Shoirning ayoli boʻlish sharaf
Har buyuk erkakning ortida buyuk ayol turadi. Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovdek shoirning jahon boʻylab obroʻ eʼtibor qozonishida uning ishonchli sirdoshi, eng mustahkam suyanchigʻi boʻlgan rafiqasi, mehnat faxriysi, “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni sohibasi Hanifa Mustafoyevaning xizmatlari beqiyos. Shoir sheʼrlarining birinchi tinglovchisi ham, qaygʻuli va quvonchli kunlarining yelkadoshi ham Xanifa aya boʻladi.
Biz ulugʻ shoirning xonadonlariga koʻp mehmonga borardik. Yurtimizning eng chekka qishloqlaridagi havaskorlardan tortib, davrimizning eng mashhur shoirlari, yozuvchilari va adabiyotshunoslarini ham shu muborak xonadonda koʻp uchratganmiz. Madhiyaga musiqa bastalagan Mutal Burhonovni ham ilk bor shu yerda koʻrganmiz. Tundan to tonggacha sheʼrxonliklar, adabiy gurunglar boʻlar, shoirning rafiqasi dasturxonga shirin taomlar keltirib, mehmonlarga qoʻshilib sheʼr tinglab oʻtirardi. Ardoqli shoirimiz bizga oʻrnak boʻlishi uchun ayaning pazandaliklarini maqtar, sizlar ham ayadan oʻrganinglar, derdilar. Abdulla Oripov nima desa, turmush oʻrtogʻi doim kayfiyatiga qarab, judayam ehtiyot qilardi. Tashqaridagi uncha-muncha gapni uyiga yoʻlatmas, noxush xabarlarni yetkazmaslikka harakat qilardi. Xonadonlarida doim ijodiy muhit hukmron edi. Shu xonadondan taralgan nur qalbimizni yoritib, shu muhtaram oilaga chuqur hurmat va havas uygʻotgan.
Eshitganmizki, Abdulla Oripovga madhiya yozish jarayonida Hanifa aya maslakdosh boʻlgan. Saralov uch bosqichdan iborat boʻlib, deyarli ikki yil davom etgan. Har bir bosqichda Abdulla akaning sheʼrlari yuqori oʻrinlarni egallab, tanlab olinganda hammadan koʻp rafiqasi suyungan.
Aya har doim madhiya yangraganda, hayajon bilan tinglaydi. Bu madhiya qattiq mehnat va ona yurtga boʻlgan cheksiz mehr-muhabbat bilan yaralganini aytadi.
Davlat va jamoat tadbirlari, mushoiralarda shoirni ozoda va chiroyli kiyintirib, muxlislari oldiga kuzatib qoʻyardi. Shoirni chin dildan ardoqlardi, issiq-sovugʻiga qaramay, yaxshi kunlarida ham, yomon kunlarida ham doim yonida boʻldi. Betoblikda qogʻoz qoralashga madori yetmay qolganida, shoir sheʼrni ogʻzaki aytib tursa, turmush oʻrtogʻi qogʻozga tushirgan.
Ijodkor insonning ayoli boʻlish osonmas. Albatta, shoir hech kimga aytolmagan dardlarini turmush oʻrtogʻiga aytar, eng tahlikali vaziyatlarda ham ayoli shoirni himoya qilardi. Shoir uzoq yillar sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarga duch kelganda ham Hanifaxon aya quvonchiga sherik, kezi kelsa, gʻamguzori boʻlib, har nafas yelkadosh boʻldi. Shoir “Rafiqamga” nomli sheʼrini ham shu dono va mehribon ayolga bagʻishlagan:
Kezib olamni harchand-ki,
Seningdek yorni topolmasman.
Dilimni anglaguvchi oʻzga bir,
Dildorni topolmasman.
Hanifa aya mehmondoʻst, bagʻrikeng, oqibatli va maʼrifatli boʻlgani uchun ham haligacha shoirning vafoti, tugʻilgan kunlarida ham xonadonidan mehmonlarning qadami uzilmaydi. Har doim eshiklari ochiq. Hanifa opa bilan koʻrishsak yoki yonlarida yursak, xalqimizning shoir rafiqasiga boʻlgan yuksak ehtiromi tufayli eshiklar oʻz-oʻzidan ochilib ketadi. Ayajon, elimizning buyuk shoiriga koʻrsatgan xizmatlaringiz uchun sizni qancha eʼzozlasak, shuncha oz! Farzandlaringiz, nabiralaringiz baxtiga hamisha salomat boʻling! Ulugʻ shoirimiz aytganidek:
Shundaylar boʻlmasa agar dunyoda
Bu qadar muhtaram boʻlmasdi ayol!
Adiba UMIROVA,
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Oʻtgan bahsda konsentratsiya biroz joyida emas edi. Shu sababli “jinnicha” xatolarga yoʻl qoʻydik” — Fabio Kannavaro
- AQSH mudofaa xarajatlari tufayli NATO boʻyicha ittifoqchilarini himoya qilishdan voz kechishi mumkin
- Ben Kingsli ishtirok etgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqidagi film New York Festivals 2026 finaliga yoʻl oldi
- Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahdi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan telefon orqali muloqot qildi
- Toshkentda qilichbozlikning sablya yoʻnalishi boʻyicha Jahon kubogi bosqichi start oldi
- “Dronlar dueli” yoxud Ukrainadan Erongacha boʻlgan sinov poligonlarida shakllangan yangi dunyo tartibi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring