Shifokorlik — yuksak sharaf va katta masʼuliyat... Ammo buni egniga oq xalat ilganlarning barchasi ham his qila olgani yoʻq

Dardning kelishi oson, ketishi qiyin, deganlari rost ekan. Mana, uch yildirki, chap tizzamda ogʻriq bilan boshlangan kasallik azob berib keladi. Shundan buyon koʻrinmagan doktorim, qilmagan amalim qolmadi hisob. Foydasi yoʻq. Toshkentda nomi chiqqan ortoped-travmatolog borki, barining huzuriga bosh suqib chiqdim. Qani oʻzgarish boʻlsa?! Qani muolajalari kor qilsa?!
Aksiga olib, ogʻriq kun sayin zoʻrayib ketdi. Tuppa-tuzuk yurgan odamning dabdurustdan bir oyogʻi bukilib, yarim nogironga aylanib qolsa, ruhi tuproq boʻlarkan. Atrofdagilarning azborayi koʻngil uchun bergan daldasi-yu, joiz-nojoiz tavsiyalari ham qalbga nashtarday botarkan bunday paytda...
Yoʻlakda oʻqigan “doktor”
Tibbiyotdan xabardor kishilar yaxshi biladi, toʻgʻri tashxis kasallikni davolashda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu bois malakali mutaxassis xulosa qilishga shoshilmaydi. Bemor bilan obdon suhbatlashadi, kasallik tarixini puxta oʻrganadi, zarurat boʻlsa, qoʻshimcha koʻrikdan oʻtkazib, tahlillar oladi va ularning natijasiga qarab, davolash choralarini koʻradi. Buning uchun shifokorda yetarli darajada bilim, koʻnikma va tajriba, bemorning tinglay olish qobiliyati, qolaversa, tugʻma isteʼdod ham boʻlishi darkor, nazarimda.
Agar tashxis notoʻgʻri qoʻyilsa-chi? Bundan ortiq azob boʻlmasa kerak. Shifo umididagi barcha saʼy-harakatlaringiz besamar ketarkan. Ham vaqtdan, ham naqddan yutqazish esa juda alamli.
...Hamma muammo poliklinikamiz jarrohi tavsiya qilgan oʻsha yosh travmatologning muolajasidan soʻng boshlandi. Qorachadan kelgan qotma bu yigit chap tizza boʻgʻinimga “sinovit” deb tashxis qoʻydi. Tushuntirishicha, bu ortiqcha suyuqlik yigʻilishi bilan bogʻliq kasallik boʻlib, vaqtida davolanmasa, suyaklar moʻrtlashib qiyshayishi, hatto chirishi ham mumkin ekan. Shuning uchun paysalga solmay, davolanishni boshlab yubordik.
Buyurgan ukollarini oldim, dorilarni ichdim, mashqlarni oʻz vaqtida bajardim. Natija deysizmi? Afsuski, ogʻriq qolish oʻrniga kuchaydi, shifoxonaga yurib borgan boʻlsam, endi tik oyoqda turishning oʻzi azobga aylandi.
Davolovchi shifokor oyoqqa dam berishimni buyurdi. Shunday qildim ham. Keyin bilsam, u menga “dam” berib yuborgan ekan. Klinikadagilarning aytishicha, bu uddaburon shifokor ishdan boʻshab, telefon raqamlarini oʻzgartiribdi. Aloqa yoʻq emish. Jahl ustida uni topib, tazrini berib qoʻygilarim keldi. Tagʻin shaytonga hay dedim. Yaratgandan oʻqishni yoʻlaklarda bitirgan bunday shifokorlarga insof tilab, hech kimning ishi ularga tushmasligini soʻrab, iltijo qildim.
Xizmati qimmat, foydasi yoʻq klinikalar
Tan olish kerak, keyingi paytda tibbiyot rivojlandi. Ayniqsa, xususiy sektor jalb etilgach, u investitsiyaviy jihatdan eng jozibali sohaga aylandi. Bugungi kunda xususiy klinikalar sogʻliqni saqlashning barcha yoʻnalishida faoliyat yurityapti. Hatto travmatologiya va ortopediyaga ixtisoslashganlari ham bor.
