Saudiya Arabistoni Oʻzbekistonga 25 tonna xurmo hadya qildi

20:04 13 Iyun 2024 Jamiyat
390 0

Saudiya Arabistonining Podshoh Salmon nomidagi insonparvarlik yordami markazi Oʻzbekistonga begʻaraz koʻmak sifatida 25 tonna xurmo tuhfa qildi.

Muborak Qurbon hayiti arafasida yoʻllangan hadyani Saudiya Arabistonining yurtimizdagi elchisi Yusuf al-Utaybiy Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisining oʻrinbosari Zayniddin domla Eshonqulovga topshirdi.

Marosimda Diniy idora raisining iqtisod ishlari boʻyicha maslahatchisi Alisher Eshimov, «Vaqf» xayriya jamoat fondi rahbari Isoxon Abdullayev, Podshoh Salmon nomidagi insonparvarlik yordami markazi vakillari Adnan Xatim Asiriy va Alaqil Abdulhakim Saʼad ham qatnashdi.

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi «Vaqf» xayriya jamoat fondi xabariga koʻra, hadya qilingan xurmo jamgʻarmaning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiallari tomonidan ijtimoiy koʻmakka muhtoj, boquvchisini yoʻqotgan, yetim, nogironligi bor kishilar hamda «Muruvvat» uylari va shifoxonalardagi haqdor yurtdoshlarimizga tarqatiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?