Shahrixonda eshak goʻshtidan shashlik tayyorlab sotilgani rostmi?

09:43 24 Iyul 2025 Jamiyat
271 0

Illyustrativ foto

Saminjon HUSANOV./”Xalq soʻzi”. Soʻnggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Shahrixon tumanidagi “Namangan shashlik” nomli mashhur oshxonada eshak goʻshti sotilayotgani haqidagi xabarlar keng muhokamalarga sabab boʻldi. Shu bois sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi Shahrixon tuman boʻlimi tomonidan mazkur oshxonada tekshiruv ishlari olib borildi. Unda maʼlum boʻlishicha, “Namangan shashlik” oshxonasida faoliyat qonuniy asosda tashkil etilgan boʻlib, goʻsht mahsulotlari Namangan shahridagi “Zarbdor” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga qarashli kushxonadan olib kelinadi. Soʻyish veterinariya vrachi nazoratida amalga oshirilgan, soʻyish akti tuzilgan va goʻsht laboratoriya tekshiruvidan oʻtkazilgan. Mahsulot haroratga chidamli maxsus muzlatgichlarda saqlanadi va sanitariya qoidalariga toʻliq amal qilinadi.

Ushbu maʼlumotlardan xulosa qilish mumkinki, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan shov-shuvli xabarlar aslida haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Shunday boʻlgani holda uni tarqatishdan, jamoatchilikning fikrini chalgʻitishdan, odamlar orasida shov-shuv koʻtarishdan maqsad nima?

— Bu kabi soxta xabarlar koʻpincha maʼlum tijorat subyektlariga nisbatan nohalol raqobat kurash usuli sifatida ishlatiladi, — deydi axborot texnologiyalari mutaxassisi Ravshanbek Ernazarov. — Baʼzan bunday feyk maʼlumotlar obroʻsizlantirish, mijozlar fikrini chalgʻitish yoki yolgʻon axborot orqali erkin raqobat muhitini buzish maqsadida tarqatiladi. Buni tashkiliy hujum yoki raqobatni noqonuniy usullar bilan yoʻqotishga urinish sifatida ham baholash mumkin.

Demak, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan har qanday shov-shuvli maʼlumotga toʻgʻridan-toʻgʻri ishonish emas, rasmiy manbalar orqali tekshirib koʻrish fuqarolik masʼuliyatining bir qismi boʻlishi lozim.

Tan olish kerak, soʻnggi yillarda eshak goʻshti savdosi bilan shugʻullanish holatlari ham qayd etilgan. Bu holatning asosiy sabablaridan biri moddiy manfaatga bogʻliq. Buni oddiy hisob-kitob asosida ifodalash mumkin. Yaʼni, qishloq joylarda bitta eshakning narxi oʻrtacha 1,5-3 million soʻmni tashkil etadi. Vazni 120-150 kilogramm atrofida boʻlib, undan taxminan 60-70 kg goʻsht chiqadi. Agar bu goʻshtdan shashlik tayyorlansa 1 kilosini 60-70 ming soʻmdan sotish mumkin boʻladi. Natijada bitta eshakdan taxminan 4,5-5 million soʻmgacha daromad qilish mumkin. Bitta qoʻyning narxi esa 3-3,5 million soʻmni tashkil etadi va undan 18-25 kg goʻsht chiqadi. Ushbu miqdordan tayyorlangan shashlikdan olinadigan umumiy daromad 1,5-2 million soʻmdan oshmaydi. Shu bois ayrim hududlarda moddiy manfaatni birinchi oʻringa qoʻygan fuqarolar bu kabi jirkanch ishlarga ham qoʻl urmoqda.

Oramizda oʻz manfaati uchun oʻzgalar manfaatini oyoq osti qiluvchilar topilar ekan, demak, ehtiyotkorlikka suyanish baribir muhim hisoblanadi. Shu bois eshak goʻshtining qoʻy yoki sigir goʻshti bilan farqlarini bilib olish foydadan xoli boʻlmaydi.

— Eshak goʻshtining tashqi koʻrinishida qoʻy yoki mol goʻshtiga oʻxshash jihatlar mavjud, — deydi mutaxassis Sobirjon Dolimov. — Pishirilganida qovoqsimon, baʼzan metallsimon taʼm beradi. Goʻsht isteʼmolida shubhali holatlar kuzatilishi bilan sanitariya sohasi mutaxassislariga xabar berish oʻrinli boʻladi.

Bu kabi holatlarga nisbatan qonunchilikda qatʼiy javobgarlik belgilab qoʻyilgan. Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida ham, Jinoyat kodeksida ham isteʼmol uchun yaroqsiz mahsulotni tayyorlash yoki sotish, inson salomatligiga tahdid soluvchi harakatlar uchun moliyaviy jarimalar va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Agar ushbu qilmish oqibatida odamlar sogʻligiga zarar yetkazilsa, bu holat Jinoyat kodeksining 186-moddasi asosida jinoiy ish qoʻzgʻatilishiga olib kelishi mumkin.

Masalaga diniy nuqtayi nazardan qaralganda ham eshak goʻshtini yeyish mutlaqo harom hisoblanadi. Yaʼni, Anas roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadis eshak goʻshti haromligiga ochiq-oydin dalildir. Xaybar fathi kuni qishloqdagi eshaklar qoʻlga kiritilib, ayrimlari soʻyib pishiriladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ogoh boʻlinglar! Albatta, Alloh va Uning Rasuli sizlarni ulardan qaytarurlar! Albatta, ular iflosdirlar, shaytonning amalidirlar!” deb nido qildilar. Bas, eshak goʻshti qaynab turgan qozonlar agʻdarib tashlanadi» (Imom Buxoriy rivoyati).

Ulamolar fikriga koʻra, eshak tozalik jihatidan shubhali ekani uchun uning goʻshti harom qilingan. Eshak goʻshti koʻp hollarda parazitlar va yuqumli kasalliklar manbai boʻlishi mumkin. Shu bois, uning goʻshtini sotish nafaqat dunyoviy jinoyat, balki islomiy jihatdan ham katta gunoh sanaladi. Shuning uchun jigʻildoniga erk bergan ayrim yurtdoshlarimizni moddiy manfaat deb salomatlik va iymonga zarar yetkazmaslikka chaqirish lozim.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, har birimiz oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda ehtiyotkorlik va ongli tanlov qilishga odatlanishimiz zarur. Sifati va manbai nomaʼlum boʻlgan, shubhali mahsulotlardan voz kechish orqali oʻz salomatligimizni himoya qilish barobarida, jamiyatdagi xatarlarning ham oldini olgan boʻlamiz.

Ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarga qaytadigan boʻlsak, faqatgina rasmiy va ishonchli manbalar tarqatgan maʼlumotlargagina asoslanish oʻrinlidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер