Shifokor kaltak yedi, jinoyatni yashirish uchun tuman hokimi va bosh imom xatib oʻrtaga tushdi

“Xalq soʻzi ONLINE”. Elyorjon Ehsonov/Fargʻona. 24 yanvar kuni Buvayda tumanidagi Nayman qishloq vrachlik punktida oʻz vazifasini bajarayotgan umumiy amaliyot shifokori Moʻydinjon Joʻrayevni “Jov” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi N.U. kaltakladi.
Bu xabarni eshitib shifokor Moʻydinjon Joʻrayev bilan uchrashdik.
— Ha, haqiqatan ham shunday voqea boʻldi, — dedi biz bilan suhbatda Moʻydinjon Joʻrayev. — Oʻsha kuni chaqaloqlar emlanayotgan edi. Jov mahallasida yashovchi ayol uch oylik chaqalogʻini emlatishga olib keldi. Ammo unda chesotka yaʼni qichima kasalligi borligini aniqladim. Bola qachonki sogʻ-salomat boʻlsa, emlash uning sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasa, keyin emlanadi. Men u ayolga “Farzandingizni dermatolog koʻrigiga olib boring. Bu yuqumli kasallik. Qancha tez tuzatsangiz shuncha yaxshi”, dedim. Har bir bemorni koʻrikdan oʻtkazganimizdan soʻng albatta qoʻl yuvishimiz kerak. Men ham keyingi bolani tibbiy koʻrikdan oʻtkazish uchun qoʻlimni yuvgani tashqariga chiqdim, kelsam ayol haliyam ketmabdi. Men unga “Tezroq bolangizni markaziy poliklinika, dermatologga olib boring” dedim.
Bir soatlardan keyin xonaga bir yoshi kattaroq kishi va yigit kirib keldi. “Sizmi kelinoyimni haqorat qilgan”, deb menga oʻdagʻaylay boshladi. Avvaliga hech narsani tushunmadim, keyin u yigitning gap-soʻzlaridan oʻsha chesotka toshgan bolaning amakisi ekanligini angladim. U bola menga doʻq-poʻpisa qilib, musht tushirishga shaylanayotgan paytda QVPning katta feldsheri Roʻzali Vahobov kelib qoldi. U kishi yigitning qoʻlidan mahkam ushlab, “Ey, bola, nima qilyapsan, tinchlikmi?”deb turgan joyida yigit peshonamga boshi bilan bir soldi. Peshonamdan tirqirab qon chiqib ketdi. QVPning oʻzida hamshiralar menga birinchi yordamni koʻrsatdi va meni hamkasbim Ahmadjon Umarovning oʻgʻli mashinasida tuman tibbiyot birlashmasining tez tibbiy yordam boʻlimiga olib kelishdi. Peshonam yirtilgan ekan, u yerda tikishdi.
— Men kasal koʻrgani chiqib ketgandim, — dedi Moʻydinjon Joʻrayevning hamkasbi Ahmadjon Umarov. — Kelganimda Moʻydinjonning peshonasini hamshiralar bogʻlashayotgan ekan. “Jarohatni tikish kerak”, deyishdi. Men oʻgʻlimni “Mashinani olib chiq”, deb chaqirdim. Mashinada Moʻydinjonni tuman tibbiyot birlashmasiga olib bordik.
Aslida hudud kattaligi uchun 6 shtat birligida oliy maʼlumotli umumiy amaliyot shifokori ishlashi kerak. Ammo 1 fevralgacha faqat ikki kishi ishladik. Qishloq joylarida bir stavkada ishlaydigan shifokor 700 nafar aholiga xizmat koʻrsatishi kerak. Biroq 11 ming aholiga ikki kishi qaraymiz. Mana shu kunlarda ham bir kunda 60 nafargacha bemorni qabul qilyapmiz. Bunga jismonan ulgurish qiyin. Ayniqsa, hozir oʻtkir respirator, nafas yoʻli, kamqonlik, shamollash, bronxit, tonzillit kabi kasalliklar koʻpaygan paytda. Undan tashqari, tibbiy koʻrikka ham koʻpchilik keladi.
Emlama kuni odam koʻp boʻladi. Doʻxtir bemorga nima deganini bilmayman, ammo ayol kishi uyiga borib, doʻxtirning gapini boshqacha talqin qilgan boʻlishi mumkin.
Qishloq vrachlik punktida faqat umumiy amaliyot shifokori boʻladi xolos, qishloq oilaviy poliklinikasida esa barcha sohadagi mutaxassislar ishlaydi. Biz tashxis qoʻyib, kasalni mutaxassisga yoʻnaltiramiz. Masalan, bemorga jarroh koʻrigi kerakdir yoki ayollarga ginekolog koʻrigiga yoʻllanma yozib beramiz, — dedi Ahmadjon Umarov.
Nayman QVP 11 mingdan oshiq aholiga xizmat koʻrsatadi. 14 yoshgacha boʻlgan bolalar ikki ming nafar. Bu yerda 12 nafar patronaj hamshirasi mehnat qiladi. Ularga 750 — 780 nafardan kishi toʻgʻri keladi. Ikki nafar umumiy amaliyot shifokori ham pensiya yoshidagi kishilar.
Ahmadjon Umarovning aytishicha, agar yoshlar bu yerga ishga kelsa, bemalol ularga oʻrin boʻshatib, pensiyaga chiqib ketishga rozi. QVPda oliy maʼlumotli shifokorlar yoʻqligi uchun ikkala xodim ham noiloj ishlamoqda.
— Moʻydinjon bolasi bilan kelgan ayolga nima deganini bilganim yoʻq, ammo Moʻydinjonni oʻsha yigit urganiga guvohman. Men ikkalasini ajratayotganimda yigitning dadasi “Aralashmang, doʻxtir, ikkalasi gaplashvolsin”, dedi. Yigitning ikkala qoʻlini ham ushlab oldim, shunda u boshi bilan doʻxtirni ikki qoshi oʻrtasiga bir soldi. Darrov doʻxtirga birinchi yordam koʻrsatdik va uchastka inspektorini chaqirdik, — dedi QVP katta feldsheri Roʻzali Vahobov.
— Endi bu mavzuni yoritishni nima keragi bor?! — dedi oʻzini “Nayman” MFY mutaxassisiman deb tanishtirgan ayol. — Doʻxtir u yigitni kechirdi. U yigit ham doʻxtirdan kechirim soʻradi.
Bizning “Oʻsha yigitning qilgan ishi toʻgʻri edimi?” deb bergan savolimizga “Hozir Prezidentimiz ham kechiryapti-ku, doʻxtir ham kechirsa boʻlaveradi”, deya javob qaytardi u.
“Jov” MFY raisi esa ismini aytishni xohlamadi va yigitning doʻxtirni urgani haqidagi muammo yoʻqligini aytish bilan cheklandi.
— Biror muammo boʻlsa mening oʻzim sizga qoʻngʻiroq qilaman, — dedi rais buva, — hozircha hech qanday muammo yoʻq.
33 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan, shu yillar davomida minglab bemorlarni davolagan shifokor oʻz haq-huquqlarini talab qilib Buvayda tumani Xalq qabulxonasiga kelsa-yu, uning arz-dodini eshitish, javobgarga munosib jazo berish oʻrniga tuman hokimi, tuman bosh imom xatibi kaltak yegan doʻxtirni kechirishga daʼvat qilishi qaysi mantiqqa toʻgʻri keladi? Ularning bu ishi tumanda jinoyatchilik yana bittaga ortmasligi uchun qilingan harakat ekan. Nahotki, jinoyatchilikka qarshi shunday kurashilsa?!
— Menga tuman hokimi va imom xatibi “U yigitni kechiring, daʼvo-dostonim yoʻq deb yozib bering. Tumanimizda jinoyatchilik soni oshib ketmasin”, deyishdi. Shundan keyin men daʼvo arizamni qaytarib oldim, — dedi Moʻydinjon Joʻrayev.
Ammo bu haqda keng jamoatchilikka bildirish kerakligini, shifokorlarning haq-huquqlarini tiklash uchun qandaydir amaliy ishlar qilinishi zarurligini aytib oʻtdi.
“Mushtumzoʻr”ni qidirib uning ustaxonasiga bordik. Mashina tuzatadigan usta ekan. Ammo oʻzi bilan yuzma-yuz uchrasholmadik. Telefon orqali bogʻlanganimizda, u yigit ham ayni rahbarlarning gapini takrorladi.
— Hammasi yaxshi, biz kelishib oldik!
Bu hol hammada “Maza qilib uraman, keyin hokim va tuman bosh imom xatibini oʻrtaga qoʻyib bir ogʻiz kechirib soʻrasam, jabrlanuvchi bilan kelishtirib qoʻyishadi”, degan fikrni uygʻotmaydimi?
Oʻzi shundoq ham yetishmayotgan oliy maʼlumotli, katta tajribaga ega boʻlgan shifokorlarning har birining eshigi yoniga bittadan posbon qoʻyish vaqti keldimikan, yoki?!
“Xalq soʻzi ONLINE” bu mavzuga yana qaytadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Kadastr pasportlarini berish muddatlari oʻzgartirildi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- “Gʻalaba bogʻi”da mudofaa innovatsion texnologiyalari festivali oʻtkazildi—Fotoreportaj
- Prezident Makkada boʻlib turgan muftiy shayx Nuriddin Xoliqnazar bilan telefonlashdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring