Shaxmat xonalari tashkil etildi

11:10 15 Oktyabr 2024 Jamiyat
273 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Buxoro viloyatida shaxmatga oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilgan maktablar soni biratoʻla 50 taga koʻpaydi. Bunga qadar 11 ta umumtaʼlim maktabida 2-, 3-, 4-sinf oʻquvchilariga tajriba-sinov tariqasida shaxmat oʻyini oʻrgatilayotgan edi.

— Davlatimiz rahbarining “Shaxmatni yanada rivojlantirish va ommaviylashtirish hamda shaxmatchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida oʻtkazilgan tajriba-sinov oʻz natijalarini koʻrsatmoqda, — deydi viloyat maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi masʼul xodimi I. Oripova. — Shaxmatning sir-asrorlari oʻrgatilayotgan sinf oʻquvchilarida darslarni oʻzlashtirishda ijobiy oʻzgarishlar kuzatilyapti. Bu bejiz emas. Shaxmat kishida fikrlash jarayonini tartibga soladi, diqqatni jamlash koʻnikmasini hosil qiladi, xotirani mustahkamlaydi. Mantiqiy fikrlash va irodani toblashda uning ahamiyati katta. Binobarin, oʻgʻil-qizlarning shaxmat bilan shugʻullanishlari ular aql-idroki, tafakkurini oʻstiradi. Bolalarning ruhan tetik boʻlib voyaga yetishida qoʻl keladi.

Aytish joizki, ayni damda Buxoro viloyatidagi 61 ta maktabda “shaxmat xonasi” tashkil etilgan. Mashgʻulotlarga 11 ming 800 nafar oʻgʻil-qiz qamrab olingan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?