Shavkat Mirziyoyev: “Men umrimni shu xalqqa tikkanman!”

12:03 22 May 2024 Siyosat
685 0

Prezidentning yaqinda Jizzaxda viloyat faollari bilan uchrashuvdagi nutqida bir nuqta koʻpchilikning eʼtiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi:

“Xudo menga sogʻliq berib, umr bersa, bizda kambagʻallik va ishsizlik boʻlmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli boʻlsin, nevaralari sogʻlom tugʻilsin, maktabi ishlasin, yoʻllari ravon boʻlsin deb ishga keldim…”.

Yozilgan nutqdan tashqariga chiqib aytilgan ushbu mulohazalar odamlarni favqulodda sergaklantirdi. Ehtimol, shundandir ayni iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda koʻp “aylandi”.

Nega? Chunki bu soʻzlar samimiy va chin yurakdan aytilgan edi.

Davlatimiz rahbari oʻsha uchrashuvda, mening nazarimda, xalqqa yuragini ochdi. Yuragidagi orzu-armonlari, dilining tub-tubidagi niyatlarini el bilan baham koʻrdi. Qalbdan otilib chiqqan bu yoniq soʻzlar Prezidentimizning oʻz xalqi oldida bergan hisobidek edi.

Bugun amaldorlar xalq orasiga kirdi. Prezidentimiz bu jarayonni juda xalqona tilda ifodalaydi: tepadan pastga tushish…

Toʻgʻri, bu musibatli va rangsiz hayot tarzi bugun oʻzgardi. Ammo u oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq. Osmondan ham tushgani yoʻq. Nega buni biz tez unutamiz, qadriga yetmaymiz?!

Anglab turganingizdek, bu jarayonlar Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati va siyosiy irodasi bilan bogʻliq.

I

Oradan koʻp vaqt oʻtmay ommaviy axborot vositalari sahifalarida mamlakatimiz hayoti uchun oʻta muhim boʻlgan ikki xabar tarqaldi.

Birinchisi — Jahon bankiga tegishli. Unda shunday deyiladi: “Oʻzbekiston kambagʻallik darajasini 2021-yildagi 17 foizdan 2023-yilda 11 foizga kamaytirdi, qishloq joylarda (8 foiz) shaharlarga (4 foiz punkt) nisbatan kattaroq pasayish kuzatildi. 1,6 millionga yaqin odamlar kambagʻallikdan chiqib ketdi.

Ikkinchi mana bu xabarga esa Markaziy bank masʼul: “2023-yil yakuniga koʻra — deyiladi unda — Oʻzbekistonda jami ish bilan band boʻlgan aholi soni 312 ming kishiga yoki oʻtgan yildagiga nisbatan 2,3 foizga oshdi”.

Qayd etilishicha, oʻtgan yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab mehnat bozori koʻrsatkichlari yaxshilanishda davom etmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyiga kelib iqtisodiyotdagi ishsizlik sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qilgan. Bandlikka asosiy hissa qoʻshgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari boʻlib, qishloq xoʻjaligida band boʻlganlar miqdori esa kamaygan. Shuningdek, mehnat bozoridagi boʻsh ish oʻrinlari (vakansiyalar) soni bilan oʻlchanadigan ishchi kuchiga boʻlgan talab 14 foizga oshdi.

Bu iqtiboslarni biror adib yoki jurnalistning hayajon toʻla maqolasidan olganimiz yoʻq. Keltirilgan ikki iqtisodiy axborot ham maqomiga koʻra rasmiydir. Jahon banki tahlilida shu koʻrsatkichlar tan olinayotgan ekan, demak, biz toʻgʻri yoʻldamiz: olib borilayotgan ishlar oʻz samarasini berayotir.

Lekin adolat haqqi-hurmati shuni ham aytib qoʻyish kerakki, odamlarimiz orasida boʻlayotgan bunday oʻzgarishlarni tushunmayotganlar, koʻrib koʻrmaslikka olayotganlar ham bor. Men bundaylarga qarata, dunyoda insof-u diyonat degan gaplar bor va bu tushunchalarga hali qiron kelmagan, degan boʻlardim. Va yana aytgan boʻlardimki, insoniyat tamaddunining gultoji boʻlgan Rim ham birdan bunyod boʻlmagan…

Albatta, men iqtisodchi emasman. Ammo Prezidentimiz olib borayotgan xalqparvar siyosatning ichida yashayotganim uchun koʻp jarayonlar haqida oʻzimning shaxsiy qarashlarimni shu aziz Vatanning bir farzandi sifatida aytishga haqliman, deb oʻylayman.

II

Koʻhna dunyo tarixi shuni koʻrsatadiki, dafʼatan sodir boʻlgan muayyan yangilanishlar goho inson ruhiyati, qalb olami, tafakkuri, yashash va turmush tarzini butunlay oʻzgartirib yuboradi. Bu evrilish uning Vatanga muhabbati, hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik hissi, oʻz taqdiri, kelajagiga munosabatini ham isloh etadiki, aslida, eng buyuk oʻzgarishlar ana shundan keyin boshlanadi…

Bugungi yangilanayotgan, batamom yangi qiyofa kasb etayotgan Oʻzbekistonimizda kechayotgan qaynoq jarayonlar soʻzimizga yaqqol isbot, desam, yanglishmagan boʻlaman. Bu tarixiy yangilanishlarga jahon afkor ommasi tomonidan “Buyuk bunyodkorliklar davri”, deya taʼrif berilayotganining boisi ham shundadir, ehtimol.

Darhaqiqat, istiqlolning dastlabki yillari, aniqrogʻi, 2016-yilga qadar oldimizda bir qarashda zabt etish qiyin boʻlgan murakkab va ogʻir dovonlar turgandi. Bu — tafakkurimiz, dunyoqarashimiz, turmush tarzimiz, orzu-maqsadlarimizdagi yangilanish, isloh etilishi zarur boʻlgan hayotiy tushunchalarimiz bilan bogʻliq choʻqqilar edi.

Agar taʼbir joiz boʻlsa, tarixan oʻtgan qisqa davrda xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangi davr, yangi zamon — Yangi Oʻzbekiston dovonlarini qatʼiy ishonch, yaqin va uzoq istiqbolni koʻzlagan puxta reja, yuksak aql-idrok bilan zabt etib kelmoqda.

III

Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi Oʻzbekiston xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatga aylanmoqda.

Bu ishlarning samarali natijalarini nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilari eʼtirofidan ham bilsa boʻladi. Eng muhimi, Oʻzbekistonda bu demokratik oʻzgarishlar kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, xalqimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini oʻylab, milliy manfaatlarimiz yoʻlida amalga oshirilmoqda.

Ochigʻi, mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolgandi. Yashirishning hojati yoʻq: ilgari hokim yoki vazir deyilsa, olisdagi xilqat darajasida boʻlgan odamlar tasavvur qilinardi. Chunki vazirlik ham, hokimiyat ham oʻzini qalin temir panjara bilan ihotalagan, vazir va hokimning esa nafaqat yoniga yoʻlash, hatto koʻrish imkonsiz edi.

Bugun amaldorlar xalq orasiga kirdi. Prezidentimiz bu jarayonni juda xalqona tilda ifodalaydi: tepadan pastga tushish…

Binobarin, shunday! Davlat va uning organlari, avvalo, xalqqa xizmat qilishi kerak. Ayni tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom maʼnoda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va maʼnaviy-maʼrifiy ildizlari mustahkam va baquvvat boʻladi. Shu sababdan xalqning ogʻirini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilash barcha islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.

Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha boʻgʻindagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dard-u tashvishlari bilan qogʻozda emas, amalda jiddiy shugʻullanishmoqda. Davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda. Majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambagʻallik, aholini uy-joy bilan taʼminlash, taʼlim va tibbiyot bilan bogʻliq muammolar mavjudligi ochiq tan olinib, ular birin-ketin bartaraf etilmoqdaki, buning natijasi oʻlaroq odamlar adolat, haqiqat degan tushunchalarni faqat soʻzda emas, oʻzlarining hayotlari misolida ham his etishmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 8-sentyabrdan Prezidentlik vazifasini bajarishga kirishishi bilan xalq qabulxonalari faoliyatini yoʻlga qoʻydi. Ushbu tuzilmalar xalq va davlat oʻrtasidagi “devor”ni olib tashladi. Xalqning dardi toʻgʻridan-toʻgʻri davlat rahbariga yetib boradigan boʻldi. Natijada real hayot, real muammolar, hech qanday boʻyoqlarsiz, boricha namoyon boʻldi. Bu davlat rahbariga jamiyat rivoji uchun aniq choralar ishlab chiqish imkonini berdi.

IV

Barchamiz koʻrib, sezib turibmizki, bugun mamlakatimiz iqtisodiy tizimi toʻliq qayta barpo etilmoqda. Qanchalik ogʻir boʻlmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etish boshlandi. “Avval iqtisod, keyin siyosat” deganlaridek, iqtisodiyotni oyoqqa turgʻazmasdan turib, maʼnaviyat-u maʼrifat haqida gap-soʻz boʻlishi mumkin emasdi. Shu bois bu boradagi ishlar, avvalo, aholining muammolarini hal etishdan boshlandi. Buning natijasida bugun juda joʻn bir amaliyotga aylanib qolgan bank kartochkasidagi pullarni naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining “qora bozor”da boshqa, banklarda esa boshqacha boʻlishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega boʻlish, Oʻzbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni roʻyxatga qoʻyish bilan bogʻliq koʻp-koʻp muammolarga yechim topildi.

Islohotlar aholining barcha qatlami manfaatlariga ijobiy taʼsir koʻrsatdi: tadbirkorlar oʻz biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega boʻldi, dehqon va fermerlar, klaster xoʻjaliklari oʻzlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylandi. Holbuki, yaqin tariximizda ham “tepa”dan buyruq boʻlmasa, bir qadam bosishga haqimiz yoʻq edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi.

Eng yomoni, sovet zamonini qoʻya turaylik, “Ozodlik tongi” deya sharaflaydiganimiz — mustaqillikdan keyin ham bolalar, ayollar mehnatidan voz kechmadik, kechagi kunlarimizgacha norasida goʻdaklarimiz, munis va mushtipar ayollarimizni chillaning issigʻida qovjiratib, kuz-u qishning ayozida dirdiratib dalaga haydadik…

Hisob-kitoblarga koʻra oʻsha yillari millionlab odamlar paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Bular orasida bolalardan tashqari, taʼlim va tibbiyot muassasalari xodimlari, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, qoʻyingki, qimirlagan jon bor, hamma “zarbdor front”ga chaqirilardi. Bunday pallada taʼlim, tibbiyot va boshqa barcha muhim sohalar istiqboli-yu rivoji keyingi planga tushar, chunki paxta bu siyosat, mamlakat ijtimoiy-siyosiy mafkurasining dominant (ustun) qadriyati edi. Hatto shunday tartib joriy qilingan ediki, rahbar soʻralgan miqdordagi “terimchi”ni berolmasa, oʻrnini pul bilan “yopardi”…

Oʻtgan kunlarimiz haqida shu mulohazalarni yozar, gapirar ekansan, beixtiyor oʻylaysan: kechagina qoʻlidagi kartasidan pul naqdlashtirish uchun bankdan yoki u-bu yuqoriroq idorada ishlaydigan “uchar”lar orasidan tanish qidirgan va unga bu “beminnat” xizmati uchun yechilgan pulning, hatto oʻttiz foizigacha “tashakkur”i ramzi sifatida uning qoʻliga tutqazishga rozi boʻlgan baʼzi odamlarimiz bugungi imkoniyatlar qadriga yetmoqdami? Yoki hali eslaganimiz, kuzning adogʻigacha dalada gʻoʻzapoya sanab yuradigan ziyoli-yu ishchi-xizmatchilarimizchi?.. Holbuki, kechagina bu masalalar jamiyatimizning eng ogʻriqli va adolatsizlikning yuqori nuqtasiga yetgan muammolari edi…

Toʻgʻri, bu musibatli va rangsiz hayot tarzi bugun oʻzgardi. Ammo u oʻz-oʻzidan boʻlib qolgani yoʻq. Osmondan ham tushgani yoʻq. Nega buni biz tez unutamiz, qadriga yetmaymiz?!

Mayli, asosiy mavzudan chalgʻimaylik. Bugun iqtisodiy islohotlar haqida gap ketganda, turizmning rivojlanishi, soliq tizimidagi yangilanishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bogʻliq muammolarning bartaraf etilishi, bank-moliya sohasidagi oʻzgarishlar, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilayotganini ishonch bilan ayta olamiz. Eng muhimi, valyuta bozori liberallashdi. Chunki bizda uzoq vaqt valyutaning erkin konvertatsiyasi cheklandi. Hozir korxonalar import operatsiyalarini amalga oshirish uchun bemalol valyuta xarid qilish imkoniga egadirlar. Vaholanki, iqtisodiyotning eski modeli butunlay konvertatsiyaning yoʻqligiga bogʻlangan edi, konvertatsiya tizimi eng korrupsiyalashgan soha edi. Obrazli qilib aytganda, bu eski modelning borligʻi, oʻzagi edi.

Oʻrni kelganda pisandadan tashqari aytmoqchimanki, ayni kunlarimizda bu oʻzgarishlarni eslaydigan odamlar juda kam. Nega? Chunki “yaxshilik tez unutiladi” degan mentalitetimizga xos klassik “qadriyatimiz” bu yerda ham ishlab ketadi. Holbuki, aynan konvertatsiya muammosi tufayli qanchadan-qancha tadbirkorlar ish faoliyatini toʻxtatgan. Buning oqibatida esa ming-minglab ish oʻrinlari boy berilgan edi.

Bugun biz koʻrayotgan qiyinchiliklar, maʼlum zoʻriqishlar inʼikosi oʻsha xatolarimiz, kamchiliklarimiz zamirida berkinganini, tabiiyki, koʻpchilik odamlarimiz bilmaydi ham, tushunmaydi ham. Afsuski, bularni sharhlab beradigan olimlarimiz, mutaxassislarimiz sanoqli.

Men iqtisodiyotdan tashqaridagi bir odam sifatida buni shunday tasavvur qilaman: toʻgʻri, rels ham, vagonlar ham bor edi, faqat muammo shunda ediki, bu konstrukt joyida muqim turishga moyil edi. Oʻzini oʻzi chegaralab olgan, atrofdan ihotalangan edi. Va yana buni joyidan jildiradigan tashqi taʼsirga kuchli ehtiyoj bor edi. Bu, aytish mumkin boʻlsa, iqtisodiyotdagi liberal siyosat edi…

Xalqimizda “hechdan koʻra kech…” degan gap bor. Toʻgʻrisi ham, boʻlmagandan koʻra kech boʻlsada, boʻlgani yaxshi. Bugun iqtisodiyotimiz asta-sekin izga tushayotir, poyezd joyidan jilgan… Xususan, odamlarimiz koʻziga yaqqolroq koʻrinadigan bir manzara — bugun ishbilarmon yurtdoshlarimiz uchun barcha imkoniyat yaratildi, yaratilmoqda. Ularning erkin biznes yuritishi shaxsan davlatimiz rahbarining eʼtiborida. Bunga har yili oʻtkazish anʼanaga aylangan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqoti ham bir misoldir.

Shu oʻrinda oʻzim guvoh boʻlgan, ayni muammolarning ichida yashagan bir odam sifatida baʼzi mulohazalarni bildirmoqchiman. Men uzoq yillar Jizzaxdagi akkumulyator zavodiga rahbarlik qilganman. Va oʻsha jarayonlarda naqd pul muammosini ham, konvertatsiya masalasini ham bevosita koʻrganman. Bu, yumshoq qilib aytganda, tadbirkor, ishbilarmon uchun qip-qizil azobning oʻzginasi edi. Hech esimdan chiqmaydi, hatto eslasam, yuragim ogʻriydiki, yarim kechadan erta tonggacha naqd pul tushumi boʻyicha turli yigʻilishlar, selektorlar boʻlar, katta-katta amaldorlar, jiddiy odamlar shu masala boʻyicha jigʻibiyroni chiqib, talashib-tortishar va hatto bir-biri bilan soʻkishib, yoqalashishgacha borib yetardi. Konvertatsiya masalasi bundan ham ogʻir va iqtisodiyotimiz uchun kulfatliroq edi.

Masalan, shaxsan oʻzim zavodda ish oʻrinlarini koʻpaytirish, mahsulot sifatini oshirish uchun chet eldan hamkorlar topib, zamonaviy uskunalar olib kelib oʻrnatganman, ammo oʻsha uskunalarning valyutadagi kreditini toʻlashga kelganda yuzimiz qizargan. Chunki topilgan milliy valyutani konvertatsiya qilish muammo edi. Mabodo, Xudo berib, valyuta topsangiz ham, uning teng yarmini davlatga topshirishga majbur edingiz. Chunki tartib shunday edi. Bunday holat faqatgina bizning korxona emas, koʻpga kelgan toʻy, deganlaridek, mamlakatdagi barcha ishlab chiqaruvchilar, ishbilarmonlar-u tadbirkorlar boshiga tushgan koʻrgulik edi. Shu sabab ham bizda ishlab chiqarish oqsadi, chet ellik investorlar qadami yurtimizdan tortildi, hali aytganimizdek, vagonlarimiz joyida turib qolaverdi.

Prezidentimiz bu muammoni juda yaxshi bilar, xalqona tilda aytadigan boʻlsak, bu azoblarni jonidan oʻtkazgan edi. Shuning uchun ham bu masalalarni shaxsan oʻz nazoratiga oldi. Iqtisodiyot sohasidagi birinchi qilgan oʻzgarishi valyuta bozorini liberallashtirish boʻlsa, ikkinchi eng muhim yangilik pul muomalasidagi islohotlar boʻldi. Qolaversa, iqtisodiyotimizni qoʻllab-quvvatlovchi, ishbilarmon va tadbirkorlarimiz faoliyati uchun keng yoʻl ochuvchi, ularni himoya qiluvchi huquqiy asoslar yaratildi. Ushbu saʼy-harakatlar samarasi oʻlaroq, koʻplab chet el investorlari Oʻzbekistonga qaytdi…

Jahon tan olgan iqtisodiy qonuniyatga koʻra erkin konvertatsiya, avvalambor, xalqaro savdo munosabatlarining toʻlaqonli aʼzosi boʻlish uchun mutlaqo zarurat. Faqat xalqaro savdo munosabatlarining aʼzosi boʻlgan mamlakatlar xalqaro mehnat taqsimida ishtirok etib, undan kelib chiqadigan foyda va imtiyozlarga ega boʻladi.

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi yiliga 2%ga oʻsmoqda, prognozlarga koʻra 2030-yilga borib xalqimiz nufusi 40 millionga yetadi. Bunday katta davlatda tinchlik va barqarorlikni saqlash, xalqimizga munosib sharoit yaratish uchun iqtisodiyot ham, boshqaruv ham, taʼlim va tibbiyot ham yangicha boʻlishi, barcha sohada oʻsish, rivojlanish boʻlishi kerak.

Davlatimiz rahbarining Farmoni bilan qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi bugun ana shu maqsadga xizmat qilmoqda, desam, yanglishmagan boʻlaman. Izchil islohotlar samarasida asosiy kapitalga oʻzlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi ilgarigi yillardagidan 5 karra koʻpayib, 2017 — 2023-yillarda 16 milliard dollardan oshdi.

Tadbirkorlar sinfi shakllanib, jamiyatimizda haqiqiy kuchga, islohotlar drayveriga aylandi. Buning natijasi oʻlaroq soʻnggi yillarda yalpi ichki mahsulot hajmi 2018-yildagi 52,9 milliard dollardan 2023-yilda 90,9 milliard dollarga yetdi. Aholining xarid qobiliyati va oʻrtacha oylik ish haqi 2018-yildagiga nisbatan qariyb 1,6 marotaba oshib, bugungi kunda 375,1 dollarni tashkil etmoqda.

Endi mavjud salohiyatimizga tayanib yanada yuqori marralar belgilanmoqda. 2030-yilga borib iqtisodiyotimizni 2 barobardan koʻproqqa oshirib, 160 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2496 dollardan 4 ming dollarga yetkazish kutilmoqda. Buning natijasida Oʻzbekiston “daromadi oʻrtachadan yuqori boʻlgan davlatlar” qatoriga kiradi.

Bu maqsadlarga yetishish uchun, eng avvalo, ilgʻor texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish talab etiladi. Bunda mehnat unumdorligi ikki barobar oshadi. Shu maqsadda xorijiy hamkorlar bilan birga umumiy qiymati 115 milliard dollar boʻlgan yirik loyihalar allaqachon boshlangan. Jumladan, keyingi yillarda strategik megaloyihalar ishga tushiriladi. Xususan, Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaron misni qayta ishlash klasteri, Navoiy, Qoʻngʻirot va Qorakoʻlda yirik kimyo-polimer klasterlari, Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan yuqori qoʻshilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, Tebinbuloq va Gʻallaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi. Natijada 2030-yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur boʻlgan mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin — 1,5 karra, kumush — 3-marta, uran — 3 barobarga oshiriladi.

Shuningdek, Oʻzbekiston tarixida ilk bor alyuminiy, litiy, poʻlat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi. Bu xomashyolardan avtomobil, elektronika, “yashil” energiya qurilmalari, kimyo va polimer kabi yuzlab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarsa boʻladi. Bu 2,5 million yuqori daromadli ish oʻrni, deganidir. Prezidentimiz oʻzining saylovoldi dasturida qayd etganidek, tez orada 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo boʻladi va ishlab chiqarish yillik hajmi hozirgi 350 mingdan 1 million donaga yetkaziladi. Bunda yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi. Umuman, sanoatda qoʻshilgan qiymat hajmi 20 milliarddan 45 milliard dollarga yetkaziladi.

Kezi kelganda aytmoqchimanki, sanoat va iqtisodiyotning kelajagi bu eksportdir. Soʻnggi yillarda charm-poyabzal, toʻqimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika yoʻnalishlarida minglab yangi korxonalar ochildi. Natijada eksport hajmi 1,5 barobar koʻpayib, 20 milliard dollardan oshdi. Tashqi bozorlarga chiqish xarajatlari yuqori ekanini inobatga olib, strategiyada ilmga asoslangan, yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlarni koʻpaytirish moʻljallanyapti.

V

Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning ham mutlaqo yangi va oʻziga xos tizimi yaratildi. “Yangi Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” tamoyilining yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda asosiy norma sifatida mustahkamlanishi, inson qadrini yanada ulugʻlash, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini taʼminlashga qaratilgani yanada ahamiyatlidir. Ijtimoiy davlatda barqaror rivojlanishning muhim maqsadi — ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallik va ishsizlikni qisqartirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligiga koʻmaklashish, taʼlim, sogʻliqni saqlash va maʼnaviy-madaniy sohalarning muntazam taraqqiy etishini taʼminlash, samarali ijtimoiy sugʻurta taʼminotini yoʻlga qoʻyish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanish va ijtimoiy tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalardir.

Bugun Oʻzbekistonda kambagʻallik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida oʻrin egalladi. Unga qarshi faol kurash 2020-yilda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ushbu holatning birinchi marta rasman tan olingan paytida boshlangandi. Aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida maʼlumotlar bazalari shakllantirildi. 2021-yildan boshlab kam taʼminlanganlarni “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etilgan. 2022-yilda 9,5 mingta mahallada hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ish boshladi. Hokim yordamchilari tomonidan yuz minglab insonlar bandligi taʼminlandi. 2017-yilda 500 ming nafar kam taʼminlangan oilaga ijtimoiy yordam koʻrsatilgan boʻlsa, bugungi kunda ushbu koʻrsatkich 2,5 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablagʻlar hajmi yetti baravar oshirilib, yiliga 13 trillion soʻmga yetdi.

Koʻrilayotgan chora-tadbirlar tufayli maqolamiz avvalida keltirganimizdek, 2021-2023-yillarda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga pasayib, 1,6 millionga yaqin fuqarolar kambagʻallikdan chiqdi. Bunday natijalarga erishishda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga oʻqitish, ularga munosib ish oʻrinlari yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan tizimli va uzoqni koʻzlagan siyosat hal qiluvchi omil boʻlmoqda.

Kambagʻallikni kamaytirish, bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, kasbga tayyorlash va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga qaratilgan kompleks vazifadir. Bu borada joriy etilgan “yoshlar daftari”, “ayollar daftari”, “temir daftar” kabi tizimlarni alohida eʼtirof etish zarur. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bilan ana shu tizim asosida ishlashga kirishilganidan soʻng koʻplab yurtdoshlarimiz nafaqat oʻz oilasi farovonligini oshirishga kirishdilar, balki oʻz korxonalarini tashkil etib, ish beruvchilarga aylanishdi.

Bundan uch yil ilgari Jizzaxga “Ayollar daftari” dasturi doirasida borganimiz kechagidek esimda. Oʻshanda Sharof Rashidov tumanidagi mahallalardagi kam taʼminlangan oilalardan biriga kirgandik. Katta va yaydoq hovlida boquvchisini yoʻqotib, toʻrtta norasida bolasi bilan yolgʻiz qolgan ayol chorasizlikdan koʻzlari javdirab turgani haligacha koʻz oʻngimda. Bu oila oʻsha mahal roʻyxatga olindi, zarur yordam koʻrsatildi.

Yaqinda shu mahalladan oʻtayotib, oʻsha xonadon eshigi oldida toʻxtadim. Uyning devorlari oqlangan, darvozalari boʻyalgan — uyga rang kirgan. Hovli sathi ham oʻzgargan. Biz koʻrgan yaydoq maydon oʻrnida bejirim issiqxona paydo boʻlibdi. Qolgan maydonlarga ziravorlar ekilgan, atrof koʻkarib, yashnab turibdi. Uy bekasi bilan ham uchrashdik. Harakatlari dadil, qarashlari oʻktam. Yordam taklif qilsak, ikki qoʻli koʻksida: “Davlatimiz, Prezidentimiz meni jar yoqasidan olib chiqdi. Sizlar kelgan oʻsha mahallar shunday ruhiy holatda edimki, tushuntirib berolmayman. Dunyo koʻzimga qorongʻi koʻrinib, turli yomon xayollarga ham borganman. Chunki toʻrtta bola bilan yolgʻiz qolish ogʻir ekan. Tanish-bilish ham bir yordam beradi, ikki beradi — keyin u ham odam, oʻz tashvishi bor hammaning. Shunday ogʻir kunda Xudo sizlarni yetkazdi. Koʻrsatilgan yordamdan issiqxona qurdim, tomorqamni tikladim, mol-hol qildim. Topilgan daromaddan tikuv mashinasi olib, mahalladagi qiz-juvonlardan toʻrt-beshtasini ish bilan taʼminladim…” dedi.

Ochigʻi, oʻsha ayol bilan boʻlgan uchrashuv mening koʻnglimni koʻtarib yubordi. Chunki Prezidentimiz boshlagan ishlar asta-sekin oʻz samarasini berayotir, odamlar dardiga malham boʻlayotir. Albatta, bu bir oila, bir ayol misolidagi holat. Mamlakatimizda esa ushbu ijtimoiy loyihalar tufayli dasturxoni barakaga, hayoti baxtga toʻlayotgan oilalar yuz minglab topiladi.

Ijtimoiy himoya haqida gap ketganda, pensionerlar manfaati kuchli himoyaga olinayotganini ham eslatib oʻtish joiz. Hozir (2023-yil 1-yanvar holatiga koʻra) Oʻzbekiston aholisining qariyb 12,4 foizi (4,5 million kishi) pensiya va nafaqa olmoqda. Soʻnggi vaqtda ular soni yiliga 200 — 250 ming nafarga oʻsib bormoqda. Safning kengayishi bilan tizimda ham bir qancha oʻzgartirishlar qilishga ehtiyoj sezildi. 2017-yilgacha pensionerlarni qiynab kelgan muammolardan biri — ularga pullar naqd shaklda berilmayotganida edi. Oʻsha yili 1-fevraldan boshlab mazkur masala yechim topdi: pensiya va nafaqalar istalgan shaklda — naqd yoki plastik karta orqali berila boshlandi.

Pensiya tizimidagi yana bir ijobiy oʻzgarish — 2019-yilda yuz berdi. Yaʼni pensiya hisoblashda ish haqiga belgilangan yuqori chegara pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 8 baravaridan 10 baravarga oshirildi. Buning natijasida 531 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori oshdi. Qolaversa, oʻsha yilning 1-yanvaridan boshlab ishlaydigan pensionerlarga ham pensiyalarini toʻliq olish imkoniyati yaratildi.

2023-yilning 1-yanvaridan esa pensiya tayinlash uchun olinadigan oʻrtacha ish haqi-ning yuqori chegarasi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravariga yetkazildi.

VI

Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, taʼlim va tarbiyadir. Bu — inkor etib boʻlmaydigan haqiqat. Shuning uchun ham Oʻzbekistonda taʼlim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablagʻlar yoʻnaltirilmoqda. Bu jarayonda oʻqituvchilarning mavqeini yuksaltirish boʻyicha ulkan ishlar qilindi. Oʻqituvchi va oʻquvchilar yuqorida aytganimizdek, paxta terimi, dala yumushlari, obodonlashtirish-u qurilish ishlari kabi har qanday turdagi majburiy mehnatdan, yana ham aniqroq aytganda, “tekin mardikor”likdan ozod qilindi.

Hammamiz yaxshi bilamizki, taʼlim tizimiga adolatsiz yondashuv muallimning obroʻyi, shaʼni, qadri haminqadar baholangani tufayli aksariyat erkak oʻqituvchilar ishini tashlab ketishga majbur boʻlgandi. Buning oqibatida, qoʻpol boʻlsa ham aytay, maktab va bolalar taʼlim-tarbiyasi ayol pedagoglar qoʻlida qolgandi. Farzand oʻstirayotgan har birimiz uyda, hayotda bolaga otaning, erkak kishining tarbiyasi nechogʻli muhim ekanini yaxshi bilamiz va anglaymizki, bu pirovard natijasi ayanchli tus olishi mumkin boʻlgan holat edi.

Xoʻsh, erkak oʻqituvchilar nega maktabni tashlab ketishgandi? Javob juda oddiy: ularning dars berib topadigan puliga kuni oʻtmay qolgandi. Oʻzingiz oʻylang, muallim erta-yu kech ishdaman, deb yursa-yu, maoshi oʻzining ehtiyojiga yetmasa, oilaning boshi, roʻzgʻorning ustuni boʻlgan erkak uchun bundan ogʻir malomat bormi?! Oʻsha yillari oʻz ishini qoʻyib, kun koʻrish, roʻzgʻor boqish uchun “ippodrom”ga chiqib ketgan nafaqat maktabdagi oʻqituvchilar, balki ilm-fanda maʼlum rutba-yu obroʻga ega yuzlab domlalarni ham koʻpchiligimiz yaxshi bilamiz.

Albatta, bu gaplarni birovning holiga pisanda qilish, kulish uchun aytmayapman. Ahvol shunday edi. Va bu koʻrgilikdan hech kim himoyalanmagandi ham.

Bugun insofi bor, vijdoni uygʻoq odam tan olishi kerakki, taʼlim sohasida vaziyat oʻnglandi. Maktabga, muallimga koʻrsatilayotgan eʼtibor tufayli ustozlar oʻz sevimli kasblariga qaytishmoqda. Davlatimiz tomonidan ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, soʻnggi yillarda maktab oʻqituvchilarining oylik maoshlari 2,5 baravar, oliy taʼlim professor-oʻqituvchilarining oyligi 4 baravar oshirildi. Bugun oddiy qishloq maktablarida dars berayotgan oʻqituvchilar orasida ming dollar maosh oladigan ustozlar yuzlabni tashkil qiladi.

Yoki bu misolni OTM professorlari faoliyatida koʻraylik. 2016-yilda ular 2 million soʻm atrofida maosh olgan boʻlsa, 2023-yil 1-dekabrdan bu miqdor 11 million 148 ming soʻmga yetdi. Bundan tashqari, faol olimlarga ilmiy darajasi uchun byudjetdan yana 60 foizgacha ustama haq toʻlanmoqda. Umuman olganda, taʼlim sohasi bugun katta islohotlar maydoniga aylandi, desam, buni hech kim inkor eta olmaydi.

Birgina keyingi yillarda ayni jabhada paydo boʻlgan Prezident maktablari tizimini olaylik. Boshlangʻich taʼlimning jahon andozalariga javob beradigan bunday tizimi bugun barcha viloyatlarda yaratildi. Va eng quvonarlisi, ularning bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli universitetlariga kirish uchun grantlarni yutib olmoqdalar. Bundan tashqari, oʻsha islohotlar zamirida mamlakatimizda xususiy taʼlim rivojlantirildi, hozir 383 dan ortiq shu tipdagi maktablar va 65 dan ortiq nodavlat oliy taʼlim muassasalari faoliyat yuritmoqda.

Mamlakatimizdagi OTMlar soni 210 tadan oshdi. Ular orasida dunyoning nufuzli universitetlari filiallari ham bor. Oliy taʼlim qamrovi 9 %dan 42 %ga koʻtarildi.

Shu oʻrinda biz bugun deyarli unutib yuborgan tizimdagi xunuk bir manzarani eslamoqchiman. Bundan atigi 8-yil ilgari ham bahor oyoqlashi bilan poytaxt va OTMlar joylashgan shaharlarimiz qoʻltigʻiga pul qistirgan ota-onalarga toʻlib ketardi. Maqsad — farzandini oʻqishga joylash. Bilim, adolat, omad degan tushunchalarga hech kim ishonmas, hammaning bilgani, sigʻingani dollar edi. Chunki shu muomala boʻlmasa, ish bitmasligini hatto bolalarning oʻzlari ham bilishardi. Ahvol bundayligining esa oʻziga yarasha sabablari bor edi. Birinchidan, soha korrupsiya uyasiga aylangan boʻlsa, ikkinchidan, mavjud OTMlar soni bitiruvchilar soniga mutanosib emasdi. Bugun oʻqishga kirish imkoni nihoyatda keng. Bir abituriyent bir paytning oʻzida bir necha OTMga hujjat topshirishi va talaba boʻlishi mumkin.

Xoʻsh, ayni oʻzgarishlarni bugun kim eslayotir?!.

Kezi kelganda aytish kerakki, bugun zamonaviy tipdagi maktablar qurish, eskirganlarini qayta rekonstruksiya qilish masalasi ham Prezidentimizning alohida nazoratida. Hozir eng olis, togʻli yoki dasht-u dalalardagi qishloqlarda ham toshu paxsadan koʻtarilgan tomi loysuvoq, shifti chang-tutundan qorayib ketgan, yeri bir qarich changga botib yotadigan birorta maktab qolgan emas.

Bu haqiqatni tan olaylik. Vaholanki, yaqin-yaqingacha bolalarimiz ichiga kirishga odam qoʻrqadigan shunday binolarda saboq olishardi. Xoʻsh, bu ishlar xamirdan qil sugʻurganday oson bitgan, deb qaysi mard ayta oladi?! Taassufki, aksariyat hollarda biz bunday ishlarni nazardan qochiramiz, taassufki, “savobning tagi teshik”, deganday, saxovatni ham, mehnatni ham, oʻzgarishlarni ham tezda unutamiz…

Yoki taʼlim-tarbiya sohasining yana bir boʻlagi — maktabgacha taʼlim tizimini olaylik. Ochigʻini aytish kerak, sovet davrida uncha oliy maqomda va toʻkis boʻlmasa-da, bu borada maʼlum tartib bor edi. Qishloqlarda ham “Yasli”, “Detsad” degan gaplar boʻlar va qishloq ayollari bolalarini oʻsha yerga berib, oʻzlari davlat ishida ishlashga yoki boshqa yumushlarga imkoniyat topganday boʻlardi. Bu jarayon mustaqillik yillariga kelib “uzilib” qoldi. Shahar-u qishloqlardagi bunday muassasalar yopilib, binosi va maydonlari yeng ichida sotib yuborildi.

Qiziqki, oʻrtada bir avlod, ayniqsa, qishloq joylarda “bolalar bogʻchasi” degan gapni goʻyo unutdi. Hatto, bu tushuncha maishiy hayotimizdan chiqib ketganday boʻldi. Lekin biz oʻsha mahallar ham zoʻr berib, “qishloq ayoliga sharoit yaratishimiz kerak, u ishlashi, oʻziga qarashi, zamonaviy dunyoda shahar ayollari bilan teppa-teng sharoitga ega boʻlishi kerak”, deya lof urishdan tiyilmadik. Hech kimning xayoliga qishloqdagi ayolning uch-toʻrtta bolasi bor, ishga boradigan boʻlsa, goʻdaklarini etagiga solib boradimi, degan gap kelmadi. Buning ustiga, televizorga chiqib olib, qishloq ayoli ham oʻziga zeb berib, orolanib yurishi kerak, bu oila mustahkamligida muhim omillardan biri, deya etika-estetikadan “dars” berdik. Nafsilamrini aytganda, bu gaplar xato emas edi: chindanam barcha ayol goʻzal boʻlishga, baxtli hayot kechirishga loyiq. Ammo buni sharoit koʻtarishi kerak, oʻsha sharoit esa yoʻq edi.

2016-yildan keyin ortiqcha urgʻu berilmasdan, shov-shuv va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharh va “tushuntiruv”larsiz bu muammolarni ham hal qilishga kirishildi. Nazarimda, qay shaklda “piar” qilsa, koʻproq olqish olish emas, mavjud muammoni tezroq hal etish ustida koʻproq bosh qotirildi. Shu harakatlar samarasi oʻlaroq, keyingi yillarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 6 barobarga koʻpaydi. Sohada xususiy sektor ishtiroki sezilarli darajada kengaydi. Olis va chekka hududlarda yuzlab oilaviy bogʻchalar tashkil etildi. Natijada bolalarni maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qamrab olish koʻrsatkichi 74,3 foizga chiqdi. 2025-yilda bu koʻrsatkichni 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralar koʻrilyapti.

Eng muhimi, Oʻzbekistonda qabul qilingan “Taʼlim — 2030” konsepsiyasi asosida ushbu sohada islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

Ammo meni hayron qoldiradigan bir jihat bor: taʼlim sohasida shuncha yangilanishlar olib borilayotgan ekan, oʻqituvchilar, professor-u akademiklarning qadri yuksalayotgan ekan, nega ziyolilarimiz bu oʻzgarishlar haqida gapirmaydi yoki mulohazalari oʻzaro gurunglardan yuqoriga koʻtarilmaydi?! Holbuki, ular bundan yetti-sakkiz yil oldingi vaziyatni oddiy odamlardan koʻra teranroq tushunishadi, bilishadi-ku?

VII

Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy yordam koʻrsatishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bunga keyingi yillarda sogʻliqni saqlash sohasiga byudjetdan ajratilgan mablagʻlar 7,3 trillion soʻmdan 24,7 trillion soʻmga, shifokorlarning oʻrtacha oylik maoshi 1131,2 ming soʻmdan 3282,7 ming soʻmga, hamshiralar maoshi 692,1 ming soʻmdan 2008,6 ming soʻmga, dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratilgan mablagʻlar 0,4 trillion soʻmdan 1,8 trillion soʻmga, tibbiyot sohasidagi OTMlar soni 7 tadan 9 taga, xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 4 000 tadan 7 010 taga yetgani ham bir misoldir.

Maʼlumki, kasallikni davolashdan koʻra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Eng avvalo, birlamchi tibbiyot boʻgʻini, tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimi isloh qilinmoqda. Har bir mahallada xonadonbay ishlaydigan patronaj xizmatini tashkil etish orqali sogʻliqni saqlash tizimi aholiga yaqinlashtirildi. Birgina 2022-yili joylarda 136 ta oilaviy shifokor punkti va oilaviy poliklinika hamda chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmon uchun mablagʻlar hajmi oʻtgan yillarga nisbatan 3 barobar oshirildi. Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash oʻrinlari tashkil etilishi natijasida 740 ming kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita oʻzi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega boʻldi.

Yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan tibbiy xizmatlar koʻlami ham kengaymoqda. Avvalambor, 25 ta ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazining hududlarda yuzdan ortiq filiallari faoliyat boshladi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 200 turdagi operatsiya va tashxisni aksariyat mahalliy shifoxonalarda oʻtkazish imkoniyati yaratildi. 130 dan ziyod turdagi jarrohlik amaliyotlari viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yoʻlga qoʻyildi. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 3,1 barobar oshirilib, ularning majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qoʻyildi.

Eng muhimi, koʻrilayotgan choralar natijasida aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi 74,7 yoshdan oshishiga erishildi. Kelgusida ushbu koʻrsatkichni 78 yoshga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yildan birlamchi boʻgʻin orqali eng koʻp uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paketni aholiga bepul taqdim etish boʻyicha zarur choralar koʻrish, tugʻish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatish ishlarini davom ettirish koʻzda tutilmoqda.

VIII

Birda bunyod etish, birda vayron qilish insoniyatga xos tushuncha boʻlib, azaldan yaqin qoʻshni, hamfikr va hammaslaklikda tarix soʻqmoqlaridan mardonavor oʻtib kelayotgan ota-bobolarimiz bu borada juda katta hayotiy tajribaga ega. Boisi, asrlar mobaynida boshimizda ne-ne alp jahongirlarning nayzasi sinmadi deysiz?! Dono yoʻlboshchilar tufayli baʼzan xalqlarimiz tinch-totuv umrguzaronlik qildi, yurt obod boʻldi, baʼzan esa zulm va zalolat girdobida orzu-maqsadlarimiz vayron etildi.

Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo xalqlarining keyingi yillardagi hayoti aynan Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbuslari bilan yaqin qoʻshnichilik, oʻzaro ishonchli va doʻstona hamkorlikning yangi davri sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlanmoqda. Bugun biz ana shunday tarixiy davrning nafaqat kuzatuvchisi, balki faol ishtirokchisi ekanimizdan haqli ravishda faxrlansak arziydi.

Men ayni mavzudagi mulohazalarni juda koʻp maqolalarimda tilga olganman va bundan keyin ham muhtaram Prezidentimizning bu borada olib borayotgan tarixiy siyosatini qayta-qayta aytishdan charchamayman. Bu, leytmotiv boʻlishga arziydigan, Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasini yorqin namoyon etadigan fikrlar, tarixiy faktlar quyidagicha tartib olishi mumkin: qadimdan ajdodlarimiz qoʻshnichilik munosabatlarini qadriyat sifatida eʼzozlab kelgan. Bu haqda gap ketganda, avloddan-avlodga oʻtib, tobora sayqallanib borayotgan “Qoʻshning tinch — sen tinch”, “Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qoʻshni yaxshi” kabi hikmatli iboralarni eslash oʻrinlidir.

Ammo tarixan oʻz tasdigʻini topgan bu tushunchalar hayotimizga singib ketmadi; oʻtmishi, tili-yu dini, madaniyati bir boʻlgan mintaqa davlatlari milliy siyosatlar va mafkuralar fonida ogʻa-inidan koʻra koʻproq begonaga, oʻzaro muloqotdagi til esa goh pinhon, gohida esa ochiq-oshkor mehr-muhabbat, doʻstlik lisonidan, diplomatik qochirim va pisandalar tiliga aylanib qoldi. Va hatto, ayni kayfiyat mintaqa davlatlari munosabatlarida oʻzaro “nafrat tili”ni shakllantirganday ham boʻldi. Boshqa davlatlardagi ahvolni qoʻyib turaylik, bundan sakkiz yil ilgari oddiygina gap, qoʻshnilar bilan bordi-keldimiz, chegara, bojxona tekshiruvi degan masalalar ahvoli qanday edi? Savdo-sotiq, madaniy aloqalar haqida-ku, gapirmasa ham boʻladi. Chunki bunday harakatlar deyarli unutilgandi.

Shavkat Mirziyoyev ana shunday ogʻir va qaltis bir vaziyatda hokimiyatga keldi. Mamlakat girdiga solingan temir panjaralarni sindirish, Oʻzbekistonni ochiq mamlakatga aylantirish, ayniqsa, mintaqa davlatlari bilan muzlatilgan munosabatlariga iliqlik kiritishni oʻz tashqi va ichki siyosatining ustuvor maqsadi deb belgilagan Shavkat Mirziyoyev uchun bu mashaqqatli sinov edi. Ammo bugun xuddi kino tasmasidek koʻz oldimizdan oʻtadigan oʻsha kunlar oʻz xayrli xotimasi bilan mazkur tarixiy syujetning qiymatini yanada oshirganiga guvoh boʻlish odamda oʻzgacha shavq uygʻotadi.

Haqiqatan ham, yurtimizning barcha hududida xalqlarimiz oʻrtasida quda-andachilik, qarindoshlik va qardoshlik anʼanalari uzilmas rishta sifatida oʻzaro chambarchas bogʻlanib ketgani hech kimga sir emas. Lekin esga olganimiz “muzlik davri”da bunday qadriyatlar oyoqosti boʻlgani ayni haqiqatdir. Hech esimdan chiqmaydi, oʻsha kezlarda Toshkentdan vodiy viloyatlariga Tojikiston hududini kesib oʻtadigan temir yoʻl batamom qoʻporilib, oʻrniga daraxt oʻtqazib tashlash buyurilgan va shunday qilingan ham edi. Buning sababi nima ekanini aytmasam ham hamma tushunadi: oʻrtadagi sovuqchilik. Ammo birgina shu “siyosiy xarakter” ortidan iqtisodiyot qancha zarar koʻrganini, odamlar nechogʻli aziyat chekkanini oʻsha paytda oʻylaydigan odam yoʻq edi.

Darvoqe, insonlar taqdiri. Men ayni jumlalarni yozarkanman, qoʻshni davlatdagi fuqarolar urushidan keyin minalashtirib tashlangan togʻoldi chegara hududlarida portlab umri xazon boʻlgan minglab odamlar taqdiri yuragimni oʻrtaydi. Aynan oʻrtadagi sovuqchilik sabab zararsizlantirilmagan hudud uzoq yillar “jahannam dalasi” sifatida odamlar qalbini qoʻrquv va xavotirga toʻldirib turdi. Siyosatdagi bunday “qaysar” qatʼiyat nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki ijtimoiy, deylik, xalqlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga ham putur yetkazdi.

Aytaylik, Fargʻona vodiysi, voha viloyatlarining chegara qishloqlarida yashovchi oilalar qoʻshni Tojikiston, Qirgʻizistonga toʻy-maʼrakaga borib kelishi uchun bir necha chigʻiriqdan oʻtishi, yuzlab chaqirim yoʻl bosishi kerak edi. Vaholanki, chaqirsa, bir-birining ovozini eshitadigan yaqin masofada yashovchilar shirin diydor uchun bitta ariq, mahalla yoki qishloq oralab oʻtib borsa, yetarli boʻlardi.

Chegaradan oʻtish mashaqqatlari tufayli uzoq yillar yuzma-yuz koʻrisha olmagan, toʻyida xursandchiligiga sherik boʻlolmagan, dunyodan oʻtganida soʻnggi manziliga kuzata olmagan insonlarning qaygʻu-iztiroblariga koʻp guvoh boʻlganmiz. Yillar davomida ota-onasi, jondan aziz farzandlariga mushtoq yashayotganlarni koʻrganda, dunyoda inson uchun chorasizlik, imkonsizlikdan ortiq azob yoʻq ekanini yurak-yurakdan his etardik. Chegaralar ochilgach hayoti sogʻinchlarga aylangan insonlar bir-birining diydoriga toʻydi, koʻp yillik orzu-armonlar ushaldi. Toʻy va maʼraka, sayohatlarga emin-erkin borib kelish imkoniyati yaratildi.

Davlatimiz rahbari yechimi choʻng bir siyosiy iroda talab qiladigan muammoni joyidan qoʻzgʻatdi: chegara, suv havzalari, transchegaraviy daryolardan foydalanish kabi faqat kengashib yechish mumkin boʻlgan masalalarni hal etishga kirishdi.

Oʻz oʻrnida aytish kerakki, geosiyosiy nuqtayi nazardan oʻta muhim zonada joylashgan mintaqamiz doim global qudratlar qiziqish markazida boʻlib kelgan va ularning aksariyati bu yerda paydo boʻlgan milliy davlatlarning yaqinlashuvini taʼsir oʻtkazishga zarar beruvchi omil oʻlaroq baholaganlar. Oʻtgan asrning boshlarida sovetlar tomonidan etnik prinsiplarga koʻra boʻlib tashlangan Turkiston xalqlari mustaqil boʻlganidan keyin ham ayirmachilik, boʻlginchilik, millatchilik botqogʻidan chiqa olmadi.

Ayni shu sababga koʻra, amerikalik mashhur siyosatchi va davlat arbobi Zbignev Bjezinskiy geosiyosat atamashunosligiga “Yevroosiyo bolqonlari” degan tushunchani kiritganda, ehtimol, haq edi.

— …Ovroʻpada “Bolqon” degan soʻz, — deydi u — darhol etnik ixtiloflar manzaralarini koʻz oldingizga keltiradi va siz bu mintaqadagi ulugʻ davlatlarning oʻzaro mojarolarini eslab ketasiz. Yevroosiyo ham oʻzining “Bolqonlari”ga ega, biroq “Yevroosiyo Bolqonlari” hajmiga qaraganda ancha katta, aholisi yanada qalin va etnik jihatdan turfa xildir. Ular juda katta hududda joylashgan boʻlib, global beqarorlikning markaziy zonasini tashkil qiladi va oʻz ichiga Janubi-Sharqiy Ovroʻpa rayonlarini, Oʻrta Osiyoni, Janubiy Osiyo qismlarini, Fors qoʻltigʻi va Yaqin Sharqni oladi…

Olim bu tarkibga toʻqqizta mamlakatni kiritadi va ularning beshtasi mintaqamiz davlatlaridir. Albatta, Bjezinskiy nimani nazarda tutganini tushunib turibmiz. U toʻgʻri tusmollaganidek, mustaqillik yillarida mintaqamizda etnik xarakterdagi, hudud va suv talashish ustida bir necha tortishuvlar boʻldi. Va taassufki, bu mojarolarning koʻpi qonli toʻqnashuvlar tarzida kechdi. Biroq mustaqillikdan soʻng yigirma besh yillar oʻtgach, bu yerda ham ijtimoiy, ham siyosiy hayot oʻzgardi. Mulohazalarimizni Bjezinskiyga taqqosan aytadigan boʻlsak, mintaqaga Shavkat Mirziyoyev olib kirgan siyosiy iqlim uning qarashlariga tahrir kiritdi.

