Sertashvish kunlar sinovi

16:45 12 Yanvar 2023 Jamiyat
870 0

Foto: Xalq so‘zi

Navoiy viloyati Xatirchi tumani Amir Temur mahallasidagi 807-sonli transformatorni sozlash ishlari tungi 21:30 lar atrofida yakuniga yetdi. Toʻrt yuzdan ortiq xonadonga yorugʻlik, qishloq ahli koʻngliga iliqlik kirdi. Buni elektr chilangarlarga termosda choy va yeguliklar olib chiqqan yetmish besh yoshli Shakarboy ogʻa Qarshiyevning soʻzlaridan ham anglash qiyin emas.

— Baraka topishsin, termometr – 16 darajani koʻrsatib turibdi, bir tomoni qorongʻu, lekin bular taʼminot tiklanmaguncha ishni toʻxtatishmadi, — deydi u. — Menga qoʻysa, haqiqiy jasorat degan boʻlardim. Ochigʻi, bunday kunlarda odamlarga birdamlik kerak. Toʻrt kunlik tashvish hammamizni sinovdan oʻtkazyapti.

Bu kabi misollarni “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati filialining ayni kecha-kunduzdagi faoliyatidan koʻplab keltirish mumkin. Filial tizimlarida 254 nafar yuqori malakali mutaxassislardan iborat 65 ta avariyaviy holatlarni bartaraf etish brigadasi tashkil etilib, ularga 56 ta avtomashina biriktirilgan. Ayni anomal sovuqlik tufayli yuzaga kelgan elektr uzatish tarmoqlaridagi uzilishlar tunu kun birday bartaraf etilmoqda. Xususan, Karmana elektr taʼminoti korxonasi xodimlari tomonidan tumanning Yangiariq mahallasidagi 311-sonli transformatorga qoʻshimcha 2 dona 160 kVli transformator punkti, Navoiy shahar podstansiya xizmati xodimlari tomonidan 110/10 kVli «BSI» nimstansiyasida 10 kVli L-104 havo elektr uzatish tarmogʻidagi nosozlik bartaraf etildi. Bunday misollarni oʻnlab keltirish mumkin.

— Anomal ob-havo tufayli viloyatimizda aholining sutkalik elektr energiyasi isteʼmoli 21 foizga oshdi, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy viloyati filiali bosh muhandisi Oybek Rayimov. — Yaʼni shu kunga qadar bir sutkada aholi tomonidan 2,5 million kilovatt soat elektr energiyasi isteʼmol qilingan boʻlsa, 12-yanvar holatiga bu koʻrsatkich(grafik asosidagi cheklovlar boʻlishiga qaramasdan) 3,1 million kilovatt soatni tashkil etmoqda. Bunday sharoitda tarmoqlarda uzilishlar boʻlishi tabiiy. Muhimi, filialimiz tuzilmalaridagi omborlarda 51 ta har xil turdagi transformator, 41,6 tonna transformator yogʻi, 300 dona temir-beton tayanchlar, 3,47 km. sim va 12,2 km. kabel hamda 327 dona uning muftalari zaxiralari mavjud va har qanday nosozliklarni bartaraf etishga tayyormiz.

Taʼkidlash joiz, elektr energiyasi taʼminoti aholi kayfiyatini belgilovchi omil boʻlish bilan birga hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini taʼminlovchi manba hisoblanadi. Shu bois taʼminotdagi har bir uzilishning oldini olish nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy ahamiyatga ham egadir.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?