Maʼlumotlarga qaraganda, oxirgi 7-yilda respublikada xususiy klinikalar soni 3,5 mingdan 8,5 mingtaga koʻpaygan. Eʼtiborlisi, ular orasida bemorlar yotib davolanadigan muassasalar soni salmoqli boʻlib, bu yerdagi zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar, bemorlarga yaratilgan shart-sharoitlar tahsinga loyiq. Milliy statistika qoʻmitasidan maʼlum qilishlaricha, 2019-yilda bu toifadagi xususiy tibbiyot muassasalari soni 575 tani tashkil etgan boʻlsa, 2025-yil 1-yanvar holatiga koʻra, ularning soni 1 301 taga yetdi. Davlat shifo maskanlaridagi turnaqator navbatlardan zada boʻlgan men kabi bemorlar xususiy klinikalarni afzal biladi, albatta.
Toʻgʻri, hashamdor binolarda joylashgan bunday maskanlarda tibbiy xizmatlar arzon emas. Shifokor maslahati 200 ming soʻmdan boshlanib, 450-500 ming soʻmgacha etib belgilangan. Bunga travmatologik bemorlar oʻtishi zarur boʻlgan rentgen, MRT, MSKT, qon tahlillari, qolaversa, qimmat dori-darmonlaru, har qabuli oʻrtacha 300 ming soʻm boʻlgan massaj va boshqa muolajalarni qoʻshadigan boʻlsak, bir martalik davolanish kursining xarajati millionlarni qoralaydi. Ammo joningiz azob tortib turgan paytda pul koʻzga koʻrinarmidi?
Endi oʻzingiz ayting, shuncha xarajat qilib shifo topmasangiz, dardingizni kimga aytasiz? Hasratingizni kim, qaysi tashkilot eshitadi? Eng asosiy masala, ularga nima deb murojaat qilasiz?
Bemor kishi birovdan xato emas, oʻziga shifo axtarar ekan. Yoʻqsa, sudlar dardmandlarning daʼvo arizalari bilan toʻlib-toshib ketardi.
Inkor qilmayman, xususiy tibbiyot maskanlarida davolanib, tuzalganlar kam emas, son mingta. Aravachada kelib, chopqillab ketganlarniyam koʻrdim. Biroq oʻzim misolimda ana shu dongdor klinikalardagi “Sizni operatsiyasiz davolayman”, “10 kunda futbol oʻynaydigan boʻlasiz” degan shifokorlar toʻgʻri tashxis qoʻya olmaganidan kuyaman. Koʻzimga najot farishtasi boʻlib koʻringan oʻsha doktorlarga ishonib, 3-yil azob tortganimga achinaman.
Avvaliga koronavirus asorati, deb davolashdi. Oʻzgarish boʻlmagach, artoroz deya tashxislab, yana davolashdi. Natija chiqmagandan soʻng artrit, deb topishdi, tagʻin davolashdi. Bundanam paysal koʻrmadim. Oxiri revmoartrit boʻlgansiz, deb revtomolog shifokorga yoʻllanma berib, oʻzlari suvdan quruq chiqishdi. Bu orada menisk yirtilgan, pay jarohatlangan, deguvchilar ham boʻldi. Lekin biz toʻgʻri tashxis qoʻyishning uddasidan chiqa olmadik, deydigan mard topilmadi. Aksincha, takror tekshiruvlarga yoʻnaltirib, qimmat dori-darmonlar roʻyxatini tuzib berib, holdan toydirishdi. Oqibatda dardimga dard qoʻshildi: tizza boʻgʻinim qotib qolib, harakatim cheklandi. Xususiy klinikalardan koʻrgan foydam, topgan shifoim shu boʻldi.
Men sizdan shifo topdim
Odamzodning tabiati qiziqda, najotni olisdan izlaydi. Qimmatmi, demak sifatli degan, qarash esa ong ostimizgacha singib ketgan. Shundan boʻlsa kerak, oldimizdan oqqan suvning qadriga yetavermaymiz. Yoʻqsa, oʻzim ham allaqachon har kuni yoʻlim tushadigan Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga murojaat qilgan boʻlarmidim.
Ha, men dardimga olislardan uzoq izlagan shifoni oyogʻim ostidagi ushbu tibbiyot muassasasidan topdim. Buning uchun markaz direktori, kamtirin inson, mohir jarroh va katta qalb sohibi Murod Irismetov, Sport travmasi boʻlimi boshligʻi Dilshod Shamshimetov, davolovchi shifokorim Feruz Rustamov va yosh mutaxassis Baxtiyor Usmonovdan bir umr minnatdorman.
Murod Irismetovni yaqindan tanimagan bemorlar ularni markaz rahbari ekanligini xayoliga ham keltirmasa kerak. Chunki koʻzlari doim kulib turadigan, chehrasi nurli bu insonga martaba nuqsi urmagan, xalqona tilda aytganda, oyogʻi yerdan uzilmagan. Juda xushmuomalali, hammaga birdek munosabatda. “Shifokorning soʻzi ham shifo” degan iboraning isbotini ularning ish tutumida koʻrdim.
Yashirmayman, oʻziga bino qoʻygan baʼzi shifokorlarning xulosasidan koʻnglim sinib qolgandi. Boz ustiga yurishdagi nuqsonim sabab oʻzimni odamlardan olib qochadigan holga tushganim ham rost. Ana shunday bir paytda Murod Irismetovning iliq soʻzlari menga umid berdi, tuzalishga ishonch uygʻotdi.
— Operatsiya qilamiz, — dedi Murod Irismetov MRT va MSKT tasvirlarini qayta-qayta koʻrib chiqqach. — Mana, qarang! Tizzangizdagi bu oppoq narsalar erkin harakatlanishga yoʻl qoʻymayapti. Ertaroq kelganingiz edi, bunchalik qiynalib yurmasdingiz.
“Operatsiya” soʻzini eshib, yuragim “shuv” etib ketdi. Axir, xususiy klinikadagi vrachlar miyamga endoprotezlash zarurligini quyib, oʻsha murakkab operatsiyaga ruhan tayyorlab kelayotgandida. Shu oʻyda:
— Tizzam almashtiriladimi, — debman.
— Yoʻgʻyey, suyaklaringiz zoʻr, menisk yirtilmagan, paylaringiz mustahkam, artroskopik usulda tizzani tozalab tashlaymiz. Bunga 20-30 daqiqa vaqt ketadi, xolos. Keyin koʻrmaganday boʻlib ketasiz. Chopqillab yurasiz.
Doktorlarning aytishicha, operatsiyam “udachniy” boʻlibdi. Bunga shubham yoʻq. Negaki, bukilib qolgan tizzam toʻgʻrilandi, oqsoqlanmay yura boshladim.
Eng dahshatli nima, aytaymi? Xususiy klinikalarda oʻtgan 3-yil davomida notoʻgʻri qoʻyilgan tashxislar asosida davolab kelishgan. Tabiiyki, narxi qimmat muolajalar hech qanday foyda bermadi. Jaydari qilib aytsak, buning nomi bemorlarni “sogʻish” operatsiyasi, deyiladir.
Aslida, meni bezovta qilib kelayotgan kasallik xondromatoz ekanligi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida dastlabki koʻrikdayoq aniqlanganiga nima deysiz?!
Travmatologiya va ortopediya xabi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Tadbirkorlar kunida yurtimiz ishbilarmonlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqot chogʻida Oʻzbekistonni mintaqadagi yuqori texnologik tibbiyot xabiga aylantirish tashabbusini ilgari surib, buning uchun qanday sharoit kerak boʻlsa, barchasini yaratib berishga tayyor ekanligini bildirdi. “Chegara hududlarimizda klinika, reabilitatsiya markazi, mehmonxona va laboratoriyalarni oʻz ichiga olgan tibbiyot klasterlarini tashkil qilamiz. Ularni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun 200 million dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Bunda tibbiyot klasterlarini barpo etgan tadbirkorlarga 7-yil muddatga, 3-yil imtiyozli davr bilan 17 foizli arzon kreditlar beriladi”, dedi pirovardida.
Shu maʼnoda, Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bugungi kunda oʻz yoʻnalishida mintaqadagi tibbiyot xabiga aylangan, desak, mubolagʻa emas. Yurtimiz aholisidan tashqari, Qozogʻiston, Tojikiston, Qirgʻiziston kabi qoʻshni davlatdan kelgan koʻplab bemorlar ushbu markazda davo topib ketayotgani shunday deyishimizga asos boʻla oladi.
Bizga aytishlaricha, markazda har yili oʻrtacha 11-12 mingta jarrohlik amaliyoti oʻtkaziladi. Birgina 2024-yilda 11281 ta operatsiya bajarilgan boʻlib, shundan 62 foizini yuqori texnologik, 30 ga yaqinini esa noyob xirurgik amaliyotlar tashkil etdi. Bunda mavjud 14 ta operatsiya zali zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlar bilan taʼminlangani qoʻl kelyapti, albatta.
— Muassasamizda oʻtgan yili 4 turdagi yangi diagnostika hamda 24 turdagi yuqori texnologiyali davolash usuli joriy etildi, — deydi markaz direktori Murod Irismetov. — Natijada yurtimizda travmatologiya va ortopediya yoʻnalishi boʻyicha amaliyotda qoʻllanilayotgan muolaja usullari soni 269 taga yetkazildi. Xususan, markazda ilk bor revmatoid artrit xastaligidan uzoq yillar aziyat chekib kelgan 67 yoshli bemorda tirsak boʻgʻimini endoprotezlash operatsiyasi muvaffaqiyatli bajarildi. Yana bir noyob muolaja — transforaminal endoskopik diskektomiya, yaʼni umurtqa pogʻonasi disk churrasini olishning kam invaziv jarrohlik amaliyoti boʻldi. Atigi 5,5 mm kichik kesma orqali, mahalliy ogʻriqsizlantirish ostida bajarilgan ushbu operatsiyadan bir kun oʻtib, bemor oyoqqa turib, yurish imkoniyatiga ega boʻldi. Oʻtgan yil davomida jami besh nafar yurtdoshimiz xuddi shu usulda ogʻir xastalikdan xalos boʻldi.
Bundan tashqari, tizza boʻgʻimi osteoartrozlarida son suyagi distal qismini artro medullyar artroskopik usulda shuntlash, menisk ildizini artroskopik yoʻl bilan tikish, chanoq-son boʻgʻimini 3D Logeeks implant yordamida total endoprotezlash, umurtqa pogʻonasi disk churralarini transforamenal yoʻl bilan endoskopik usulda olish kabi qator yangi ilgʻor davolash amaliyotlari oʻzlashtirildi. Oʻz navbatida, chanoq-son boʻgʻimlarini birlamchi hamda koʻp marotaba bajarilgan revizion endoprotezlashdan soʻng kelib chiqadigan suyak nuqsonlarida “3D implant” yordamida endoprotezlash usullari yoʻlga qoʻyildi.
Markaz rahbari va jamoasi bu yutuqlarni, eng avvalo, yurtimizda tibbiyot rivojiga qaratilayotgan eʼtibor, yaratib berilayotgan qulay shart-sharoitlar, qolaversa, mutaxassislarning Rossiya, Xitoy, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Janubiy Koreya, Turkiya, Hindiston, BAA, Belarus kabi davlatlarining yetakchi klinikalarida malaka oshirib kelayotgani bilan izohlaydi.
Bizningcha, buning yana bir jihati bor, u ham boʻlsa, bu yerda oʻz taqdirini tibbiyot bilan bogʻlagan, oʻzgalar dardini oʻzinikidek qabul qiladigan fidoyilar, chinakam shifokorlar mehnat qilayotganidir. Ularning qaynoq mehri, sehrli soʻzi va yengil qoʻli bilan ming-minglab xasta qalblar davo topib, yana hayotga qaytmoqda, ertangi kunga ishonch paydo boʻlmoqda.
Boringizga shukr! Qoʻlingiz dard koʻrmasin, oq xalatli farishtalar!
Said RAHMON,
jurnalist.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
- Prezident Ismoil Joʻrabekov vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Tadbirkorlar yangicha yondashuvlar asosida qoʻllab-quvvatlanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring