Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi koʻp tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi

14:24 19 Iyun 2025 Siyosat
209 0

Prezident Shavkat Mirziyoyev Shahrisabz shahridagi koʻp tarmoqli kardiologiya markazi faoliyati bilan tanishdi.

Ijtimoiy davlat sanalmish Oʻzbekistonda aholi salomatligini mustahkamlash eng dolzarb yoʻnalishlardan biri. Shu maqsadda davlat shifoxonalari isloh qilinyapti, sohaga investitsiyalar jalb etilib, xususiy sektor ham rivojlantirilmoqda. Jumladan, bugungi kunda Qashqadaryoda 700 dan ziyod xususiy klinika ochilgan, ularda 72 ta xizmat turi yoʻlga qoʻyilgan.

Rossiyalik tadbirkor bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Oq saroy” klinikasi yaqinda ishga tushdi. Bu yerda 4 ta jarrohlik va 6 ta reanimatsiya xonalari, 100 dan ortiq shifo oʻrinlari mavjud. Bir vaqtning oʻzida 4 ta va kuniga 25 tagacha yuqori texnologiyali kardiojarrohlik amaliyotlarini oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Buning uchun Rossiya, Turkiya va Kuvaytdan malakali shifokorlar ishga jalb etilgan. Stentlash, aorta koronar shuntlash, tugʻma nuqsonlarni bartaraf etish, endoprotezlash kabi davolar samarasi yuqori.

Markaz yuqori aniqlikda tashxis xizmati ham koʻrsatadi. Masalan, zamonaviy exokardiografiya uskunasi sunʼiy intellekt yordamida ishlaydi. Bunaqasi hozircha Oʻzbekistonda yagona.

Davlatimiz rahbari bunday innovatsion klinikalar tibbiyotda sifat va dunyoqarashni oʻzgartirishi, boshqalarni ham transformatsiyaga undashini taʼkidladi.

– Bu yerdagi tizimni andoza qilib olib, 14 ta hududimizda shunday klinikalar tashkil etish zarur. Bunga qancha mablagʻ kerak boʻlsa, topamiz. Faqat zamirida xalqimiz uchun kafolatlangan sifatli davo boʻlishi lozim. Muqobillik, raqobat boʻlmasa, sifatga intilish boʻlmaydi, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga bu borada taklif tayyorlash, klinikalarni birlamchi boʻgʻin va tibbiy sugʻurta tizimi bilan uygʻunlashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

Shifoxonada 130 ta ish oʻrni yaratilgan. Malakali mutaxassislar tayyorlash uchun shu yerning oʻzida klinik ordinatura yoʻlga qoʻyilgan.

Prezidentimiz bunga alohida ahamiyat qaratib, talaba va shifokorlarning malakasini oshirish, xorijlik mutaxassislar bilan telemeditsinani kengaytirish muhimligini qayd etdi.

Aytish joizki, notoʻgʻri ovqatlanish oqibatida qashqadaryoliklar orasida yurak qon-tomir xastaliklari koʻp uchraydi. Yangi klinika va uning qoshidagi markaz ushbu kasalliklarni erta aniqlab tashxis qoʻyish va davolashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur markaz tomonidan mobil diagnostika mashinalari yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, chekka hududlardagi aholiga UTT, MSKT, EKG kabi tibbiy xizmatlarni koʻrsatadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?