Sertifikatlangan urugʻlik tayyorlash vazifasi bosqichma-bosqich paxta-toʻqimachilik klasterlari va xususiy urugʻchilik korxonalariga oʻtkaziladi

14:51 15 Yanvar 2024 Hujjatlar
390 0

“Paxtachilikda urugʻchilik tizimini rivojlantirish hamda paxta hosildorligini oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori (PQ-391-son, 15.12.2023 y.) qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2024-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida yuqori hosildor xorijiy gʻoʻza navlari va duragaylarini olib kirish hamda paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tasarrufidagi paxta ekiladigan maydonlarning 10 foizigacha joylashtirishga ruxsat beriladi.

Hududlarda har 2-yilda ekilayotgan navni toʻla almashtirish, har yili tegishli nav urugʻini boshqa hududlardan olib kelish orqali urugʻ almashtirish va yillik qoʻshimcha urugʻ zaxirasini yaratish bilan kelgusida bosqichma-bosqich “tindirilgan urugʻ” ekish amaliyoti joriy qilinadi.

Shuningdek, 2024-yildan:

— paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan keltirilgan gʻoʻza urugʻlarining genetik tozaligini molekulyar-genetik tahlil qilish boʻyicha mahalliy vakolatli laboratoriyalar xulosasi olinadi hamda barcha import qilinadigan gʻoʻza urugʻlarining ekinboplik sifat koʻrsatkichlari baholanadi;

— paxta-toʻqimachilik klasterlari va fermer xoʻjaliklari tomonidan xorijdan olib kelingan gʻoʻza navlari va duragaylari 2-yillik yetishtirish natijalariga koʻra koʻrsatilgan talablarga mos kelgan hollarda Oʻzbekiston hududida ekish uchun tavsiya qilingan qishloq xoʻjaligi ekinlarining davlat reyestriga kiritiladi.

Gʻoʻza urugʻchiligida erkin raqobat muhitini shakllantirish va bozor munosabatlarini rivojlantirish boʻyicha:

— paxta xomashyosi yetishtiruvchilarni sifatli urugʻlik bilan taʼminlash maqsadida sertifikatlangan urugʻlik tayyorlash vazifasi bosqichma-bosqich paxta-toʻqimachilik klasterlari va xususiy urugʻchilik korxonalariga oʻtkaziladi;

— 2024-yil hosili uchun urugʻlik chigitni Paxtachilik kengashining xulosasiga asosan qoʻshimcha tarzda xususiy urugʻchilik korxonalari tomonidan yetkazib berish amaliyoti joriy etiladi;

— xalqaro standartlarga muvofiq akkreditatsiyadan oʻtish sharti bilan xususiy sertifikatsiya idoralarini tashkil etishga ruxsat etiladi.

2024-yil paxta hosilidan har bir hududda kamida 500 gektar maydonda yuqori agrotexnologiyalarga asoslangan tajriba maydonlarini tashkil qilib, paxta yetishtiruvchilar uchun amaliy dala seminarlari oʻtkazib boriladi.

2024-yil paxta yetishtirish mavsumi oxirigacha Qishloq xoʻjaligi vazirligining “Raqamli qishloq xoʻjaligi” yagona integratsion platformasi tarkibida «ye-urugʻ” platformasi ishga tushiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер