Saudiyaning millionlaridan bahramand boʻlayotgan Bahrayn
2022-yilning 30-dekabr kuni jahon futbolida misli koʻrilmagan voqea yuz berdi. 5 karra “Oltin toʻp” sohibi Krishtianu Ronaldu kutilmaganda Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi bilan shartnoma imzoladi.
Bundan ilhomlangan qator jahon futboli yulduzlari ham Saudiyaga kela boshlashdi: Bono, Mane, Kante, Benzema, Neymar va hokazo. Futbol yulduzlarining Saudiya Arabistoniga ommaviy koʻchib kelishi ortidan, Fors koʻrfazidagi kichik Bahrayn mamlakati ham sezilarli foyda koʻra boshladi.
Maʼlumotlarga koʻra, Saudiya klublari bilan shartnoma imzolagan koʻplab futbolchilar oila aʼzolarini aynan Bahraynga joylashtirgan. Xoʻsh, bunga nima sabab boʻldi?
1. “Bahraynda din bilan bogʻliq cheklovlar mavjud emas. U yerda alkogolli ichimliklar sotib olish, tungi klublarda dam olish, zamonaviy kiyinib yurish, qisqa qilib aytganda, bemalol Yevropadagidek yashash mumkin. Saudiyada esa bu narsalarga yoki toʻliq, yoki maʼlum darajada taqiq bor”.
2. “Saudiya Arabistoni qonunchiligiga koʻra, rasmiy nikohdan oʻtmagan shaxslarning bir uyda yashashi taʼqiqlanadi. Maʼlumot uchun, faqat Krishtianu Ronaldu uchun bu cheklov boʻyicha istisno berilgan. Bahraynda esa bu bilan bogʻliq muammo yoʻq. Yevropa madaniyatida juftliklarning benikoh yashashi odat tusiga kirgani hammamizga maʼlum. Aynan shu jihatlar futbolchilarning Saudiya Arabistoniga koʻchib kelmasligiga sabab boʻlgan va boʻlmoqda”.
Saudiya Arabistoniga kelgan har bir xorijlik mamlakat qonun-qoidalariga moslashishi talab etiladi. Ammo Yevropa va Lotin Amerikasidan kelgan futbolchilar uchun bu har doim ham oson kechmaydi. “Al-Nasr”da oʻynagan braziliyalik Rafael Bastos bu haqda shunday hikoya qiladi:
“Xorijliklar, ayniqsa, braziliyaliklar uchun arab dunyosi anʼanalariga moslashish nihoyatda qiyin. Eng qiyini — Ramazon oyini oʻtkazish. Shaharlarda hamma narsa: doʻkonlar, restoranlar va barcha ovqat tayyorlovchi joylar yopiladi. Bunday vaqtda men uyda oʻtirib, internetda yangiliklarni oʻqiy olaman xolos. Kuniga bir marta mashgʻulot oʻtkazardim, lekin u soat 23:00 da boshlanardi. Keyin esa tungi soat 2 da kechki taomni tanovul qilardik. Baʼzan soat oʻn ikki yarim boʻladi va men hali ham mashgʻulot oʻtkazayotgan boʻlaman. Arab futbolchilari koʻpincha biz bilan hazillashib, oʻz anʼanalarini qabul qilishni taklif qilishadi. Ammo bu ilojsiz — faqat mahalliy aholi bunday hayotga moslasha oladi. Men hatto madaniy tafovutlar haqida kitob yozsam ham boʻladi”, deydi u.
Shuningdek, Krishtianu Ronalduning qiz doʻsti Jorjina Rodriges va Jordan Hendersonning rafiqasi Rebekka ham Saudiyada oʻzini noqulay his qilganini ochiq aytgan.
Endi yana bir savol tugʻiladi, nega aynan Bahrayn? Axir Fors koʻrfazida islomiy anʼanalarga qatʼiy boʻysunmaydigan shaharlar, xususan, Dubay ham bor-ku? Bunga ham aniq sabablarni keltirib oʻtish mumkin.
Avvalo, Bahrayn Saudiya Arabistoniga juda yaqin joylashgan. Masalan, poytaxt Manama shahridan Dammangacha — 70 kilometr, Saudiya poytaxti Ar-Riyodgacha esa 460 kilometr masofa bor. Bu ikki mamlakat oʻrtasida doimiy aviareyslar borligini hisobga olsak, futbolchilar Bahraynga 2 soat ichida borib-kelish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, shahri Fors koʻrfazidagi Dubay yoki Doxa kabi shaharlardan farqli ravishda ancha tinch. U yerda ish kunlari davomida sokinlik hukm suradi, ayniqsa, davomiy tirbandliklar deyarli uchramaydi.
Qirq yil davomida Bahrayn anʼanaviy tarzda “ekspatlar uchun eng yaxshi mamlakatlar” reytingida yetakchi oʻrinlarni egallab kelmoqda. Bu yerda ofislari Manamada joylashgan koʻplab xalqaro kompaniyalar xodimlari ham faoliyat olib boradi. Shuningdek, koʻrfaz mintaqasida ishlab, faqat yashash yoki hordiq chiqarish uchun Bahraynga keladigan fuqarolar soni ham sezilarli darajada koʻp.
Muhammadamin Zuhriddinov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Nodirbek Abdusattorov Pragadagi shaxmat festivalida chempionlikni qoʻlga kiritdi
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Prix Versailles talqiniga koʻra 2026-yilning dunyodagi eng goʻzal muzeylari roʻyxatiga kiritildi
- Matchanov Umirzak Seitjanovichning iqtisodiyot fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi eʼloni
- Endilikda yoʻlovchi bojxona deklaratsiyasini mobil ilova orqali elektron shaklda topshirish mumkin
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- Eronning hujum salohiyati 50 foizga qisqardi – AQSH senatori
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring