridik taʼlimning qamrovi yoshlarimiz intilishi, jamiyat va davlat ehtiyoji uchun yetarli emas.

Prezidentimizning shu yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni taʼlim sohasidagi qator muammolarning yechimiga qaratilgani bilan katta ahamiyatga egadir.

Chunonchi, Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim sohasida mavjud masalalar, xususan yuridik taʼlimni zamon talablari darajasida takomillashtirish, ushbu yoʻnalishda horijiy davlatlardagi yuridik kadrlar tayyorlash borasida ilgʻor tajribalarni qoʻllash hamda oʻzaro hamkorlikni koʻchaytirish masalalari, mazkur sohada sogʻlom raqobat muhitini yana-da qaror toptirish, amaldagi qonunchilik hujjatlarini yaxlit holda tizimlashtirish orqali milliy huquqiy tizimni yana-da rivojlantirish ayni paytda hal etilishi muhim hisoblangan masalalarga aylangan edi.

Mazkur farmonda huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliy jihatdan joriy etish, oʻqitishning ilgʻor uslublaridan keng foydalanish, taʼlim standartlarini modernizatsiyalash va oʻquv dasturlarini qayta koʻrib chiqishga yetarli eʼtibor berilmayotgani, bu esa yuridik taʼlim sifati va ilmiy salohiyatning pasayishiga olib kelayotgani koʻrsatilgan.

Shu bilan birga yuridik taʼlim va fan tizimini tubdan takomillashtirish, ularning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash, yuridik kadrlar tayyorlash sifatini oshirish maqsadida qator vazifalar va ustuvor yoʻnalishlar belgilab berilgan.

Farmon bilan Toshkent davlat yuridik universitetini “yurisprudensiya” mutaxassisligi boʻyicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash boʻyicha bazaviy oliy taʼlim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilanishi yuridik taʼlimni rivojlantirish ishlarini tizimlashtirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Yana bir muhim yangilik – Samarqand, Namangan va Termiz davlat universitetlarida yuridik fakultetlar tashkil etilishi hamda “yurisprudensiya” yoʻnalishi boʻyicha belgilangan tartibda shakllantiriladigan va tasdiqlanadigan kvotalar, shu jumladan, tabaqalashtirilgan toʻlov kontrakt asosida qoʻshimcha qabul amalga oshirilishidir. Bu oʻz navbatida, oliy yuridik kadrlar tayyorlash sohasida sogʻlom raqobatni yuzaga keltirishi bilan birga yurtimizda oliy yuridik kadrlarga boʻlgan ehtiyojni qondirishning oʻz vaqtida qabul qilingan eng toʻgʻri yechimidir.

Farmonga muvofiq, Fanlar akademiyasining davlat, huquq va siyosiy-huquqiy taʼlimot sohasida fundamental va amaliy tadqiqotlarni amalga oshiradigan Davlat va huquq institutini tashkil etish ham belgilandi. Bu esa milliy yurisprudensiya ilmiy maktabining rivojlanishi va huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliy jihatdan joriy etishga asosiy omil boʻlib xizmat qiladi.

Farmon bilan yuridik taʼlim va fanni yana-da rivojlantirishning zamonaviy talablar, ilgʻor xalqaro yuridik tajriba va mehnat bozori ehtiyojlari asosida yuqori malakali, ijodiy fikrlaydigan, halol kadrlar tayyorlashni taʼminlash, shuningdek, oʻqitishning kredit-modul tizimini va talabalar bilimini baholash usullarini takomillashtirish, oʻquv jarayoni va huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrtasida uzviy aloqani taʼminlash va boshqa zarur yoʻnalishlarning belgilanishi soha rivojiga zamonaviy yondoshuvlarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.

Yana bir eʼtiborli jihati, huquq sohasida asosiy tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblangan Toshkent davlat yuridik universitetida xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etish va uning zimmasiga xalqaro xususiy huquq, jumladan, xalqaro arbitraj huquqini chuqur oʻrganish, shuningdek, Yaponiya, Germaniya va boshqa rivojlangan xorijiy davlatlar huquqi va huquqiy tizimlarining qiyosiy tadqiqotlari natijalarini hisobga olgan holda xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish va milliy qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish kabi muhim vazifalar ham belgilanganidir.

Umuman olganda, mazkur hujjatda Oʻzbekistonda yuridik taʼlimni oʻqitishning hozirgi holati, yuridik taʼlim sohasida mavjud ayrim muammolar va ularni bartaraf etish imkoniyatlari, shuningdek oʻquv jarayoni va huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrtasida oʻzviy aloqani taʼminlash, talabalar faqat nazariyani oʻrganish bilan cheklanib qolmasdan amaliy bilim va koʻnikmalarni shakllantirishga jiddiy ahamiyat qaratish lozimligi nazarda tutilgan.

Erkin ZAXIDOV,

Muxtor IBRAGIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi deputati, 

OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzolari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?