Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida Turizm klasteri tashkil qilinadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizmni yanada rivojlantirish boʻyicha ustuvor masalalar yuzasidan videoselektor yigʻilishi va sohadagi tadbirkorlar bilan muloqot boshlandi.
Davlatimiz rahbari hozirgi murakkab geosiyosiy va iqtisodiy vaziyatda turizm kabi yangi ish oʻrni yaratadigan, investitsiya va eksportni koʻpaytiradigan sohalarni qoʻllab-quvvatlash zarurligini taʼkidladi.
Mamlakatimiz turizm sohasida ana shunday ishga solinmagan salohiyat borligi, kuni-kecha Islom hamkorlik tashkiloti Turizm kengashiga raislik qilish vakolati Oʻzbekistonga oʻtgani ham katta imkoniyat ekani koʻrsatib oʻtildi.
Shu munosabat bilan mutasaddilar va hokimlar sohadagi tadbirkorlarni oʻylantirayotgan muammolarni, fikr va takliflarini oʻrganishi, ular bilan bamaslahat ish tutishi muhimligi taʼkidlandi.
Oʻtgan yil Samarqandda oʻtgan Global turizm investitsiya forumida 2,3 milliard dollarlik kelishuvlarga erishilgan edi. Lekin ayrim loyihalar boʻyicha ishlar sust ketayotgani koʻrsatib oʻtildi.
Masalan, Namangan, Andijon, Toshkent, Xorazm, Fargʻona viloyatlari va poytaxtdagi loyihalarga haligacha yer tanlanmagan. Sirdaryo va Jizzaxda xorijiy hamkorlarga birorta loyiha taklif qilinmagan.
Shu bilan birga, ishlar toʻgʻri tashkil etilgan hududlarda natija bor. Masalan, xorijiy investorlar Shahrisabz tumani Gʻyelon va Sarchashma qishloqlari orasida 3 ming gektarlik togʻ-changʻi kompleksini tashkil qilish, Miraki qishlogʻida turizm zonasini barpo etish ishlari boshlandi.
Iqlimi, tabiati Shahrisabzga oʻxshash boʻlgan Ohangaron, Urgut, Yangiqoʻrgʻon, Pop, Chortoq, Baxmal tumanlari hokimlarida bu borada birorta tashabbus yoʻqligi tanqid qilindi.
Shahrisabz shahri – Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 2024-yildagi turizm poytaxti deb eʼlon qilingan. Shu bois hukumat oldiga Shahrisabzda turizmni rivojlantirish boʻyicha qator vazifalar qoʻyildi.
Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumanida Turizm klasteri tashkil qilinadi. Hisorak-Gʻyelon va Hisorak-Sarchashma yoʻli ikki tasmali qilib taʼmirlanadi.
Chiroqchi-Shoʻrquduq avtomobil yoʻlining 30 kilometri taʼmirlanib, Samarqanddan Shahrisabzga qatnov vaqti qisqaradi. Natijada Shahrisabzga koʻproq sayyohni jalb qilish imkoniyati yaratiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring