Shirinda shinam shaharcha shukuhi bor
Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkentdagi Shirin qishlogʻida boʻlgan kishining kayfiyati koʻtariladi. Chehrasida tabassum bilan ortiga qaytadi. Sababi, qishloq aholisi shirinsuxan, mehmondoʻst. Sodda, koʻnglida kiri yoʻq odamlari koʻp.
Tomoshabop joylari ham. Bu goʻshaning yana bir ajralib turadigan jihati qishloqda milliy urf-odat va anʼanalar saqlanib qolgan. Deylik, shoʻrdanak yoki shirinliklar tayyorlash bahonasida ayollar bir xonadonda yigʻilishib, laparxonlik qiladi. Rivoyatlar aytishadi. Hovlilardan tandirda yopilgan issiqqina non hidi taraladi. Qadimiy tegirmonda makkajoʻxori va bugʻdoy uni tortiladi.Qishloqda qoʻy juni yigirishni ham, bichak (somsa) pishirishni ham, holva-yu nishollo tayyorlashni ham joyiga qoʻyishadi.
Shu kabi jihatlar hisobga olinib, Shirinni turizm qishlogʻiga aylantirish saʼy-harakatiga kirishildi. Bu qadimiy goʻshada umrguzaronlik qilayotgan tadbirkorlar uchun imkoniyatlar eshigini ochdi. Sanjar Bobokalonov tomonidan qishloqda etnoturizm markazi barpo etildi. Bu yerdagi tegirmon, tandir, oʻtovlar, baliqchilik, chorvachilik burchagi, ekologik toza meva va sabzavotlar yetishtirish, shoʻrdanak va qurut, poliz mahsulotlaridan salomatlik uchun foydali milliy taomlar tayyorlash jarayoni – bularning barchasi xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uygʻotmoqda. Sandal (tancha)li uylar-u qoʻl mehnati mahsuli sanalgan milliy hunarmandchilik buyumlarini aytmaysizmi?!
Qishloqda ayni damda 55 oʻrinli mehmonxona, 6 ta oilaviy mehmon uyi, 14 ta oʻtov va shu kabi qator shoxobchalar mehmonlarga sifatli xizmat koʻrsatmoqda. Hududda baliqchilik klasteri ham tashkil etilayapti. Oʻnga yaqin hunarmandchilik markazi, milliy taomlar tayyorlovchi oshxonalar, qoʻshimcha tarzda mehmon uylari, xorijiy va mahalliy sayyohlar uchun zamonaviy aloqa xizmatlari faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda.

— Hali bu hammasi emas, — deydi tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Shuhrat Sharopov. — Davlatimiz rahbarining 2023-yil 25-iyuldagi tegishli qaroriga koʻra, “Shirin” mahallasi hududida salohiyatli tadbirkorlar tomonidan mikromarkazlar tashkil etiladi. Bu 150 tadan ziyod yangi ish oʻrni yaratilishiga olib keladi. Bu yerda hozir shinam shaharcha shukuhi bor, desam xato qilmayman.
Qishloqda supermarket, dorixona, goʻzallik saloni, sartaroshxona kabi koʻplab savdo va zamonaviy servis xizmatlari shoxobchalari ish boshlaydi. Bundan tashqari, milliy choyxonalar, tabiat qoʻynida gastronomik turizm xizmatlari, kulolchilik, kashtadoʻzlik, zardoʻzlik, yogʻoch oʻymakorligi, jundan ip yigirish, qoʻgʻirchoqlar, namat (kigiz) tayyorlash, boʻyra toʻqish xizmatlari yoʻlga qoʻyiladi.
Darvoqe, yaqinda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qoʻmitasi tomonidan “Shirin”ga “etnoturizm qishlogʻi” maqomi berildi. Bu koʻzda tutilgan loyihalarni risoladagidek poyoniga yetkazish, xorijiy sayyohlarning oʻzbekona turmush tarzi, milliy urf-odatlarimiz, anʼanalarimiz toʻgʻrisidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- MIB direktoriga yangi oʻrinbosar tayinlandi
- Toshkent – Samarqand pullik yoʻli qurilishi 2 milliard dollardan ziyodga baholanmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring