Shaharsozlikda jamoatchilik nazorati oʻrnatiladi

16:35 25 Iyun 2020 Siyosat
1236 0

Bugun Oʻzbekistonning tashqi qiyofasi qanday boʻlishi kerak, aholiga qanday qulayliklar yaratilishi lozim? Mamlakatda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik, qurilish va obodonlashtirish ishlarining samaradorligi bevosita mukammal shaharsozlik va uning huquqiy asoslari mustahkamligiga bogʻliq. Shu maʼnoda, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ikkinchi oʻqishga tayyorlanayotgan yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Shaharsozlik kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi yuqoridagi savollarga toʻla javob boʻla oladi.

Mazkur qonun loyihasi ayni paytda parlament quyi palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi aʼzolari, mutaxassis va ekspertlar ishtirokida takomiliga yetkazilmoqda. Bu jarayonda albatta siyosiy partiyalar fraksiyalari tomonidan bildirilayotgan taklif va tavsiyalarga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Taʼkidlash lozim, amaldagi Kodeks maʼnan eskirgan boʻlib, unda shaharsozlikni texnik tartibga solishning zamonaviy mexanizmlari, raqobat muhitini yaratish va umuman sohadagi zamonaviy tendensiyalar koʻzda tutilmagan edi. Qonun loyihasini maromiga yetkazish chogʻida ayni shu jihatlarga eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, loyiha “Shaharsozlik faoliyatining asosiy prinsiplari” degan yangi modda bilan toʻldirildi. Ushbu kiritilgan prinsiplar amaldagi kodekslarimiz va xorijiy davlatlar qonunchiligi prinsiplariga muvofiqlashtirildi. Idoraviy qurilish normalari haqida yangi kiritilgan moddada esa idoraviy qurilish normalari shaharsozlikka oid qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi hamda ular maxsus vakolatli organ bilan kelishilishi belgilanmoqda. Qurilishda loyiha hujjatlari muhim ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, loyiha hujjatlarini ekspertizadan oʻtkazish boʻyicha yangi bob kiritilib, unda qoʻshimcha normalar aks etmoqda.

Shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazorati muhim ahamiyatga ega. Kodeks loyihasidan oʻrin olayotgan yangi bobda aholi punktining bosh rejalari xalq muhokamasiga qoʻyilishi, aholining oʻzi yashaydigan shahar yoki qishlogʻining bosh rejasi tasdiqlanishida ishtirok etishi hududlarda ortiqcha sarf xarajatlar, noqonuniy qurilmalar, yerlarni noqonuniy oʻzlashtirishlarni oldini olish kabi normalarga eʼtibor qaratilmoqda. Bu oʻz navbatida har bir fuqaroga oʻzi yashaydigan aholi punktida kelajakda qanday inshootlar, infratuzilma obyektlari, ijtimoiy va boshqa xalq uchun xizmat qiladigan obyektlar qurilishiga oʻzining fikrini berishi, qolaversa shu obyektlarning qurilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish imkoniyatlarini taʼminlaydi. Bu esa oʻz navbatida muayyan hududdagi ijtimoiy va boshqa masalalarni yechishda jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlaydi, atrof-muhit muhofazasini amalga oshirishga, bosh rejalarni ishlab chiqilishi puxta hamda ortiqcha xarajatlarsiz amalga oshirilishiga shuningdek, noqonuniy yerlarni oʻzlashtirish va noqonuniy qurilmalar qurishni oldini olishga zamin yaratadi.

Qonun loyihasini takomillashtirish jarayonidagi muhokamalar chogʻida xalq tilida «snos» deya tilga olinadigan muammoga ham eʼtibor qaratildi. Jumladan, loyihaga yer uchastkalarini davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olish va zararni qoplashni taʼminlaydigan norma kiritilmoqda.

Qonun ijodkorligi jarayonida ilgʻor mamlakatlarning sohaga oid tajribalariga ham murojaat qilinmoqda. Xususan, qonun loyihasini tayyorlashda Kanada, AQSH, Finlyandiya, shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Ozarbayjon, Belorussiya kabi davlatlarning shaharsozlikka oid qonunchiligi oʻrganilib, tahlil qilinmoqda.

Kodeks loyihasiga kiritilayotgan qurilish sohasidagi nazorat turlari, xususan, soha inspeksiyasi, texnik nazorat, mualliflik nazorati va pudrat tashkilotining ichki nazorati kabi yoʻnalishlar qurilish sifatini taʼminlash bilan birga, koʻplab eʼtirozlarning oldini oladi.

Umuman olganda, yangi tahrirdagi Kodeksda hududlarni va aholi punktlarini rivojlantirishni shaharsozlik jihatdan rejalashtirish, yer uchastkalarini berish va ulardan foydalanish, binokorlik materiallari va buyumlarini ishlab chiqarish, binolar, inshootlar va boshqa obyektlarning, shuningdek hududlar va aholi punktlarining milliy, tarixiy-madaniy, ekologik, tabiiy xususiyatlari inobatga olingan holda loyihalashtirish masalalari huquqiy jihatdan tartibga solinmoqda.

Maqsad jamiyat va davlatning, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan tadbirkorlik subyektlarining manfaatlarini amaliyotda ifodalash va himoya qilish, aholi punktlarining arxitektura qiyofasini yaxshilash, aholining turmush darajasini yuksaltirishdan iboratdir.

Vahobjon MURODQOBILOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasi raisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?