Shavkat Mirziyoyev Raqamli hukumat ofisi bilan tanishdi

19:21 06 Dekabr 2021 Siyosat
617 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Mamin hamrohligida Nur-Sulton shahridagi EXPO ishbilarmonlik markazida joylashgan Raqamli hukumat ofisiga tashrif buyurdi.

Ushbu muassasa joriy yil sentyabr oyida ochilgan. Uning tarkibiga Milliy tahlil markazi, Raqamli transformatsiya markazi va Milliy loyiha ofisi kiradi.

Davlatimiz rahbari situatsion markaz imkoniyatlari bilan ham tanishdi. Markaz barcha maʼlumotlar bazalariga ulanadi va hududlar bilan yaqindan hamkorlik qiladi, bu esa real vaziyatni onlayn ravishda koʻrish, masalan, mamlakatda emlash surʼatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kuzatib borish imkonini beradi.

Ichki va tashqi savdo boʻyicha tahliliy platforma imkoniyatlari namoyish qilindi. Uning yordamida oziq-ovqat narxlarini onlayn ravishda monitoring qilish va narx-navoning prognoz koʻrsatkichlarini shakllantirish mumkin. Bundan tashqari, ofis negizida innovatsiyalar va aerokosmik sanoat sohalaridagi loyihalar ishga tushiriladi.

Ofis mutasaddisi Oʻzbekistonda inson kapitalini rivojlantirish, IT-parklar tashkil etish, dasturchilar tayyorlash, davlat xizmatlarini onlayn koʻrsatish boʻyicha qilinayotgan ishlarni eʼtirof etib, Qozogʻiston ham shu yoʻldan borayotganini aytdi.

Davlatimiz rahbari bu sohada tajriba almashish, davlat xizmatlari sohasiga sunʼiy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish, har bir hayotiy vaziyatni tahlil qilib, odamlarga qulaylik yaratish muhimligini taʼkidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozogʻistonga davlat tashrifi yakunlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?