Men shu oʻrinda oʻz mazmun-mohiyatiga koʻra juda taʼsirli bir misolni keltirmoqchiman. Oʻtgan yili “Kabar” agentligiga bergan intervyularidan birida Qirgʻiziston Prezidenti Sadir Japarov “Kampirobod” suv ombori masalasi atrofidagi baʼzi buzgʻunchi kuchlar, notoʻgʻri va odamlarni chalgʻituvchi fikrlarga qarshi oʻz pozitsiyasini qatʼiy bildirib, jumladan, shunday degan edi:

…Endi eng asosiy masalaga toʻxtalsam. Oʻzbek tomoni shundoq ham Oʻzbekistonga oqayotgan suvni qay usulda olishining bizga farqi bormi? Quvur orqalimi, ariq yoki havodanmi — ahamiyati yoʻq. Muhimi, har bir harakat oʻzaro kelishib olinishi kerak.

Bundan buyon qirgʻiz – oʻzbek doʻstligi mustahkam boʻladi. Doʻstlik rishtalarimizni Xudodan boshqa hech kim uza olmaydi.

Shu bois ham Yaratgan Egamdan hamisha tinch yashashimizni soʻrashimiz kerak.

Qoʻshni mamlakatlar oʻrtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarni kuzatib borayotgan ekspert-u tahlilchilar, siyosatchilar juda yaxshi bilishadiki, Qirgʻiziston bilan aynan suv va chegara muammosida deyarli 25-yillik ixtilofimiz bor va u yechilmay kelayotgandi. Bugun bu muammolarning barchasi hal etildi. Bundan ham quvonarlisi, siyosat oʻzgardi, qarashlarimiz uygʻunlashdi.

Mintaqa davlatlari oʻrtasida oʻzaro yaqinlashuv tendensiyasining kuchayganligi haqidagi fikrimni mustahkamlash uchun men yana bir kichik iqtibos keltirmoqchiman. Bu — Qozogʻiston rahbari Qosim-Jomart Toqayevga tegishli. 2024-yil 16-may kuni oʻz mamlakatida boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashi kotiblarining birinchi yigʻilishida u shunday dedi:

Hamkorlik va oʻzaro ishonchni rivojlantirish yoʻlida vaziyat tubdan oʻzgarganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.

Toʻliq masʼuliyat bilan ayta olaman: tom maʼnoda 10-yil avval Markaziy Osiyo mintaqasida bunday holat yoʻq edi.

Hozir davlat rahbarlari, hukumat rahbarlari, xavfsizlik kengashlari kotiblari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari u yoqda tursin, xoʻjalik boshqarmalariga rahbarlik qilayotgan insonlar bir-biri bilan chambarchas aloqada. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat bar-qaror rivojlanish sari intilayotganidan juda yaxshi dalolatdir.

Darhaqiqat, keyingi yillarda mintaqadagi oʻzgarishlarni nafaqat xalqlarimiz yoki siyosiy elitamiz, balki tashqarida turganlar, siyosatchi-yu tahlilchilar ham sezishmoqda, eʼtirof etishmoqda. Jumladan, AQSHning Pittsburg universitetidagi Boshqaruv va bozorlar markazi direktori Jennifer Brik Murtazashvili oʻtgan yili xorijiy OAVga bergan bir intervyusida shunday degan edi: “…Markaziy Osiyoni boricha koʻrish vaqti keldi. Bu endi postsovet hududi emas. U Yevroosiyo. Men Markaziy Osiyoga postsovet prizmasi orqali qarab kelingan deb oʻylayman, unga Yevroosiyo superkontinentining yuragi sifatida qaralmadi…”.

Uning uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoni oʻrganib kelayotgan mutaxassis ekanligini hisobga oladigan boʻlsak, iddaosi birmuncha asosli va salmoqli ekanligi oydinlashadi. Ammo Qirgʻiziston va Qozogʻiston rahbarlari ham, AQSHlik olima ham birdek quvonib eʼtirof etayotgan bu ulkan oʻzgarishlar qanday sodir boʻldi, nimaning hisobiga bunday natijalarga erishildi? Garchi, koʻpincha ochiq aytilmayotgan boʻlsa-da, ayni harakatlar ortida kim turganini dunyo ham, mintaqa xalqlari ham juda yaxshi tushunadi. Anglab turganingizdek, bu jarayonlar Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati va siyosiy irodasi bilan bogʻliq.

Shu oʻrinda gap ming yillardan buyon qoʻni-qoʻshni boʻlib yashab kelgan xalqlarimiz haqida ketar ekan, bir jihatni ochiq tan olish kerak: davlatimiz rahbari siyosati tufayli bugun qoʻshni davlatlar oʻrtasida yuzaga kelgan iliq munosabatlar xalqlarimiz hayotida, kayfiyatida ham oʻzgachalik kasb eta boshladi. Masalan, yaqinda mamlakatimiz futbolchilari Parij olimpiadasiga yoʻllanmani qoʻlga kiritganda ijtimoiy tarmoqlar sportchi yoshlarimiz nomiga yoʻllangan hamd-u sano-yu, shirin tilaklarga toʻlib ketdi. Omad tilaganlar orasida minglab qozogʻistonlik, tojikistonlik, turkmanistonlik va qirgʻizistonlik qoʻshnilarimizning borligi meni xursand qildi, ochigʻi. Chunki ulardagi samimiyat davlatlarimiz va odamlarimiz oʻrtasidagi munosabatlar chin maʼnoda mustahkamlanayotganini namoyon etib turardi.

Darhaqiqat, samimiyat samimiylikka chorlaydi, degan gap ayni haqiqatdir. Bundan atigi oʻn yillar oldin bir-biriga bepisandlik bilan qaraydigan xalqlarimiz qoʻshnisining, birodarining gʻalabasidan xursand boʻlayotgan ekan, buni ijtimoiy mutaxassislar tilida aytganda, beqaror etnik kontekstdagi tarixiy islohot, deyish mumkin boʻladi. Zotan, bugundan koʻp ham nari boʻlmagan zamonlarda ham oʻzaro kamsitish, shaʼnini yerga urish, kimoʻzarga qasdlashish maʼlum maʼnoda hayot tarzimiz edi…

IX

Tabiiyki, bitta maqolada Oʻzbekiston rahbarining mamlakat, mintaqa va tashqi siyosatda olib borgan siyosatini toʻliq qamrashning imkoni yoʻq. Shu bois men mazkur islohotlar, tarixiy yangilanishlarning baʼzilarigagina muxtasar toʻxtaldim. Va angladimki, shu jarayonning oʻzi ham Millatimiz Liderining yorqin siymosi — siyosiy portretini aniq tasavvur qilishga imkon beradi.

Maqolani Prezidentimizning soʻzlaridan olingan iqtibos bilan boshlagan edik. Albatta, buning sababi bor edi. Davlatimiz rahbari oʻsha uchrashuvda, mening nazarimda, xalqqa yuragini ochdi. Yuragidagi orzu-armonlari, dilining tub-tubidagi niyatlarini el bilan baham koʻrdi. Qalbdan otilib chiqqan bu yoniq soʻzlar Prezidentimizning oʻz xalqi oldida bergan hisobidek edi.

Ayni otashin nutq qalblarimizda aks sado bergani bor gap. Zotan, umrini xalq uchun tikkan Millat Liderining qatʼiyati, Vatanga va Millatga boʻlgan soʻnmas muhabbati, men ishonamanki, Yangi Oʻzbekistonning porloq kelajagini yaratish yoʻlida barchamiz uchun ilhom sarchashmasi boʻlib xizmat qilajak.

Qudratilla Rafiqov, siyosatshunos.

“Ishonch” gazetasi.

2024-yil 21-may.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?