Senatning Xalqaro munosabatlar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasida 2026-yil uchun Davlat byudjetiga doir qonun muhokama qilindi

21:37 09 Dekabr 2025 Siyosat
252 0

Senatning Xalqaro munosabatlar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qoʻmitasi majlisida “2026-yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonun dastlabki tarzda koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, kelgusi yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trln soʻm, xarajatlar 567,6 trln soʻm etib belgilanmoqda. Taqchillik esa YIMga nisbatan 3 foizdan oshmasligi nazarda tutilmoqda.

2026-yilda Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trln soʻmni, daromadlari esa 368,9 trln soʻmni tashkil etishi rejalashtirilmoqda. Davlat maqsadli jamgʻarmalari daromadlari esa 78,6 trln soʻm, xarajatlari 74,4 trln soʻm (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida belgilanmoqda.

Xususan, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish va turistlar oqimini kengaytirish uchun qulay shart sharoitlar yaratish maqsadida Turizmni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga 100 mlrd soʻm transfertlar ajratilishi qayd etildi.

Muhokama jarayonida byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablagʻlaridan maqsadli foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.

Senatorlar oʻz chiqishlarida mahalliy Kengashlar vakolatlari kengayib, tumanlar hamda shaharlarning ommaviy dam olishga va (yoki) turizmga ixtisoslashtirilgan ayrim hududlarida mol-mulkni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara toʻlovining eng kam stavkalariga Toshkent shahri uchun belgilangan miqdorlargacha oʻsib boruvchi koeffitsiyentlarni joriy etish kabi qator vakolatlar berilayotganiga ham toʻxtalib oʻtdi.

Qoʻmita aʼzolari mazkur qonun mamlakatimizda investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish, tashqi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish va turizm sohasida qulay muhit yaratishga xizmat qilishini qayd etdi.

Muhokama yakunida tegishli qaror qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?