Shakarjon Xoʻjaniyozova uy-muzeyi ochildi

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimiz Prezidenti joriy yilning 1-2-may kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chogʻida koʻp yillar davomida el-yurt uchun fidokorona xizmat qilgan davlat va jamoat arbobi Shakarjon Xoʻjaniyozova tavalludining 70 yilligini keng nishonlash hamda xotirasini abadiylashtirish boʻyicha topshiriq bergan edi. Kecha Xorazmda yurtimizning ardoqli farzandi xotirasiga bagʻishlangan qator tadbirlar boʻlib oʻtdi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Bogʻot tumanidagi “Tolli bobo” qabristonida Shakarjon Xoʻjaniyozovaning qabrini ziyorat etib, Qurʼon tilovat qildi. Shundan keyin chinakam oʻzbek ayoli timsoli boʻlgan, fidoyi va matonatli rahbar Shakarjon Xoʻjaniyozova yashab oʻtgan xonadonda uy-muzeyi ochildi. Muzeydan uning hayoti va faoliyatiga oid eksponatlar oʻrin olgan.
— Bogʻot tumani asosiy koʻchalaridan biriga va tuman sport maktabiga qarashli gimnastika markaziga Shakarjon Xoʻjaniyozova nomini berish boʻyicha qaror loyihasi tayyorlandi, — deydi Xorazm viloyati hokimining oʻrinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi Nigora Qutlimurotova. —Prezidentimizning topshirigʻiga asosan, viloyatdagi faol xotin-qizlar oʻrtasida Shakarjon Xoʻjaniyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovini oʻtkazish, gʻoliblarni davlat idoralari uchun rahbar kadrlar zaxirasiga tavsiya etish mexanizmi ishlab chiqildi va mazkur tanlovni yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha jarayonlar davom etmoqda.
Xotira tadbirlarining asosiy qismi Urganch shahridagi viloyat musiqali drama teatrida oʻtkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Zulayho Mahkamova, viloyat hokimi Joʻrabek Raximov qatnashib, Shakarjon Yusupovnaning Vatan va xalq oldidagi ulkan xizmatlari haqida toʻxtaldi. Tadbirda Shakarjon Xoʻjaniyozovaning serqirra faoliyati aks ettirilgan sahna koʻrinishlari, rasmlar koʻrgazmasi namoyish etildi. Faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar boʻyicha viloyat hokimining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring